Jahon halol sammiti 2023 yilning 23-25 noyabr' kunlari Istanbul ko'rgazma markazida (IFM) bo'lib o'tadi.
“IQNA” saytining “Islam today” ga tayanib xabar berishicha, mazkur sammitning “Discover Events” kompaniyasi tomonidan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) vakolatli muassasasi Islom mamlakatlari standartlari va metrologiyasi instituti (SMIIC) bilan hamkorlikda o'tkazilishi reja qilingan.
Butunjahon halol sammiti tashrif buyuruvchilarni halol sanoati sohasidagi so'nggi ishlanma va yangiliklar bilan tanishtiruvchi dunyodagi eng yirik tadbir bo'lib, xalqaro olimlar va dunyoning turli burchaklaridan kelgan fiqh mutaxassislari ishtirokida o'tkaziladi.
Bu yilgi sammit “Global halol iqtisodiyotga kirish eshigi: potentsialni ochish” mavzusiga bag'ishlangan. Sammit halol sanoatning turli sohalarida ishtirokchi, tadqiqotchi va ekspertlar o'rtasida bilim va malaka almashish va hamkorlik qilish uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati