Astronom olimlar osmon jismlarini kuzatishda davom etib, yildan yilga yangi yulduzlarni kashf qilmoqdalar.
UY Qalqon nomli yulduz hozirgi kunda astronom olimlar tomonidan aniqlangan eng katta yulduzdir.

Ushbu rasmda mazkur yulduz bilan Quyosh solishtirilgan. O‘ng tarafdagi kichkina nuqta Quyosh (Sun), chap tarafdagi mandarin rangidagi (UY Scuti) esa UY Qalqon yulduzi. Ushbu yulduz Quyoshdan 1708 marta kattadir.
Bu rasmda esa Quyosh bilan Yer solishtirilgan.

O‘ng tarafdagi ulkan doira Quyosh, chap tarafda chiziqcha bilan ishora qilingan kichkina nuqta Yer sayyorasi. Quyosh Yerdan diametri bo‘yicha 109 marta kattadir.
Bu rasmdagi Quyosh bilan Yerning orasidagi farqni ko‘ringu, oldingi rasmdagi UY Qalqon nomli yulduz bilan Quyosh orasidagi farqni ko‘ring!
Endi o‘sha ulkan yulduz Yerga nisbatan qanchalik kattaligini tasavvur qiling!
Endi esa shu katta yulduz insonga nisbatan naqadar kattaligini tasavvur qilib ko‘ring!
Tasavvur qilish qiyin, to‘g‘rimi?
Inson Yer shari bilan solishtirganda, zarradek keattalikda bo‘lar edi.
Agar uni UY Qalqon nomli yulduz bilan solishtirsak, zarra (atom)dan ham maydaroq bo‘lib ketishini, rasmda umuman ko‘rinmay qolishini anglash qiyin emas.
Bularning barchasi Buyuk Alloh taoloning qudratiga, azamatiga dalolat qiladi.
Nuqtadek Yerda yashovchi zarradek keladigan, ulkan yulduz bilan solishtirganda esa umuman ko‘rinmay qoladigan inson nimasiga kibr qiladi?! Nimasiga kekkayadi?! Nimasiga o‘zini ustun tutib, kattalikda, o‘lchamda o‘ziga o‘xshagan insonlarga manmanlik qiladi?!
Azizlar, barchamiz ojiz banda ekanimizni unutmaylik! Robbimiz bizni O‘ziga ibodat qilishimiz uchun yaratgan. Hayotimizni Alloh taologa ibodat qilish bilan o‘tkazaylik!
“Koinot sirlari” kanali va boshqa internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws