Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Xitoylik eng boy odamning mulohazalari

06.01.2019   3684   1 min.
Xitoylik eng boy odamning mulohazalari

Agar maymunlarning oldiga pullar va yong‘oqlar qo‘yilsa, maymunlar yong‘oqlarni tanlaydi. Chunki ular pulga juda ko‘p yong‘oqlar sotib olish mumkinligini bilmaydi.

 

Xuddi shu ishni ko‘plab insonlarga qo‘lladim. Ularning oldiga bir loyiha va maosh olib ishlash ixtiyorini qo‘ydim. Ularning juda ko‘pchiligi maosh olib ishlashni tanlashdi. Chunki ular bitta loyihani amalga oshirish orqali bir oylik maoshdan ko‘ra ancha ko‘p pul topish va yashash tarzini o‘zgartirish mumkinligini bilishmaydi. 

 

Odamlarning kambag‘al bo‘lishlariga sabab bo‘ladigan narsalardan biri — turli biznes loyihalarini ishga solish, ular natija bergunicha sabr qilish, loyihalar bilan ishlashdek qulay fursatni qo‘ldan bermaslikni o‘rganmaganlaridir. Ular maktab va oliygohlarda «Ishga borib ishlash maosh olish uchundir» degan narsani o‘rganishgan. Ular o‘zlari uchun ishlashni emas, boshqalar boy bo‘lishi uchun ishlashni, birovlarning qo‘lida ishlashni o‘rganishgan, xolos. 

 

To‘g‘ri, oylik maosh sizni faqir bo‘lib qolmasligingizga sabab bo‘ladi, lekin shu bilan birga u sizni boy bo‘lishdan to‘sadi. 

 

Men hayotimda ertalab soat 8 dan to kech soat 3 gacha ishlab, boy bo‘lib ketgan shaxsni ko‘rmadim. Faqat oylikka ishlaydigan buzuq tabiatli odamgina (poraxo‘rlik, o‘g‘rilik, xiyonat va hokazolar sababli) boy bo‘lib ketganini ko‘rdim.

 

Jek Ma,

Xitoyning eng boy odami, shaxsiy boyligi 39 milliard dollarni tashkil etadi

 

Arabchadan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

18.06.2025   2391   5 min.
Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.

Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.

Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.

Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».

Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.

Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.

Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.

Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.

Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.

Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.

Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.

Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.

Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.

Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.

"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan