بسم الله الرحمن الرحيم
Mo‘min mo‘minga ozor bermaydi
الحَمْدُ للهِ الذِّي حَرَّمَ أَذِيَّةَ الخَلْقِ بِلاَ حَقٍّ مُبِين، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى الرَّسُولِ الكَرِيمِ
وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أما بعد
Hurmatli jamoat! Islom dini ta’limotlari inson zotiga aziyat bermaslik, tartib-intizomli bo‘lishga chorlaydi. Ayniqsa, mo‘min musulmonlar turli shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarda bir-birlariga ozor bermasliklariga da’vat etadi. Aks holda qattiq gunohkor bo‘lib qolishlari ta’kidlanadi. Bu haqda Alloh taolo ta’lim berib marhamat qiladi:
وَالَّذِينَ يُؤْذُونَ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ بِغَيْرِ مَا اكْتَسَبُوا فَقَدِ احْتَمَلُوا بُهْتَانًا وَإِثْمًا مُبِينًا
الأحزاب: 58
ya’ni: “Mo‘min va mo‘minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo‘hton va aniq gunohni o‘zlariga olgan bo‘lurlar” (Ahzob surasi, 58-oyat).
Shariatimizga ko‘ra barcha jabhada birovga aziyat berib qo‘yishdan saqlanishga buyuriladi. Hatto suhbat asnosida biz uchun arzimas ko‘ringan ba’zi hatti-harakatlar ham dinimiz nazaridan chetda qolmagan. Hadisi shariflarning birida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
"لاَ يَتَنَاجَى اثْنَانِ دُونَ الثَّالِثِ؛ فَإنَّ ذَلِكَ يُؤْذِي الْمُؤْمِنَ، وَاللهُ يَكْرَهُ أَذَى الْمُؤْمِنِ"
(أَخْرَجَهُ الإمَامُ أَبُو يَعْلَى فِي مُسْنَدِهِ وَالإمَامُ الطَّبَرَانِيُّ فِي الأَوْسَطِ)
ya’ni: “Ikki kishi uchinchi kishini yolg‘izlatib suhbatlashmasin. Chunki bu mo‘minga aziyat beradi. Alloh esa mo‘minga aziyat berishni yoqtirmaydi” – deganlar (Imom Abu Ya’lo “Musnad”da va Imom Tabaroniy “Mu’jamul avsat”da rivoyat qilgan).
Shuningdek, hadisi shariflarda Alloh taologa va oxirat kuniga imon keltirgan kishi aziyat berishning turli ko‘rinishlaridan saqlanishi lozimligi uqtirilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam:
"مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ، فَلْيَقُلْ خَيْرًا أَوْ لِيَصْمُتْ، وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلاَ يُؤذِ جَارَهُ، وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَاليَوْمِ الآخِرِ فَلْيُكْرِمْ ضَيْفَهُ"
(أَخْرَجَهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ وَالإمَامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin! Kim Allohga va oxiratga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin! Kim Allohga va oxiratga imon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ehtirom qilsin!”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Boshqa bir rivoyatda sahobalardan birlari Nabiy sallollohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, “Ey Allohning Rasuli, qaysi musulmonlar afzal sanaladi?” – deb so‘radi. Shunda U zot:
الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللَّهُ عَنْهُ
(متفق عليه)
ya’ni: “Musulmon musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir. Muhojir – Alloh taolo qaytargan narsalardan o‘zini tiygan kimsadir ”, – deb javob berdilar (muttafaqun alayh).
Muhtaram azizlar! Ming afsuslar bo‘lsinki, ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda va jamoat joylarida arzimas sabablar ortidan kishilar bir-birlariga ozor berib qo‘yishlarini guvohi bo‘lamiz. Ayniqsa, hayoliga kelganini gapiruvchi ba’zi insonlar yoki tayini bo‘lmagan tashqaridagi kimlarningdir izmida yurayotganlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali mo‘min-musulmonlarning sha’nlarini toptash bilan ularga ozor berayotganlarini ko‘p uchratmoqdamiz. Xususan, ular dinimiz xodimlari, shariatimiz ahkomlarini yetkazuvchi ilm ahllari bo‘lgan imom-xatiblarni “o‘zlaricha muhokama qilib”, ortlaridan bemalol g‘iybat qilmoqdalar. Vaholanki, necha yillardan buyon shu imomlarning ortidan o‘zlari iqtido qilib keladilar. Islom dinini, shariat ahkomlarini yetkazishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga olgan ulamolar sha’niga yomon so‘zlarni gapirish Alloh va Uning rasulini g‘azabini keltiradigan yomon ishdir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Kim din olimlarini masxara qilsa, oxirati kuyadi. Kim podsho va amirlarni masxara qilsa, dunyosi barbod bo‘ladi. Kim o‘z birodarlarini masxara qilsa muruvvat va haybati yo‘qoladi”, – degan.
Alloh taoloning joriy bo‘lgan odatlaridan biri shuki, ilm ahli va ulamolarni tahqirlagan va masxara qilgan odamni mana shu dunyoning o‘zida xor qiladi. Suhayl Andalusiy rahmatullohi alayh aytadi: “Bir qo‘shnimiz bor edi. Alloh boylik va obro‘ni berib qo‘ygan, juda serdavlat edi. Uning eng yomon odati din olimlarini kalaka qilish va ularga aziyat berish edi. Bir kuni Alloh roziligini istab nasihat qildim. U meni kamsitib, uyidan haydadi. Allohga qasamki, oradan 20 yil o‘tib falaj bo‘lib qoldi. Mol dunyosidan ayrildi. Muhtojlikdan shahar bozorida tilanchilik qila boshladi. Bir kuni bozorda ko‘rinmay qoldi. Oradan uch kun o‘tib, bozor orqasidagi tashlandiq joydan jasadi topildi. Butun shahar ulamolari aziyat ko‘rgan bu insonning nihoyasi mana shunday yakun topdi”.
Payg‘ambar alayhissalom o‘zlarining hadisi shariflaridan birida ana shunday mo‘min-musulmonlarni g‘iybat qilib, ularni ayblarini axtarib, aziyat beradigan kimsalarga qarata shunday deganlar:
"يَا مَعْشَرَ مَنْ آمَنَ بِلِسَانِهِ وَلَمْ يَدْخُلِ الإِيمَانُ قَلْبَهُ لاَ تَغْتَابُوا الْمُسْلِمِينَ وَلاَ تَتَّبِعُوا عَوْرَاتِهِمْ فَإِنَّهُ مَنِ اتَّبَعَ عَوْرَاتِهِمْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ وَمَنْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ يَفْضَحْهُ فِى بَيْتِهِ"
(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ)
ya’ni, “Ey tili bilan imon keltirib, qalbiga esa imon kirmaganlar, (qalbi bilan imon keltirmaganlar) musulmonlarni g‘iybat qilmang va ularning aybini poylab-qidirmanglar! Chunki kim ularning aybini qidirsa, Alloh taolo uni o‘zining aybini qidiradi va garchi uyining ichida (odamlardan maxfiy bo‘lsa ham, uni oshkor qilib) sharmanda qiladi”, – (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan(.
Shariatimiz birovga aziyat yetkazishdan qaytarishi, aziyat berganga turli iqoblarni belgilashi barobarida mo‘minlardan aziyatni ketkazganga jannatni va’da qilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘tgan qavmlardan bir kishini xabarini berib, shunday deganlar:
مرَّ رجلٌ بِغُصْنِ شَجَرَةٍ عَلَى ظَهْرِ طَرِيقٍ، فَقَالَ: وَاللهِ لَأُنَحِّيَنَّ هَذَا عَنِ الْمُسْلِمِيْنَ لَا يُؤذِيْهِمْ
فأُدْخِلَ الْجَنَّة
(رَوَاهُ الإمَامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Bir kishi yo‘l ustida yotgan daraxt shoxini oldidan o‘tib qolib: “buni musulmonlar(ning yo‘li)dan olib tashlayinki, ularga aziyat bermasin”, – degan edi. Natijada o‘sha inson jannatga kiritildi” (Imom Muslim rivoyati).
قاَلَ الإِمَامُ البَغَوِيُّ رَحِمَهُ اللهُ تَعَالَى: " أَفْضَلُ الْمُسْلِمِيْنَ مَنْ جَمَعَ إِلَى أَدَاءِ حُقُوقِ اللهِ تَعَالَى أَدَاءَ حُقُوقِ الْمُسْلِمِيْنَ، والكَفَّ عَنْ أَعْرَاضِهِمْ".
Imom Bag‘aviy rahimahulloh: “musulmonlarning eng afzali Alloh taoloning haqlarini ado etish bilan musulmonlarning haqlarini ado etishni jamlagan hamda musulmonlarning sha’nlaridan tiyilgan kishidir”, – deganlar.
Dinimizda kishi atrofidagi insonlarga aziyat bermaslikning o‘zi hatto sadaqa qilganning savobiga teng ekani aytib o‘tilgan. Bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalardan biriga nasihat qilib, shunday deganlar:
تَكُفُّ شَرَّكَ عَنِ النَّاسِ فَإِنَّهَا صَدَقَةٌ مِنْكَ عَلَى نَفْسِكَ
ya’ni: “Odamlarga yomonlik qilishdan tiyiling. Zero bu ham sizga sadaqa bo‘lur”, – dedilar (muttafaqun alayh).
Mo‘min-musulmonlar o‘zaro birdamlikda hayot kechirishliklari, bir-birlaridan hayot qiyinchiliklarini aritish payida bo‘lishlari ibodatlarning afzali sanaladi. Zero Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qilib, shunday deganlar:
"أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللهِ أَنْفَعُهُمْ، وَأَحَبُّ الأَعْمَالِ إِلَى اللهِ عَزَّ وَجَلَّ سُرُورٌ تُدْخِلُهُ عَلَى مُسْلِمٍ، أَوْ تَكْشِفُ عَنْهُ كُرْبَةً، أَوْ تَقْضِيَ عَنْهُ دَيْناً، أَوْ تَطْرُدَ عَنْهُ جُوعاً"
(رَوَاهُ الإمَامُ الطَّبَرَانِيُّ وَالإمَامُ ابْنُ أَبِي الدُّنْيَا، وَهُوَ حَسَنٌ)
ya’ni: “Insonlarning Allohga eng mahbubi – ularning o‘zgalarga manfaatlirog‘idir. Amallarning ichida Alloh azza va jallaga eng mahbubrog‘i – musulmon kishiga xursandchilik keltirishingiz, yoki undan biror tashvishini aritishingiz, yoki uning biror qarzini to‘lab berishingiz yoki ochligini ketkazishingizdir”, – deganlar (Imom Tabaroniy va Imom Ibn Abiddunyo rivoyati).
Tezisning 11 yanvar 2-soniga ilova
“VATAN HIMOYASI – SHARAFLI BURCH”
Hurmatli vatandoshlar! 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish –har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash – shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e’tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabr kun Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi va unda harbiy soha haqida shunday dedi: “Birinchidan, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini, Qurolli kuchlarning jangovor salohiyatini oshirish, milliy mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish, har qanday xavf xatarga qarshi doimo shay turishimiz lozim.
Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshlangan islohotlarni mantiqiy yakuniga yetkazish kerak...”.
Muhtaram jamoat! Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o‘zini baxshida etish eng ulug‘ savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadis rivoyat qilingan:
"عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib bedor bo‘lgan ko‘z” (Imom Termiziy rivoyati).
Qanchadan-qancha amallar borki, ko‘rinishidan oddiy ishga o‘xshagani bilan chiroyli va yaxshi niyat ila savobi ulug‘ amalga aylanadi. Xuddi shu kabi vatan himoyasi, harbiy xizmat ham ana shunday savobli, zarur, muhim amallar qatoriga kiradi. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Insonlarning yaxshisi – insonlarga manfaatlisidir”.
Hurmatli jamoat! Barchangizni 14 yanvar “Vatan himoyachilari kuni” bilan tabriklaymiz, Alloh taolo sizu bizga jonajon Vatan himoyachisi va munosib farzandlar bo‘lish baxtini nasib etsin!
Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin! Omin!
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati