Agar maymunlarning oldiga pullar va yong‘oqlar qo‘yilsa, maymunlar yong‘oqlarni tanlaydi. Chunki ular pulga juda ko‘p yong‘oqlar sotib olish mumkinligini bilmaydi.
Xuddi shu ishni ko‘plab insonlarga qo‘lladim. Ularning oldiga bir loyiha va maosh olib ishlash ixtiyorini qo‘ydim. Ularning juda ko‘pchiligi maosh olib ishlashni tanlashdi. Chunki ular bitta loyihani amalga oshirish orqali bir oylik maoshdan ko‘ra ancha ko‘p pul topish va yashash tarzini o‘zgartirish mumkinligini bilishmaydi.
Odamlarning kambag‘al bo‘lishlariga sabab bo‘ladigan narsalardan biri — turli biznes loyihalarini ishga solish, ular natija bergunicha sabr qilish, loyihalar bilan ishlashdek qulay fursatni qo‘ldan bermaslikni o‘rganmaganlaridir. Ular maktab va oliygohlarda «Ishga borib ishlash maosh olish uchundir» degan narsani o‘rganishgan. Ular o‘zlari uchun ishlashni emas, boshqalar boy bo‘lishi uchun ishlashni, birovlarning qo‘lida ishlashni o‘rganishgan, xolos.
To‘g‘ri, oylik maosh sizni faqir bo‘lib qolmasligingizga sabab bo‘ladi, lekin shu bilan birga u sizni boy bo‘lishdan to‘sadi.
Men hayotimda ertalab soat 8 dan to kech soat 3 gacha ishlab, boy bo‘lib ketgan shaxsni ko‘rmadim. Faqat oylikka ishlaydigan buzuq tabiatli odamgina (poraxo‘rlik, o‘g‘rilik, xiyonat va hokazolar sababli) boy bo‘lib ketganini ko‘rdim.
Jek Ma,
Xitoyning eng boy odami, shaxsiy boyligi 39 milliard dollarni tashkil etadi
Arabchadan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.
Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.
Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».
Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».
Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!
Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».
Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!
Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!
Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!
Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!
Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!
Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!
Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi