Bugungi shiddatli davrda barcha, ayniqsa, diniy soha xodimlari, otinoyilar har qachongidan ham hushyor, ogoh bo'lishlari, shu bilan birga, xalq orasiga kirib borib, yoshlarni muqaddas dinimizga yot turli unsurlardan himoya qilishda jonbozlik ko'rsatishlari zarur.
Shu yil 25 iyul' kuni poytaxtimizdagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun o'quv seminar tashkil etildi.
Seminar uch qismdan iborat bo'ldi.
Dastlab poytaxtimizdagi "at-Termiziy" jome masjdi imom-xatibi Ishoqjon domla Begmatov tinglovchilarga "Islomda meros masalasi" va "Aqida masalalari: shirk tushunchasi, shirkning inson aqidasiga ta'siri" mavzusida ma'ruza qildi.
Darhaqiqat, bugungi kunda meros talashib, yuzko'rishmas bo'lib ketayotgan oilalar soni, afsuski, ko'payib boryapti. Bunday holatlarning oldini olish uchun diniy soha xodimlari, otinoyilar aholi o'rtasida tushuntirish ishlarini ko'proq olib borishlari kerak. Aqida masalasi, shirk va uning qabih oqibataridan odamlarni ogohlantirishlari zarur.
Shundan so'ng Toshkent shahar OITS markazi mas'ullari otinoyilarga bedavo darddan aholi, ayniqsa, yoshlarni ehtiyot qilish bo'yicha o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.
Seminarning so'nggi qismida esa O'zbekiton xalqaro islom akademiyasi katta o'qituvchisi A'zamxon domla Qambarov "Mahallalarda ayollar orasida radikallashuvning oldini olish va ularning ijtimoiy faolliklarini oshirish" mavzusida ma'ruza qilib berdi.
– Bugungi seminar har jihatdan foydali bo'ldi, – deydi Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi Zulayho Soatova. – Otinoyilar bugun o'rgangan bilimlarini amaliyotda qo'llab, meros masalalari, shirk, aqida kabi mavzularda ayollarimizga tushunchalar berishadi. Hotin-qizlarning radikallashuvi oldini olishga o'zlarining hissalarini qo'shadi. Mahallarga kirib borib, oilalar bilan suhbatlar o'tkazadi. Tashkilotchilarga, mutasaddilarga tashakkur.
O'quv seminar so'ngida otinoyilarning savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi. 


O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati