frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

15.02.2019 y. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi

10.02.2019   6484   14 min.
15.02.2019 y. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi

بسم الله الرحمن الرحيم

 اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الْكَرِيمِ الَّذِى حَثَّ عِبَادَهُ عَلَى التَّحَلِّي بِالآدَابِ، وَوَعَدَهُم عَلَى ذَلِكَ جَزِيلَ الثَّوَابِ وَحُسْنَ الْمَآبِ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي هُوَ سَيِّدُ أُولِي الْأَلبَابِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّاهِرِينَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَان.

IJTIMOIY TARMOQLARDAN FOYDALANISH ODOBI

Muhtaram jamoat! Insoniylik jamiyati hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi, doimiy ravishda rivojlanish va o‘zgarishda bo‘ladi. Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, ya’ni internet bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Bu tarmoq qisqa yillarda televideniye, radio, gazeta va jurnallarni orqada qoldirdi. Dunyo bo‘yicha son-sanoqsiz odamlar internet xizmatlaridan foydalanadilar, axborot almashadilar, turli masalalarni hal qiladilar.

Internet paydo bo‘lgandan beri ba’zilar uni ijobiy baholashsa, ba’zilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televizor, radio kabi bir vosita. Uni yaxshilikka ishlatsak yaxshi, yomonlikka ishlatsak yomon narsaga aylanadi. Bu yerdagi eng muhim omil – inson omilidir. Chunki inson bir paytning o‘zida yaxshi ma’lumot ham, yomon ma’lumot ham tarqatishi mumkin. Uning muqobilida boshqa bir inson yaxshi yoki yomon ma’lumotni qabul qilib olishi mumkin. Demak, bizning eng muhim vazifamiz, internetdan yomon maqsadda foydalanayotgan insonlarga, ayniqsa yosh avlodga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir. Boshqa tomondan esa ijtimoiy tarmoqlarda milliy-diniy qadriyatlarimizga zid narsalarni targ‘ib qilayotgan shaxslar ta’siriga tushmaslik yo‘llarini o‘rgatishdir. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ

ya’ni:Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur(Zoriyot surasi, 55-oyat).

         Quyida dinimiz ta’limotlariga uyg‘un holda internetdan foydalanish odoblarini sanab o‘tamiz:

  • Niyatni yaxshi qilish;

Yaxshi niyat – dinimizdagi eng go‘zal asoslardan biridir. Hatto, bir qaraganda dunyo ishi bo‘lib ko‘ringan ishlar ham yaxshi niyat bilan ibodatga aylanadi. Xuddi shunday internetdan foydalanishda ham dinimiz qoidalariga muvofiq ish qilishni niyat qilgan kishi, ishi bitishi bilan birga savobga ham ega bo‘ladi. Payg‘ambarimiz mashhur hadisda shunday deydilar:

إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ

ya’ni: “Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir...” (Imom Buxoriy rivoyati).

  • Internetga kirishdan avval umrning qadrini yodga olish;

Hadisi sharifda umrning qadri haqida shunday marhamat qilinadi:

لَا تَزُولُ قَدَمَا ابْنِ آدَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عِنْدِ رَبِّهِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ خَمْسٍ: عَنْ عُمْرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَمَاذَا عَمِلَ فِيمَا عَلِمَ (رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Qiyomat kuni besh narsa haqida so‘ralmagunicha Odam bolasining qadami Parvardigori huzuridan siljimaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida qanday ishlar qilgani, boylikni qayerdan topib, qayerga sarflagani va bilgan narsalariga qay darajada amal qilgani (so‘raladi) (Imom Termiziy rivoyati).

  • Internetdan olinadigan va tarqatiladigan barcha ma’lumotlar shariatimiz ruxsat bergan narsalar bo‘lishi kerak;

Internet xilvat joy bo‘lganidan, odamlar orasida qilmaydigan ishlarimizni, yolg‘iz qolganda ham o‘zimizga ravo ko‘rmasligimiz kerak. Alloh taolo bizni doim kuzatib turganini his qilishimiz katta darajadir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

يَعْلَمُ خَائِنَةَ الْأَعْيُنِ وَمَا تُخْفِي الصُّدُورُ

ya’ni: “(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashini) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur(G‘ofir surasi, 19-oyat).

  • Bolalar internetdan foydalanganda ularni hech ham qarovsiz qoldirmasligimiz kerak;

         Insonning do‘stu yorlari unga katta ta’sir o‘tkazadi. Internetda bolalarimiz kim bilan muloqot qilmoqda, kimlar bilan do‘stlashmoqda – bu nihoyatda muhim. Chunki hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi:

اِنَّمَا مَثَلُ الجَلِيسِ الصَّالِحِ وَالجَلِيسِ السَّوْءِ كَحَامِلِ الْمِسْكِ وَنَافِخِ الْكِيرِ فَحَامِلُ الْمِسْكِ اِمَّا اَنْ يُحْذِيَكَ وَاِمَّا اَنْ تَبْتَاعَ مِنْهُ وَاِمَّا اَنْ تَجِدَ مِنْهُ رِيحًا طَيِّبَةً وَنَافِخُ الْكِيرِ اِمَّا اَنْ يُحْرِقَ ثِيَابَكَ وَاِمَّا اَنْ تَجِدَ رِيحًا خَبِيثَةً ‏"‏

ya’ni: “Yaxshi hamroh va yomon hamrohning misoli atir sotuvchi va temirga dam uruvchi kabidir. Atir sotuvchi yo senga xushbo‘ylik surtib qo‘yadi yo undan xushbo‘ylik sotib olasan yo undan kelayotgan xushbo‘y hiddan bahra olasan. Temirga dam uruvchi esa yo kiyimingni bir chetini kuydirib qo‘yishi mumkin yo undan kelayotgan qo‘lansa hid dimog‘ingni achitadi” (Imom Muslim rivoyati)

         Hurmatli azizlar! Yuqorida inson bir o‘zi internetdan foydalanishi haqida gapirdik. Bundan ham muhimroq yana bir faoliyat bor, ya’ni ikki va undan ortiq kishilar orasidagi virtual aloqalar. Bunga chat, forum, feysbuk, telegram, instagram va tvitterlarni misol qilish mumkin. Bugungi kunda mana shu sohada o‘zimizni to‘g‘irlash, xato-kamchiliklarimizni isloh qilishga juda-juda muhtoj bo‘lib turibmiz. Chunki aksariyat jamiyat, din, oila va shaxsiyatga tahdidlar mana shu yo‘ldan kelmoqda. Quyida bu yo‘nalishda ham eng muhim odoblarga to‘xtalamiz:

  • Internetdagi o‘zaro aloqalarda ham dinimizdagi umumiy qoidalarga rioya qilish, man qilingan ishlardan qaytish asos bo‘lishi kerak;

 Boshqacha aytganda ijtimoiy tarmoqlar g‘iybatchilar “javlon” uradigan maydon bo‘lib qolmasligi kerak. Bu sohada ham namunali bir inson sifatida faoliyat yuritish lozim bo‘ladiki, erta qiyomatda pushaymon bo‘lib qolmaylik.

  • Internetdagi o‘zaro aloqalarda musulmon kishi o‘ziga taqvo, yaxshi gumon, bag‘rikenglik va chiroyli xulqni lozim tutishi kerak;

          Taqvo, yaxshilik va husni xulq haqida hadisi sharifda shunday deyiladi:

اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُما كُنْتَ، وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَة تَمْحُهَا، وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ "

ya’ni:Qayerda bo‘lsang ham Allohdan qo‘rqqin, yomonlikka yaxshilikni ergashtirki, yomonlikni yuvib ketadi, odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qil(Imom Termiziy rivoyati)

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar bir-birini haqorat qilishi, tuhmat, hattoki bo‘hton qilishi, obro‘yiga putur yetkazishi, g‘iybat qilishi, o‘zining ona yurti va jamiyatda fitna urug‘larini sochishi kuzatilib turibdi. Eng yomoni bunday kishilarda xolislik topilmayapti. Ular ba’zi paytlarda “tirnoq ichidan kir qidirish”ga tushmoqdalar. Lekin ko‘z o‘nglarida turgan yaxshi ishlar, islohotlar va o‘zgarishlarni ko‘rishmayapti. Gohida o‘zlari nima istashayotganini ham anglamay qolishmoqda.

  • Internet orqali o‘zga jins vakillari bilan aloqa qilishda nomahramlik masalasiga juda ehtiyot bo‘lish kerak;

         Mana shu masalaga beparvo bo‘lish, ko‘p muammolarga sabab bo‘lmoqda. Erkakka kelgan xatlar xotinning qo‘liga tushib, oilaga putur yetmoqda, yoki er xotinning begona erkaklar bilan yozishmalarini topib olib, taloq qo‘ymoqda. Hali oila qurmagan yoshlar orasida ham ijtimoiy tarmoqlarda turli noshar’iy aloqalar, hayosizlik, zinoning virtual ko‘rinishlari kuzatilmoqdaki, bu biz uchun ogohlantiruvchi “qo‘ng‘iroq” bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, shariat qoidalariga amal qilib, beg‘araz maqsadlar bilan, zarurat miqdoricha biror ma’lumot olish, so‘rab o‘rganish mumkin. Lekin o‘zaro “elektron muhabbat” aloqalarini o‘rnatish harom hisoblanadi.

  • Internet orqali o‘zaro aloqada yolg‘on, uydirma xabarlar, surat, audio va video mahsulotlarini tarqatmaslik talab qilinadi.

         Bu ishni turli maqsadlarda qilinishi mumkin. Kimdir maqsadiga yetish uchun, kimdir shov-shuv ko‘tarish, kimdir odamlarning ustidan kulish uchun qiladi. Ba’zilar diniy ma’nodagi yolg‘on xabar tarqatadilar (yaqinda Quyoshdan “ertaga javob berasiz”, degan ovoz kelmoqda deb ma’lumot tarqatishdi) va bu bilan dinga yordam bermoqchi bo‘ladilar. Aslida dinimiz unday “yordamlar”ga muhtoj emas va yolg‘on xabarlar tarqatish dinimizda qattiq qoralanadi.

          Hurmatli jamoat! Bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan foydalanib,  dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni qilishdir. Har bir musulmon hayotda qanday umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim bo‘lsa, internetdan foydalanishda yoki o‘zaro aloqada ham shu asoslarga rioya qilishi shart. Aks holda, turli noqulayliklar va gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish har birimizning burchimizdir.

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin! Omin.

ILOVA: Folbinlik va uning zararlari haqida

Hurmatli jamoat! Bugungi kunimizda jamiyatdagi tinchlik-farovonlik va oilalarning totuvligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri folbinlikdir. Folbin – g‘aybni bilishni da’vo qiluvchi, asosan sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi kimsa. Dinimizda g‘ayb ilmi, ya’ni, kelajakda nima ishlar bo‘lishini Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmasligi Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda  qat’iy ta’kidlanadi. Qur’oni karimning Jin surasi 26-27-oyatlarida shunday deyiladi: “(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas. Faqat O‘zi rozi bo‘lgan (tanlagan) payg‘ambarnigina (ikki dunyoning ba’zi sirlaridan ogoh etar)”.

Demak, folbinlarning g‘aybni bilish da’vosi yolg‘on bo‘lib, ular biror qayg‘u yoki tashvish sababli ruhiy tushkunlikka tushgan, mol-dunyo, hasadga juda ruju qo‘yganlarni laqillatish bilan shug‘ullanadi. Folbinlar jamiyat ichiga turli shubha va gumonlarni sochadilar. Bir odamning ishi yurishmasligiga qo‘shnilardan biri sababchi deb ko‘rsatiladi va natijada barcha qo‘shnilar gumondor bo‘lib qoladi.

Ularning sehr-jodu, issiq-sovuq bilan shug‘ullanishiga kelsak, dinimizda sehr bilan shug‘ullanishning hukmi kufr hisoblanadi va buning dalili oyati karimada mavjud. Alloh taolo Baqara surasining 102-oyatida: “Sulaymon kofir bo‘lmadi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir bo‘ldilar”, deb ogohlantirgan.

Shu o‘rinda bir mulohaza paydo bo‘ladi. Folbinlar, sehr-jodu qiluvchilarning “tegirmoniga suv quyayotgan”, ularning “oshig‘ini olchi” qilayotganlar kim o‘zi? Qat’iy aytishimiz mumkin, ular hech ham begonalar emas, kimningdir onasi, yo opasi, yo xotini, yo qo‘shnisi, xullas yor-birodari. Ana kimlarga tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak! Yaqinlarimizga folbinlar baxt saodat, boylik yoki muhabbat ato eta olmasligi, aksincha ularning o‘zi shu narsalarga muhtoj ekanini qayta-qayta eslatishimiz kerak. Aksariyat folbinlar oiladan tinchimagan, iqtisoddan qiynalgan va ruhiy nosog‘lom bo‘lishadi, endi ularning oldiga o‘zida yo‘q narsani so‘rab borish aqlga to‘g‘ri keladimi?!

Xalqimizda: “O‘tgan ishga salovat”, degan gap bor. Hozirgacha folbinga qatnagan bo‘lsak, endi to‘xtaylik, bilib-bilmay, nasf vasvasasi bilan folbinlik qilib kun ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz ham tavba-tazarru yo‘liga o‘tishib, halol kasb qilsinlar, jamiyatga foydali bir inson bo‘lib, elu-xalqni duosini olishsin, shoyad o‘tgan gunohlarga kafforat bo‘lsa!

Alloh taolo barchamizga insof-tavfiq, rushdu-hidoyat bersin!

ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida  

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2019 yil 3 fevral kuni Farg‘ona shahrida “Mehr-muruvvat karvoni” hamda “Siz bizga keraksiz” xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 90 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, 10 nafar nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari, 600 nafar gapirishida va eshitishida nuqsoni bor imkoniyati cheklangan shaxslarga xayriyalar qilindi. Mazkur tadbirlarda jami 121 579 450 (bir yuz yigirma bir million besh yuz yetmish to‘qqiz ming to‘rt yuz ellik) so‘mlik tovar va moddiy boyliklar xayriya sifatida taqdim qilindi.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

مَنْ ذَا الَّذِي يُقْرِضُ اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَاعِفَهُ لَهُ أَضْعَافًا كَثِيرَةً وَاللَّهُ يَقْبِضُ وَيَبْسُطُ وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ  

ya’ni: “Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko‘p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar” (Baqara surasi, 245-oyat ).

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJLARGA G‘AMXO‘RLIK” haqida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

 

 

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Agar bolam tuzalib ketsa...

27.06.2025   2642   1 min.
Agar bolam tuzalib ketsa...

Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.

Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi