Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

11.01.2019 y. Mo‘min mo‘minga ozor bermaydi

05.01.2019   6203   11 min.
11.01.2019 y. Mo‘min mo‘minga ozor bermaydi

بسم الله الرحمن الرحيم

Mo‘min mo‘minga ozor bermaydi

الحَمْدُ للهِ الذِّي حَرَّمَ أَذِيَّةَ الخَلْقِ بِلاَ حَقٍّ مُبِين، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى الرَّسُولِ الكَرِيمِ

وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أما بعد

Hurmatli jamoat! Islom dini ta’limotlari inson zotiga aziyat bermaslik, tartib-intizomli bo‘lishga chorlaydi. Ayniqsa, mo‘min musulmonlar turli shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarda bir-birlariga ozor bermasliklariga da’vat etadi. Aks holda qattiq gunohkor bo‘lib qolishlari ta’kidlanadi. Bu haqda Alloh taolo ta’lim berib marhamat qiladi:

وَالَّذِينَ يُؤْذُونَ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ بِغَيْرِ مَا اكْتَسَبُوا فَقَدِ احْتَمَلُوا بُهْتَانًا وَإِثْمًا مُبِينًا 

الأحزاب: 58

ya’ni: “Mo‘min va mo‘minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo‘hton va aniq gunohni o‘zlariga olgan bo‘lurlar” (Ahzob surasi, 58-oyat).

Shariatimizga ko‘ra barcha jabhada birovga aziyat berib qo‘yishdan saqlanishga buyuriladi. Hatto suhbat asnosida biz uchun arzimas ko‘ringan ba’zi hatti-harakatlar ham dinimiz nazaridan chetda qolmagan. Hadisi shariflarning birida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

"لاَ يَتَنَاجَى اثْنَانِ دُونَ الثَّالِثِ؛ فَإنَّ ذَلِكَ يُؤْذِي الْمُؤْمِنَ، وَاللهُ يَكْرَهُ أَذَى الْمُؤْمِنِ"

(أَخْرَجَهُ الإمَامُ أَبُو يَعْلَى فِي مُسْنَدِهِ وَالإمَامُ الطَّبَرَانِيُّ فِي الأَوْسَطِ)

ya’ni: Ikki kishi uchinchi kishini yolg‘izlatib suhbatlashmasin. Chunki bu mo‘minga aziyat beradi. Alloh esa mo‘minga aziyat berishni yoqtirmaydi – deganlar (Imom Abu Ya’lo “Musnad”da va Imom Tabaroniy “Mu’jamul avsat”da rivoyat qilgan).

Shuningdek, hadisi shariflarda Alloh taologa va oxirat kuniga imon keltirgan kishi aziyat berishning turli ko‘rinishlaridan saqlanishi lozimligi uqtirilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: 

"مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ، فَلْيَقُلْ خَيْرًا أَوْ لِيَصْمُتْ، وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلاَ يُؤذِ جَارَهُ، وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَاليَوْمِ الآخِرِ فَلْيُكْرِمْ ضَيْفَهُ"

 (أَخْرَجَهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ وَالإمَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin! Kim Allohga va oxiratga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin! Kim Allohga va oxiratga imon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ehtirom qilsin!”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Boshqa bir rivoyatda sahobalardan birlari Nabiy sallollohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, “Ey Allohning Rasuli, qaysi musulmonlar afzal sanaladi?” – deb so‘radi. Shunda U zot:

الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللَّهُ عَنْهُ

(متفق عليه)

ya’ni: “Musulmon  musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir. Muhojir – Alloh taolo qaytargan narsalardan o‘zini tiygan kimsadir ”, – deb javob berdilar (muttafaqun alayh).

Muhtaram azizlar! Ming afsuslar bo‘lsinki, ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda va jamoat joylarida arzimas sabablar ortidan kishilar bir-birlariga ozor berib qo‘yishlarini guvohi bo‘lamiz. Ayniqsa, hayoliga kelganini gapiruvchi ba’zi insonlar yoki tayini bo‘lmagan tashqaridagi kimlarningdir izmida yurayotganlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali mo‘min-musulmonlarning sha’nlarini toptash bilan ularga ozor berayotganlarini ko‘p uchratmoqdamiz. Xususan, ular dinimiz xodimlari, shariatimiz ahkomlarini yetkazuvchi ilm ahllari bo‘lgan imom-xatiblarni “o‘zlaricha muhokama qilib”, ortlaridan bemalol g‘iybat qilmoqdalar. Vaholanki, necha yillardan buyon shu imomlarning ortidan o‘zlari iqtido qilib keladilar. Islom dinini, shariat ahkomlarini yetkazishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga olgan ulamolar sha’niga yomon so‘zlarni gapirish Alloh va Uning rasulini g‘azabini keltiradigan yomon ishdir.

Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Kim din olimlarini masxara qilsa, oxirati kuyadi. Kim podsho va amirlarni masxara qilsa, dunyosi barbod bo‘ladi. Kim o‘z birodarlarini masxara qilsa muruvvat va haybati yo‘qoladi”, – degan.

Alloh taoloning joriy bo‘lgan odatlaridan biri shuki, ilm ahli va ulamolarni tahqirlagan va masxara qilgan odamni mana shu dunyoning o‘zida xor qiladi. Suhayl Andalusiy rahmatullohi alayh aytadi: “Bir qo‘shnimiz bor edi. Alloh boylik va obro‘ni berib qo‘ygan, juda serdavlat edi. Uning eng yomon odati din olimlarini kalaka qilish va ularga aziyat berish edi. Bir kuni Alloh roziligini istab nasihat qildim. U meni kamsitib, uyidan haydadi. Allohga qasamki, oradan 20 yil o‘tib falaj bo‘lib qoldi. Mol dunyosidan ayrildi. Muhtojlikdan shahar bozorida tilanchilik qila boshladi. Bir kuni bozorda ko‘rinmay qoldi. Oradan uch kun o‘tib, bozor orqasidagi tashlandiq joydan jasadi topildi. Butun shahar ulamolari aziyat ko‘rgan bu insonning nihoyasi mana shunday yakun topdi”.

Payg‘ambar alayhissalom o‘zlarining hadisi shariflaridan birida ana shunday mo‘min-musulmonlarni g‘iybat qilib, ularni ayblarini axtarib, aziyat beradigan kimsalarga qarata shunday deganlar:

"يَا مَعْشَرَ مَنْ آمَنَ بِلِسَانِهِ وَلَمْ يَدْخُلِ الإِيمَانُ قَلْبَهُ لاَ تَغْتَابُوا الْمُسْلِمِينَ وَلاَ تَتَّبِعُوا عَوْرَاتِهِمْ فَإِنَّهُ مَنِ اتَّبَعَ عَوْرَاتِهِمْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ وَمَنْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ يَفْضَحْهُ فِى بَيْتِهِ"

(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ)

ya’ni, Ey tili bilan imon keltirib, qalbiga esa imon kirmaganlar, (qalbi bilan imon keltirmaganlar) musulmonlarni g‘iybat qilmang va ularning aybini poylab-qidirmanglar! Chunki kim ularning aybini qidirsa, Alloh taolo uni o‘zining aybini qidiradi va garchi uyining ichida (odamlardan maxfiy bo‘lsa ham, uni oshkor qilib) sharmanda qiladi”, – (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan(.  

Shariatimiz birovga aziyat yetkazishdan qaytarishi, aziyat berganga turli iqoblarni belgilashi barobarida mo‘minlardan aziyatni ketkazganga jannatni va’da qilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘tgan qavmlardan bir kishini xabarini berib, shunday deganlar:

مرَّ رجلٌ بِغُصْنِ شَجَرَةٍ عَلَى ظَهْرِ طَرِيقٍ، فَقَالَ: وَاللهِ لَأُنَحِّيَنَّ هَذَا عَنِ الْمُسْلِمِيْنَ لَا يُؤذِيْهِمْ

فأُدْخِلَ الْجَنَّة

 

(رَوَاهُ الإمَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Bir kishi yo‘l ustida yotgan daraxt shoxini oldidan o‘tib qolib: “buni musulmonlar(ning yo‘li)dan olib tashlayinki, ularga aziyat bermasin”, degan edi. Natijada o‘sha inson jannatga kiritildi” (Imom Muslim rivoyati).  

قاَلَ الإِمَامُ البَغَوِيُّ رَحِمَهُ اللهُ تَعَالَى: " أَفْضَلُ الْمُسْلِمِيْنَ مَنْ جَمَعَ إِلَى أَدَاءِ حُقُوقِ اللهِ تَعَالَى أَدَاءَ حُقُوقِ الْمُسْلِمِيْنَ، والكَفَّ عَنْ أَعْرَاضِهِمْ".

Imom Bag‘aviy rahimahulloh: “musulmonlarning eng afzali Alloh taoloning haqlarini ado etish bilan musulmonlarning haqlarini ado etishni jamlagan hamda musulmonlarning sha’nlaridan tiyilgan kishidir”, – deganlar. 

Dinimizda kishi atrofidagi insonlarga aziyat bermaslikning o‘zi hatto sadaqa qilganning savobiga teng ekani aytib o‘tilgan. Bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalardan biriga nasihat qilib, shunday deganlar:

تَكُفُّ شَرَّكَ عَنِ النَّاسِ فَإِنَّهَا صَدَقَةٌ مِنْكَ عَلَى نَفْسِكَ

ya’ni: Odamlarga yomonlik qilishdan tiyiling. Zero bu ham sizga sadaqa bo‘lur, – dedilar (muttafaqun alayh). 

Mo‘min-musulmonlar o‘zaro birdamlikda hayot kechirishliklari, bir-birlaridan hayot qiyinchiliklarini aritish payida bo‘lishlari ibodatlarning afzali sanaladi. Zero Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qilib, shunday deganlar:

َحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللهِ أَنْفَعُهُمْ، وَأَحَبُّ الأَعْمَالِ إِلَى اللهِ عَزَّ وَجَلَّ سُرُورٌ تُدْخِلُهُ عَلَى مُسْلِمٍ، أَوْ تَكْشِفُ عَنْهُ كُرْبَةً، أَوْ تَقْضِيَ عَنْهُ دَيْناً، أَوْ تَطْرُدَ عَنْهُ جُوعاً"

(رَوَاهُ الإمَامُ الطَّبَرَانِيُّ وَالإمَامُ ابْنُ أَبِي الدُّنْيَا، وَهُوَ حَسَنٌ)

ya’ni: Insonlarning Allohga eng mahbubi ularning o‘zgalarga manfaatlirog‘idir. Amallarning ichida Alloh azza va jallaga eng mahbubrog‘i musulmon kishiga xursandchilik keltirishingiz, yoki undan biror tashvishini aritishingiz, yoki uning biror qarzini to‘lab berishingiz yoki ochligini ketkazishingizdir”, – deganlar (Imom Tabaroniy va Imom Ibn Abiddunyo rivoyati).

Tezisning 11 yanvar 2-soniga ilova    

“VATAN HIMOYASI – SHARAFLI BURCH”

Hurmatli vatandoshlar! 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat,  Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish –har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash – shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e’tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabr kun Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi va unda harbiy soha haqida shunday dedi: “Birinchidan, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini, Qurolli kuchlarning jangovor salohiyatini oshirish, milliy mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish, har qanday xavf xatarga qarshi doimo shay turishimiz lozim.

Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshlangan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazish kerak...”.

Muhtaram jamoat! Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o‘zini baxshida etish eng ulug‘ savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadis rivoyat qilingan:

"عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ"

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri  – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib bedor bo‘lgan ko‘z” (Imom Termiziy rivoyati).

Qanchadan-qancha amallar borki, ko‘rinishidan oddiy ishga o‘xshagani bilan chiroyli va yaxshi niyat ila savobi ulug‘ amalga aylanadi. Xuddi shu kabi vatan himoyasi, harbiy xizmat ham ana shunday savobli, zarur, muhim amallar qatoriga kiradi. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Insonlarning yaxshisi – insonlarga manfaatlisidir”.

Hurmatli jamoat! Barchangizni 14 yanvar “Vatan himoyachilari kuni” bilan tabriklaymiz, Alloh taolo sizu bizga jonajon Vatan himoyachisi va munosib farzandlar bo‘lish baxtini nasib etsin! 

Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Har qanday qoraning ichida oq bor

04.07.2025   1566   4 min.
Har qanday qoraning ichida oq bor

Bismillahir Rohmanir Rohiym

ismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida...

Oisha onamiz roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Hijri Ismoil haqida so‘radilar:

- Ey Allohning Rasuli! U ham Ka’badanmi?

- Ha, u ham Ka’badan!

- Nima uchun uni Ka’baning ichiga kiritishmagan?

- Chunki o‘shanda qavmingning nafaqasi yetmay qolgan!

- Nega Ka’baning eshigi baland qurilgan?

- Qavming o‘zi istaganiga Ka’baga kirishga ruxsat berib, istamaganiga ruxsat bermaslik uchun! So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam yana dedilar:

Agar qavming yangi musulmon bo‘lmaganida va ularning qalbi inkor qilishidan qo‘rqmaganimda, Ka’bani buzishga amr qilar va undan chiqarilgan narsalarni yana uning ichiga kiritib, boshqatdan qurar edim. Uni yerga barobar etib, ikki eshik qilardim. Biri sharqiy tomonida, ikkinchisi g‘arbiy tomonida. Uni Ibrohim alayhissalomning poydevoriga yetkazardim!

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo Hijozda hukmronlikni qo‘lga kiritgach, xolasi Oisha onamiz unga yuqoridagi hadisni aytib berdilar. U Ka’bani buzib Ibrohim alayhissalomning davridagidek qilib qurdi. So‘ngra Hajjoj Abdulloh ibn Zubayrni qatl etgach, Ka’bani buzib, yana Quraysh mushriklari davridagidek qilib qurdi.

Abbosiylardan Abu Ja’far Mansur xalifa bo‘lgach, Ka’bani buzib, yana Ibrohim alayhissalom davridagidek qilib qurmoqchi bo‘ldi. Bu to‘g‘risida imom Molik rohimahulloh bilan maslahat qildi. Imom Molik rohimahulloh unga dedilar:

- Menimcha, uni hozirgi holida qoldirganing yaxshi. Yo‘qsa, Ka’ba podshohlar o‘rtasida o‘yinga aylanadi!

Bizga kerakli nuqta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida edi...» degan gaplaridir!

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga bugungi Ka’bani Ibrohim alayhissalom davridagi Ka’ba emasligini, uni buzishni, Ibrohim alayhissalom qanday qurgan bo‘lsalar, shunday qilib qayta qurishni istayotganlarini aytyaptilar. Ammo Fathdan so‘ng islomga yangi kirgan qurayshliklarning iymonidan xavfsirayaptilar. Bu u zotning chiroyli siyosatlarini, foyda bilan zararning rioyasini qilganlarini anglatadi!

Islomda zararni daf qilish foyda keltirishdan oldinda turadi. Masalan, bir to‘g‘ri ish bor. Ammo uni qilsangiz, ortidan zarar keladi. Yaxshisi, uni qilmasligingiz kerak. Ana shu narsa muhim bir hayot darsidir!

Gohida bir qizni boshqa bir munosib bo‘lmagan kishiga turmushga berib zulm qilib qo‘yamiz. U qizimiz turmush o‘rtog‘i bilan yashay olmaydi. Undan ajralishga harakat qiladi. Bu unga foydali bo‘lib ko‘rinadi. Ammo bu ajralishdan o‘rtadagi farzandlar uvol bo‘lishi mumkin. Ona farzandlarini o‘zi bilan olib keta olmaydi yoki ularni tashlab ham keta olmaydi. Ana shunaqa paytda savob umidida uni sabrga chaqiriladi, ajralishga undalmaydi. Chunki ajralishda bir kishiga manfaat, ammo bir necha kishiga zarar bor!

Hayotdagi barcha ishlarni shunga qiyos qiling. Hayotda hamma narsa bir xil emas. Bir narsa ziyoda bo‘ladi, yana bir narsa ikkita narsaga teng bo‘ladi. Bu hayot chigal. Bunda har qanday oqning ichida qora bor. Har qanday qoraning ichida esa oq bor. Oqil inson o‘zidagi ko‘p oqni saqlab qolish uchun ozgina qorani qabul qiladi.

Umar roziyallohu anhu ajoyib gap aytganlar: «Yomondan yaxshini ajratib olgan inson ziyrak emas, ikkita yomondan yaxshisini ajratib olgan inson ziyrakdir».

Hayot bizni gohida ikkita achchiq narsadan birini tanlashga majbur qiladi. Zakiy inson to‘g‘ri amalda bo‘lgan, yaqinlashib yurgan va foyda bilan zarar o‘rtasini solishtira oladigan kishidir. Haq deb hamma narsa aytilavermaydi!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar