So'nggi yillarda jahonning barcha mamlakatlarida 14–34 yoshli o'smirlar orasida o'z joniga qasd qilish holatlari ortib boryapti. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, kuniga 3 ming kishi, har yili esa 1 mln.dan ortiq kishi o'z-o'zini o'ldiradi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, Lotin Amerikasi, Arab va Osiyo mamlakatlarida suitsid ko'rsatkichlari nisbatan past darajada. O'rta darajaga Shimoliy Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubi-sharqiy Osiyo va Tinch okeanining G'arb qismidagi mamlakatlar kiradi. Suitsid ko'rsatkichi Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yuqori. Shu nuqtai nazardan, rivojlangan Yevropa davlatlarida mazkur muammo o'ta dolzarb hisoblanadi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, o'z joniga qasd qilish birdaniga ro'y bermaydi. O'zini o'ldirgan o'smirlarning 90 foizi qaysidir darajada ruhiyat muammosiga uchraganlardir.
Hususan, bu salbiy illat yurtimiz yoshlariga ham ta'sir o'tkazmoqda. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda 12 yoshli o'quvchi qiz o'z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqaldi. Ilgariroq esa 17 yoshli qiz ham o'zini o'ldirgani aytilgan edi. Bu qarorga kelgunicha u qizlarning qalbida nimalar o'tgani o'ziga ayon. Negadir aksar suitsid holatlari balog'at ostonasidagi yoshlarda ko'p uchramoqda. Keling, buning sabablarini o'rganib ko'ramiz:
Sehr-jodu. Afsuski, bugun shariatimiz qat'iy man etgan sehr-jodu bilan shug'ullanayotgan kimsalar ko'payib boryapti. Sehr bor narsa. Baqara surasining 1g'2-oyatida Alloh taolo Bobil shahriga Horut va Morut nomli ikki farishtani sinov tariqasida tushirgani, ular: “Biz faqatgina sinov (vositvsi) miz, (bizga ishonib) kofir bo'lib qolma!” deb ogohlantirgani bayon etilgan.
Shariat man etgan har bir narsaning zamirida ulkan hikmat mujassam ekani bugun yana ham yaqqolroq namoyon bo'lmoqda. Birgina misol, Islom ta'limotida behuda suratga tushaverish durust emasligi aytiladi. Bugun aksariyat sehrgarlar odamlarning suratiga qarab, ularni jodu qilishmoqda. Shunday ekan, behuda suratga tushib, tarqatavermaslik zarur.
Buzg'unchilar ta'siriga tushib qolish. Muqaddas dinimizga yot g'oyalar targ'ibotchilari yoshlari sehr-jodu orqali o'z saflariga qo'shishmoqda. Bu jarayonda ularga yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga qo'yayotgan suratlari qo'l kelayotganini hech kim inkor etmaydi. Shu bois suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga behuda qo'yishdan ehtiyot bo'lish kerak.
Farzandning qarovsiz qolishi. Ota yoki ona yoxud ikkisining ham yo'qligi bola ruhiyatiga qattiq ta'sir ko'rsatadi. Ayni ana shu balog'at yoshi qiz bolaning o'ta nozik davri bo'lib, ham jismoniy, ham ruhiy tomondan o'zgarishlar bo'ladi. Individual fe'l-atvor shakllanadi. Kayfiyati tez-tez o'zgarib, qaysar, o'jar, jahldor bo'lib qoladi. Bu davrda qiz bola onasining qo'llab-quvvatlashi, e'tibori va maslahatiga muhtoj bo'ladi. Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda bo'lish haqida Rasulullohning ko'rsatmalari ham bor. Onalar ham donolik bilan qizlariga sirdosh bo'lib yordam berishlari zarur.
Ruhiyatidagi o'zgarishlar. Qiz bolalar hissiyotga beriluvchan bo'lgani uchun ular ko'p tushkunlikka (depressiya) tushadilar. Buning asosiy sababi, bekorchilik, bemaqsad yashash, organizmda gormonlar, moddalar almashinuvidir. Shu davrda onadan sezgirlik talab qilinadi. Olimlar banda boshiga musibat, sinovlarga duch kelganda hadislar aytilgan: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosini o'qib, so'ng Rabbimizdan astoydil va chin ixlos bilan hojatlarini so'rasa, inshoalloh, U Zotning izni bilan mushkuli oson bo'ladi, deyishgan.
Ota-ona o'z farzandini eshitmasligi, u bilan samimiy suhbatdosh bo'lolmasligi yomon. Turli ijtimoiy qatlamlardan chiqqan bolaning tengdoshlari oldida o'ksib qolishining sababi, oilaviy nizo va bosimlar, qo'pol munosabat hamda bepisand muomala, pirovardida nomukammallikni his etib, shu kabi tuyg'ularni engib o'tolmaslik, muammolar oldida ojiz qolishdir. Asosiysi, masalani tashqaridan emas, ichkaridan turib asl mohiyatiga kirilmasa, o'z joniga qasd qilish ko'rsatkichlari ko'payib boraveradi.
Diniy tushunchalarning kamligi. O'z joniga qasd qilganlar Allohning taqdiridan norozi, Uning cheksiz ilohiy ne'matlariga noshukrlik qiladigan, sinovlarga sabr qilolmaydigan kimsalardir. Qur'oni karimda: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o'zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o'ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”, deyiladi (Niso surasi, 29-oyat). Oyatdagi “o'zlaringizni o'ldirmangiz!” jumlasi bir necha xil tafsir qilingan: “Bir-biringizni o'ldirishingiz o'zingizni o'ldirganingiz bilan barobardir. Zero, hammangiz bir xil dinga mansub kishilarsiz”.
“O'z joningizga o'zingiz qasd qilmangiz”. Ya'ni, hayot qiyinchiliklariga bardosh bera olmay yoki biror narsaning alamiga chidayolmay o'zini o'zi o'ldirish taqiqlanmoqda.
Imom Muslim, Imom Termiziy va boshqa muhaddis allomalar rivoyat qilishgan sahih hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'z joniga qasd qilib o'lgan kimsa qiyomatga qadar o'zini o'zi ana shu azob bilan azoblab yotishidan ogohlantirganlar.
O'tkinchi hoyu havas. Balog'at yoshidagi qizlarimiz sof va ishonuvchan qalbi bilan har kimning gapiga quloq solaveradilar. O'tkinchi, aldamchi his-tuyg'ularni muhabbat deb o'ylaydilar. Ba'zi qizlarimiz soddaligi oqibatida nomusi toptalgandan so'ng bugungi kundagi ijtimoiy tarmoqlardagi axloqsiz video-roliklar, bema'ni seriallarning ta'sirida serial qahramonlariga taqlid qiladilar. Dinimizda sevgi va muhabbat harom hisoblanmaydi. Ammo ikki jins orasidagi harom aloqalar, shahvoniyat ortidan ko'rlarcha ergashish emasdir. Buni shariat harom qilgan. Ikki jins o'rtasidagi aloqa va muhabbatning halol echimi – nikohdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Bir-birini yaxshi ko'rgan (yigit va qiz) ikkisi uchun (oradagi muhabbatni ziyoda qilishda) nikohga teng keladigan (boshqa narsa)ni topa olmaysiz”(Imom Ibn Moja va Imom Hokim rivoyati).
Biz onalar farzandlarimiz tarbiyasiga mas'ul ekanmiz, ularni bee'tibor qoldirmasligimiz lozim. Maktabdagi holatidan xabardor bo'lib turish kerak, ikki tomonlama tarbiya ishlarini hamjihatlikda olib borilishi zarur. Kimlar bilan dugona bo'layotgani, televizorda nimalar ko'rayotgani, telefonda kimlar bilan gaplashayotganini nazorat qilishimiz zarur.
Yoshlarimizning ta'lim-tarbiyasiga yanada jiddiy yondashish barchamizning burchimizdir.
Robiyaxon TOHIROVA
Yurtimizda aholi ma’naviyatini yuksaltirish, sof e’tiqod va milliy qadriyatlarimizni keng yoyish hamda xalqimizga to‘g‘ri va ishonchli diniy-ma’rifiy ilmlarni yetkazishda davriy matbuot nashrlarining o‘rni beqiyos.
Joriy yilning 17 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yilgi obuna mavsumida faol ishtirok etib, ushbu nashrlar targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shgan soha mas’ullari va imom-xatiblarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsiddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda nashrlar bosh muharriri Abdujalil Xo‘jamov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mazkur gazeta va jurnallar shunchaki matbuot vositasi emas, balki har bir xonadonga ilm-ma’rifat, sog‘lom e’tiqod va fazilat olib kiruvchi mo‘tabar ma’naviy manbalardir. Ular orqali xalqimiz mo‘tadil diniy ilmlarni o‘zlashtirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga rasmiy va asosli javoblar olish imkoniga ega bo‘ladi.
Muloqot davomida diniy nashrlarning jamiyatdagi ahamiyatini oshirish, aholini mutolaaga jalb etish va yangi bosqichdagi obuna ishlarini yanada samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir yakunida nashrlarni aholi orasida keng targ‘ib etishda fidoyilik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan bir guruh imom-xatiblar va soha xodimlariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati