Niderlandiyada bir universitetning yigit va qiz talabalari ustida yangi tadqiqot o‘tkazildi. O‘tkazilgan yangi tadqiqotning ta’kidlashicha, o‘ziga oro berib, ziynatlangan ayollarga qarash va ular bilan gaplashish erkaklarning ichki organizmlarida buzilish, tarbisizlikning yuzaga kelishiga sabab bo‘lar, shuningdek, xotiraning pasayishi va bir ishni aql bilan bajarish qobiliyatining susayishiga olib kelar ekan.
Tadqiqotchi olimlarning aytishicha, ayolning ziynati va jozibasi ortgani sayin erkaklarga salbiy ta’siri shunchalik kuchayib boradi.
Olimlar bu holni shunday izohlashdi: “Ayol kishining yurishi, erkakning unga qarashi, u bilan suhbat qilishi erkak miyasidagi ma’lumotlarni tahlil qilish va qaror qabul qilishga mas’ul bo‘lgan hujayralarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”.
Tadqiqotda ayolning o‘ziga oro berishi, ziynatlanishi, jozibadorligi va ochiq-sochiq yurishining ta’sirini o‘rganishga ko‘proq e’tibor qaratildi. Tanasi ochiq ayolga qarash – erkakning idrokini buzadi, uni to‘g‘ri qaror qabul qilolmaydigan ahvolga soladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
قُل لِّلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
“Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir” (Nur surasi, 30-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo biz mo‘minlarni avvalo ko‘zimizni tiyishga, keyin esa farjimizni saqlashga amr etmoqda. Zero, zino deb atalgan farj bilan bog‘liq gunoh aynan ko‘zni tiymaslik ortidan kelib chiqadi. Shuning uchun Robbimiz bizni zinoning birinchi bosqichidan tiyilishga buyurmoqda.
Tanasining ko‘p qismi ochiq bo‘lgan, yurishi, ko‘z qarashi bilan hammani o‘ziga qaratadigan ayolga nazar solish insonning fikrlash qobiliyatini ishdan chiqarib, aqliga salbiy ta’sir qiladi. Agar inson darhol qarashdan tiyilsa, uning miyasi durust ishlashda davom etib, to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini yo‘qotmaydi.
Oyatning so‘nggida “Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir” degan joyiga e’tibor beraylik! Bu gap bizga Alloh taoloning doimiy kuzatib turishini bayon qilmoqda. Bu ayollarga nazar solishdan tiyilish uchun eng afzal yo‘ldir. Psixologlar ham aytishadiki, agar inson tashqi kuzatuv va nazoratni his qilib tursa, gunohga qo‘l urishdan tiyiladi.
Nomahram ayolga qarash zino sari bosilgan ilk qadamdir. Agar inson shu nazarni tiyib, nomahram ayollarga qaramasa, ajoyib halovatni his qiladi. Imom Tabariy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda: «Albatta, (nomahramga) nazar qilish iblisning zaharlangan o‘qlaridan biridir. Kim Mendan qo‘rqib, u (nazar)ni tark qilsa, badaliga bir iymon beramanki, uning halovatini o‘z qalbida topadi», deyilgan.
Ayollarga shahvat bilan ko‘p qarash insonni turli kasalliklarga mubtalo qiladi. Masalan, nazar oqibatida yuz beradigan doimiy hayajon va qo‘zg‘alish natijdasida arteriya sklerozi (tomirlarning qattiqlashishi), qon bosimining oshishi, asablarning buzilishi, ruhiyatdagi o‘zgarishlar, impotensiya (jinsiy zaiflik) va hokazo kasalliklar kelib chiqadi. Bu kasalliklarning belgilari, og‘ir ko‘rinishlari keksayganda yaqqol sezila boshlaydi.
Alloh taolo bizga ko‘zimizni tiyishni amr qilish bilan pok va sog‘lom bo‘lishimizni iroda qilgan. “Ana shu ular uchun pokdir” degan so‘zi shuni anglatadi. Ko‘zini tiygan odam turli fahsh ishlardan pok bo‘ladi va salomatligi ham yaxshi holatda yuradi.
Tanasini berkitib yurgan ayollarga shahvat bilan qarash deyarli uchramaydi. Ammo tanasi ochiq ayollarga shunday nazar solish har qadamda uchraydi. Erkaklarga aynan shunday ko‘rinishdagi ayollar salbiy ta’sir o‘tkazadilar. Mana endi Islom dini nega ayollarga ochiq-sochiq yurishni harom qilganini, Nabiy sollallohu alayhi vasallam nega ochiq kiyimda yuruvchi ayolar jannatning hidini ham hidlamasliklarini aytganlarini tushunib yetdik. Agar o‘sha ayollar tavba qilib, o‘zlarini tuzatsalargina jannatga kirishlari mumkin.
Hozirgi kunda qayerga qaramaylik, Dinimiz ta’limotlariga va milliy qadriyatlarimizga zid ravishda ochiq-sochiq yurgan ayollar ko‘zga tashlanadi. Televizorda ham, internetda ham, ko‘chada ham, ishxonada ham shunday ayollar bisyor. Barchamiz Alloh taoloning yuqoridagi oyatdagi ko‘rsatmasiga amal qilib, ko‘zimizni tiyib, farjimizni asrab, pok va sog‘lom holda yurishimiz lozimdir. Ana shunda Allohning amriga bo‘yinsungan bo‘lamiz, ana shunda savobga ega bo‘lamiz va qalbimizda ajib bir halovatni his etamiz. Dunyoda ham, oxiratda ham saodatga erishamiz.
Abduddoim Kahelning maqolasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.
Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.
Ibrohimjon Rustamov:
– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.
Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.
Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.
Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.
Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.
Qurbonali Aripov:
— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.
Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.
Tolibjon O‘rmonov:
— Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.
Muborakxon Inomova:
— Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.
Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!
Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi