Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Yerni kim ushlab turadi?

07.02.2019   4625   6 min.
Yerni kim ushlab turadi?

Bizga ma’lumki, Yer Quyosh atrofida bir yilda bir marta to‘liq aylanadi. U Quyosh atrofida ellipssimon ravishda harakat qiladi. Ellips – tuxumsimon shaklni anglatadi. Fizika fanida tortishish (gravitatsiya) qonuni degan mavzu bor. Osmon jismlari bir-biri bilan shu qonun asosida muayyan masofada joylashadi.

Tortishish qonunining asosi masofa va massadir. Osmon jismining massasi qanchalik katta bo‘lsa, uning tortishish kuchi massasi kichik jismga nisbatan shuncha katta bo‘ladi. Shuningdek, jismlar orasida masofa qisqargani sari ularning orasidagi tortishish kuchi ham ortib boradi.

Biz Yerning Quyosh atrofidagi harakati yo‘li, orbitasi tuxumsimon shaklda dedik. Ushbu orbitaning ikkita qutbi bor. Quyoshga eng yaqin qutbi va Quyoshdan eng uzoq qutbi. Yer Quyoshga yaqin qutbga kelganda, oradagi masofa juda qisqargani uchun tortishish kuchi ortib ketadi. Mana shu paytda Yerning Quyoshga tortilib, unga qulab tushish ehtimoli bo‘ladi. Agar Yer Quyoshga tortilib ketsa, olimlarning aytishicha, 1 soniya ichida yonib, bug‘lanib ketishi mumkin. Yerdagi tog‘lar bormi, vodiylar bormi, barchasi bug‘lanib ketar ekan. Chunki, Quyoshning yadrosidagi harorat 15-20 million darajani tashkil etadi. Bunday issiqlikda barcha narsa darhol bug‘lanib ketadi. Qolaversa, Quyoshdan ochiq fazoga uchib, otilib turadigan “olovli tillar”, ya’ni protuberanetslarning uzunligi 1 million kilometrdan ortadi.

Xo‘sh, u holda nega Yer shari Quyoshga yaqinlashganda, unga qulab tushmaydi?

Yer aqlsiz narsa. Ammo u o‘zining harakati davomida Quyoshga eng yaqin qutbidan o‘tayotganda, harakatini tezlatadi. Quyoshning tortishish kuchiga teng bo‘lgan markazdan qochish kuchini hosil qilish uchun tezroq harakat qiladi. Natijada, Quyoshga tortilib ketmay, o‘z orbitasidan chiqib ketmay, yo‘lini davom ettiradi.  

Yer shari Quyoshga eng yaqin qutbdan o‘tayotganda, tezligini oshirgan edi. U shu tarzda katta tezlikda Quyoshdan uzoqlashib boradi. Agar u shu tezlikda harakatlanaversa, orbitaning uzoq qutbiga yetib kelganda, Quyosh bilan Yer orasidagi masofa uzoqlashgani, o‘rtadagi tortishish kuchi zaiflashgani va markazdan qochish kuchi o‘rtadagi tortishish kuchidan ustun kelgani uchun Quyoshning tortishish kuchini yengib, uning tizimidan chiqib, uzoq-uzoqlarga ketib qolishi mumkin. Agar Yer Quyoshning tortishish kuchini yengib, uning tizimidan uzoqlashib ketsa, Yer sayyorasidagi harorat mutlaq 0° darajaga tushib ketadi. Bunda harorat −273,15 °C bo‘ladi. Bunday ob-havoda esa hayot tugaydi.

Xo‘sh, u holda nega Yer shari Quyoshning tortishish kuchini yengib, uzoqlarga ketib qolmaydi.

Yer aqlsiz narsa deb aytdik. Ammo u o‘zining harakati davomida Quyoshdan eng uzoq qutbidan o‘tayotganda, harakatini sekinlatadi. Yerning markazdan qochish kuchi Quyoshning tortishish kuchiga teng bo‘lishi uchun sekinroq harakat qiladi. Natijada, Yer Quyosh tizimidan chiqib ketmay, o‘z orbitasidan hech bir tarafga og‘may, yo‘lini davom ettiradi. 

Endi mana bu oyatni diqqat bilan o‘qiylik: 

إِنَّ اللَّهَ يُمْسِكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ أَن تَزُولَا وَلَئِن زَالَتَا إِنْ أَمْسَكَهُمَا مِنْ أَحَدٍ مِّن بَعْدِهِ إِنَّهُ كَانَ حَلِيماً غَفُوراً

 “Albatta, Alloh osmonlaru yerni qulab tushishlaridan ushlab turur. Agar ular qulaydigan bo‘lsalar, Undan o‘zga hech kim ularni ushlab tura olmas. Albatta, U o‘ta halim va o‘ta mag‘firatli bo‘lgan zotdir” (Fotir surasi, 41-oyat).

  • Endi o‘ylab ko‘raylikchi, Yerni Quyoshga tortilib, yonib ketishidan kim saqlaydi?
  • Yerni Quyoshdan uzoqlashib, muzlab qolishidan kim asraydi?
  • Yerni o‘z orbitasida kim muvozanatda ushlaydi?
  • Yer Quyoshga yaqinlashganda, qizib ketmasligi uchun kim uning harakatini tezlashtirib, mo‘tadillashtiradi?
  • Yer Quyoshdan uzoqlashganda, kim uning harakatini sekinlashtiradi? Albatta, Buyuk va Qodir Alloh taoloning O‘zidir!

Alloh taolodan boshqa hech kim, hech bir tashkilot, hech qanday konferensiya qarori, hech bir olim o‘zidagi bor kuch-quvvat va imkoniyatlarini ishga solib, Yerni o‘z joyidan ko‘chirish yoki o‘z joyiga qaytarishga, uning harakatini tezlatish yoki sekinlatishga qancha urinsalar-da, bunga qodir bo‘lolmaydilar! Mutlaqo!  

Faraz qilaylik, Yer sayyorasi Quyoshdan uzoqlashib, uning tortishish kuchini yengib o‘tdi. Bir olim o‘zicha Yerni o‘z orbitasiga qaytarish fikrini o‘rtaga tashladi. Shunda insoniyat qalinligi 5 metr bo‘lgan trillion dona po‘lat arqon tayyorlashi kerak bo‘ladi. Chunki, po‘lat dunyodagi eng qattiq va pishiq moddadir. Bunday arqon 2 million tonna yukni ko‘tara oladi. Qolaversa, har bir arqonning orasidagi masofa besh metr bo‘ladi. Agar bu ishning uddasidan chiqilsa, unda dunyoni ulkan va og‘ir arqonlar egallab, shahar-u o‘rmonlarni va tog‘larni vayron qilib, natijada, hayot tugaydi.  

Azizlar, Alloh taolo Latif va Rohiym Zotdir. U Yer sharini arqonlarsiz, ustunlarsiz ushlab turibdi. Biz mana shu sayyorada yashaymiz, nafas olamiz. Hech qanday po‘lat arqon ham, toqat qilib bo‘lmaydigan issiq harorat-u chidab bo‘lmas sovuq harorat ham bizning yashashimizga to‘sqinlik qilmaydi. Chunki, Alloh taolo Yerni mukarram va aziz bo‘lgan insoniyat uchun qulay va xavf-xatardan xoli qilib yaratgan.

Bizga cheksiz ne’matlarni ato etgan Alloh azza va jallaga hamdu sanolar bo‘lsin!

 

 

Muhammad Rotib Nabulsiyning mav’izalari asosida

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Minoda qanday amallar bajariladi?

04.06.2025   7587   2 min.
Minoda qanday amallar bajariladi?

Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.

“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.

“Tarviya” – tafakkur ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.

 

Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.

Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.

 

Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.

Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).

Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.

Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..

Davron NURMUHAMMAD