بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الْكَرِيمِ الَّذِى حَثَّ عِبَادَهُ عَلَى التَّحَلِّي بِالآدَابِ، وَوَعَدَهُم عَلَى ذَلِكَ جَزِيلَ الثَّوَابِ وَحُسْنَ الْمَآبِ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي هُوَ سَيِّدُ أُولِي الْأَلبَابِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّاهِرِينَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَان.
IJTIMOIY TARMOQLARDAN FOYDALANISH ODOBI
Muhtaram jamoat! Insoniylik jamiyati hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi, doimiy ravishda rivojlanish va o‘zgarishda bo‘ladi. Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, ya’ni internet bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Bu tarmoq qisqa yillarda televideniye, radio, gazeta va jurnallarni orqada qoldirdi. Dunyo bo‘yicha son-sanoqsiz odamlar internet xizmatlaridan foydalanadilar, axborot almashadilar, turli masalalarni hal qiladilar.
Internet paydo bo‘lgandan beri ba’zilar uni ijobiy baholashsa, ba’zilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televizor, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsak yaxshi, yomonlikka ishlatsak yomon narsaga aylanadi. Bu yerdagi eng muhim omil – inson omilidir. Chunki inson bir paytning o‘zida yaxshi ma’lumot ham, yomon ma’lumot ham tarqatishi mumkin. Uning muqobilida boshqa bir inson yaxshi yoki yomon ma’lumotni qabul qilib olishi mumkin. Demak, bizning eng muhim vazifamiz, internetdan yomon maqsadda foydalanayotgan insonlarga, ayniqsa yosh avlodga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir. Boshqa tomondan esa ijtimoiy tarmoqlarda milliy-diniy qadriyatlarimizga zid narsalarni targ‘ib qilayotgan shaxslar ta’siriga tushmaslik yo‘llarini o‘rgatishdir. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ
ya’ni: “Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Quyida dinimiz ta’limotlariga uyg‘un holda internetdan foydalanish odoblarini sanab o‘tamiz:
Yaxshi niyat – dinimizdagi eng go‘zal asoslardan biridir. Hatto, bir qaraganda dunyo ishi bo‘lib ko‘ringan ishlar ham yaxshi niyat bilan ibodatga aylanadi. Xuddi shunday internetdan foydalanishda ham dinimiz qoidalariga muvofiq ish qilishni niyat qilgan kishi, ishi bitishi bilan birga savobga ham ega bo‘ladi. Payg‘ambarimiz mashhur hadisda shunday deydilar:
إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ
ya’ni: “Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisi sharifda umrning qadri haqida shunday marhamat qilinadi:
لَا تَزُولُ قَدَمَا ابْنِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عِنْدِ رَبِّهِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ خَمْسٍ: عَنْ عُمْرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَمَاذَا عَمِلَ فِيمَا عَلِمَ (رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Qiyomat kuni besh narsa haqida so‘ralmagunicha Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljimaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida qanday ishlar qilgani, boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani va bilgan narsalariga qay darajada amal qilgani (so‘raladi)” (Imom Termiziy rivoyati).
Internet xilvat joy bo‘lganidan, odamlar orasida qilmaydigan ishlarimizni, yolg‘iz qolganda ham o‘zimizga ravo ko‘rmasligimiz kerak. Alloh taolo bizni doim kuzatib turganini his qilishimiz katta darajadir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
يَعْلَمُ خَائِنَةَ الْأَعْيُنِ وَمَا تُخْفِي الصُّدُورُ
ya’ni: “(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashini) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur”(G‘ofir surasi, 19-oyat).
Insonning do‘stu yorlari unga katta ta’sir o‘tkazadi. Internetda bolalarimiz kim bilan muloqot qilmoqda, kimlar bilan do‘stlashmoqda – bu nihoyatda muhim. Chunki hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi:
اِنَّمَا مَثَلُ الجَلِيسِ الصَّالِحِ وَالجَلِيسِ السَّوْءِ كَحَامِلِ الْمِسْكِ وَنَافِخِ الْكِيرِ فَحَامِلُ الْمِسْكِ اِمَّا اَنْ يُحْذِيَكَ وَاِمَّا اَنْ تَبْتَاعَ مِنْهُ وَاِمَّا اَنْ تَجِدَ مِنْهُ رِيحًا طَيِّبَةً وَنَافِخُ الْكِيرِ اِمَّا اَنْ يُحْرِقَ ثِيَابَكَ وَاِمَّا اَنْ تَجِدَ رِيحًا خَبِيثَةً "
ya’ni: “Yaxshi hamroh va yomon hamrohning misoli atir sotuvchi va temirga dam uruvchi kabidir. Atir sotuvchi yo senga xushbo‘ylik surtib qo‘yadi yo undan xushbo‘ylik sotib olasan yo undan kelayotgan xushbo‘y hiddan bahra olasan. Temirga dam uruvchi esa yo kiyimingni bir chetini kuydirib qo‘yishi mumkin yo undan kelayotgan qo‘lansa hid dimog‘ingni achitadi” (Imom Muslim rivoyati)
Hurmatli azizlar! Yuqorida inson bir o‘zi internetdan foydalanishi haqida gapirdik. Bundan ham muhimroq yana bir faoliyat bor, ya’ni ikki va undan ortiq kishilar orasidagi virtual aloqalar. Bunga chat, forum, feysbuk, telegram, instagram va tvitterlarni misol qilish mumkin. Bugungi kunda mana shu sohada o‘zimizni to‘g‘irlash, xato-kamchiliklarimizni isloh qilishga juda-juda muhtoj bo‘lib turibmiz. Chunki aksariyat jamiyat, din, oila va shaxsiyatga tahdidlar mana shu yo‘ldan kelmoqda. Quyida bu yo‘nalishda ham eng muhim odoblarga to‘xtalamiz:
Boshqacha aytganda ijtimoiy tarmoqlar g‘iybatchilar “javlon” uradigan maydon bo‘lib qolmasligi kerak. Bu sohada ham namunali bir inson sifatida faoliyat yuritish lozim bo‘ladiki, erta qiyomatda pushaymon bo‘lib qolmaylik.
Taqvo, yaxshilik va husni xulq haqida hadisi sharifda shunday deyiladi:
اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُما كُنْتَ، وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَة تَمْحُهَا، وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ "
ya’ni: “Qayerda bo‘lsang ham Allohdan qo‘rqqin, yomonlikka yaxshilikni ergashtirki, yomonlikni yuvib ketadi, odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qil” (Imom Termiziy rivoyati)
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar bir-birini haqorat qilishi, tuhmat, hattoki bo‘hton qilishi, obro‘yiga putur yetkazishi, g‘iybat qilishi, o‘zining ona yurti va jamiyatda fitna urug‘larini sochishi kuzatilib turibdi. Eng yomoni bunday kishilarda xolislik topilmayapti. Ular ba’zi paytlarda “tirnoq ichidan kir qidirish”ga tushmoqdalar. Lekin ko‘z o‘nglarida turgan yaxshi ishlar, islohotlar va o‘zgarishlarni ko‘rishmayapti. Gohida o‘zlari nima istashayotganini ham anglamay qolishmoqda.
Mana shu masalaga beparvo bo‘lish, ko‘p muammolarga sabab bo‘lmoqda. Erkakka kelgan xatlar xotinning qo‘liga tushib, oilaga putur yetmoqda, yoki er xotinning begona erkaklar bilan yozishmalarini topib olib, taloq qo‘ymoqda. Hali oila qurmagan yoshlar orasida ham ijtimoiy tarmoqlarda turli noshar’iy aloqalar, hayosizlik, zinoning virtual ko‘rinishlari kuzatilmoqdaki, bu biz uchun ogohlantiruvchi “qo‘ng‘iroq” bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, shariat qoidalariga amal qilib, beg‘araz maqsadlar bilan, zarurat miqdoricha biror ma’lumot olish, so‘rab o‘rganish mumkin. Lekin o‘zaro “elektron muhabbat” aloqalarini o‘rnatish harom hisoblanadi.
Bu ishni turli maqsadlarda qilinishi mumkin. Kimdir maqsadiga yetish uchun, kimdir shov-shuv ko‘tarish, kimdir odamlarning ustidan kulish uchun qiladi. Ba’zilar diniy ma’nodagi yolg‘on xabar tarqatadilar (yaqinda Quyoshdan “ertaga javob berasiz”, degan ovoz kelmoqda deb ma’lumot tarqatishdi) va bu bilan dinga yordam bermoqchi bo‘ladilar. Aslida dinimiz unday “yordamlar”ga muhtoj emas va yolg‘on xabarlar tarqatish dinimizda qattiq qoralanadi.
Hurmatli jamoat! Bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan foydalanib, dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni qilishdir. Har bir musulmon hayotda qanday umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim bo‘lsa, internetdan foydalanishda yoki o‘zaro aloqada ham shu asoslarga rioya qilishi shart. Aks holda, turli noqulayliklar va gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish har birimizning burchimizdir.
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin! Omin.
ILOVA: Folbinlik va uning zararlari haqida
Hurmatli jamoat! Bugungi kunimizda jamiyatdagi tinchlik-farovonlik va oilalarning totuvligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri folbinlikdir. Folbin – g‘aybni bilishni da’vo qiluvchi, asosan sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi kimsa. Dinimizda g‘ayb ilmi, ya’ni, kelajakda nima ishlar bo‘lishini Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmasligi Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qat’iy ta’kidlanadi. Qur’oni karimning Jin surasi 26-27-oyatlarida shunday deyiladi: “(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas. Faqat O‘zi rozi bo‘lgan (tanlagan) payg‘ambarnigina (ikki dunyoning ba’zi sirlaridan ogoh etar)”.
Demak, folbinlarning g‘aybni bilish da’vosi yolg‘on bo‘lib, ular biror qayg‘u yoki tashvish sababli ruhiy tushkunlikka tushgan, mol-dunyo, hasadga juda ruju qo‘yganlarni laqillatish bilan shug‘ullanadi. Folbinlar jamiyat ichiga turli shubha va gumonlarni sochadilar. Bir odamning ishi yurishmasligiga qo‘shnilardan biri sababchi deb ko‘rsatiladi va natijada barcha qo‘shnilar gumondor bo‘lib qoladi.
Ularning sehr-jodu, issiq-sovuq bilan shug‘ullanishiga kelsak, dinimizda sehr bilan shug‘ullanishning hukmi kufr hisoblanadi va buning dalili oyati karimada mavjud. Alloh taolo Baqara surasining 102-oyatida: “Sulaymon kofir bo‘lmadi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir bo‘ldilar”, deb ogohlantirgan.
Shu o‘rinda bir mulohaza paydo bo‘ladi. Folbinlar, sehr-jodu qiluvchilarning “tegirmoniga suv quyayotgan”, ularning “oshig‘ini olchi” qilayotganlar kim o‘zi? Qat’iy aytishimiz mumkin, ular hech ham begonalar emas, kimningdir onasi, yo opasi, yo xotini, yo qo‘shnisi, xullas yor-birodari. Ana kimlarga tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak! Yaqinlarimizga folbinlar baxt saodat, boylik yoki muhabbat ato eta olmasligi, aksincha ularning o‘zi shu narsalarga muhtoj ekanini qayta-qayta eslatishimiz kerak. Aksariyat folbinlar oiladan tinchimagan, iqtisoddan qiynalgan va ruhiy nosog‘lom bo‘lishadi, endi ularning oldiga o‘zida yo‘q narsani so‘rab borish aqlga to‘g‘ri keladimi?!
Xalqimizda: “O‘tgan ishga salovat”, degan gap bor. Hozirgacha folbinga qatnagan bo‘lsak, endi to‘xtaylik, bilib-bilmay, nasf vasvasasi bilan folbinlik qilib kun ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz ham tavba-tazarru yo‘liga o‘tishib, halol kasb qilsinlar, jamiyatga foydali bir inson bo‘lib, elu-xalqni duosini olishsin, shoyad o‘tgan gunohlarga kafforat bo‘lsa!
Alloh taolo barchamizga insof-tavfiq, rushdu-hidoyat bersin!
ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2019 yil 3 fevral kuni Farg‘ona shahrida “Mehr-muruvvat karvoni” hamda “Siz bizga keraksiz” xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 90 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, 10 nafar nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari, 600 nafar gapirishida va eshitishida nuqsoni bor imkoniyati cheklangan shaxslarga xayriyalar qilindi. Mazkur tadbirlarda jami 121 579 450 (bir yuz yigirma bir million besh yuz yetmish to‘qqiz ming to‘rt yuz ellik) so‘mlik tovar va moddiy boyliklar xayriya sifatida taqdim qilindi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
مَنْ ذَا الَّذِي يُقْرِضُ اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَاعِفَهُ لَهُ أَضْعَافًا كَثِيرَةً وَاللَّهُ يَقْبِضُ وَيَبْسُطُ وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ
ya’ni: “Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko‘p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar” (Baqara surasi, 245-oyat ).
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJLARGA G‘AMXO‘RLIK” haqida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati