Arslon – mushuksimonlar oilasiga mansub bo‘lib, yirik sut emizuvchi vahshiy hayvondir.
Erkak arslonning og‘irligi 160-180 kg atrofida bo‘lib, ba’zilarining vazni 230 kg bo‘lishi mumkin. Uzunligi 3 metrga, yerdan balandligi bir metrga yetadi.
Urg‘ochi sher erkagiga qaraganda har tarafdan 30 sm qisqaroq bo‘ladi.
Arslonning tezligi soatiga 55 km.ga yetadi.
Ular asosan kechqurun ov qiladi.
Odatda urg‘ochi sherlar ov qiladi. Erkak arslon esa jamoani mudofaa qiladi.
Jamoada 5 ta urg‘ochi, 2 ta erkak sher bo‘ladi. Ayrim hollarda jamoa a’zolarining soni 40 tagacha yetishi mumkin.
Kim ov qilishidan qat’i nazar o‘ljani yeyishni erkak arslon boshlab beradi. U bir o‘tirishda 35 kilogacha go‘sht yeyishi mumkin.
Erkak arslon bir o‘zi ov qiladi. Agar o‘lja katta bo‘lsa, u holda guruh bo‘lib ov qiladi. O‘ljani qo‘lga kiritgach, uni bo‘g‘zidan tishlab, o‘lgunicha kutib turadi. O‘lgach, salqin joyga sudrab olib borib, o‘sha yerda yeydi. 270 kg keladigan zebrani bir o‘zi soyaga sudrab borishi mumkin. Bu og‘irlikdagi hayvonni 5-6 kishi sudray oladi.
Qari va yarador arslon odamga ham hujum qilishi mumkin.
Arslonlar asosan Markaziy Afrika mintaqasining qo‘riqlanadigan hududlari, Osiyoning Arabiston yarim oroli, Kichik, Old va Janubiy Osiyo, Hindiston kabi mamlakatlarning sahro, savanna va daryo bo‘yidagi o‘rmonlarida yashaydi.
Bundan tashqari dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi hayvonot bog‘larida ham arslonlar oila bo‘lib yashaydi.
Uning na’rasi 8 km uzoqlikdan eshitilishi mumkin.
Har 2 yilda bir marta 3-4 tadan bolalaydi. Homiladorlik davri 4-5 oy bo‘lib, bolalari 6-7 yoshida voyaga yetadi. Erkak arslon 3 yoshga yetganda, boshi va bo‘yin atrofidan yol chiqadi.
Arslonning ba’zi turlari Xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkilotining qizil kitobiga kiritilgan.
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Kitoblarda Fir’avnning ko‘milmagani, odamlarga ibrat bo‘lishi uchun yer yuzida qoldirilgani aytiladi. Agar u qabrga ko‘milmagan bo‘lsa, uning qabrdagi so‘roq-savoli va azoblanishi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Inson vafot etganidan keyin uning bu dunyo bilan aloqasi uzilib, “Barzax olami” deb ataladigan boshqa bir olamga ko‘chadi. Uni oddiy qilib qabr hayoti deb ataladi. Qabr deganda faqat yerdan qazilgan chuqurlik nazarda tutilmaydi, balki inson vafot etganidan keyin uning jasadi qayerda bo‘lsa, o‘sha joy uning qabri hisoblanadi. Shu bois, odatda barzax olamidagi azob “qabr azobi” deb hisoblanadi.
Mayyit dafn qilinmagani uchun yer yuzida qoldirilgan bo‘lsa ham uni dunyo olamida emas, balki barzax olamida deyiladi. Alloh taolo O‘zining cheksiz hikmati bilan barzax olamidagi haqiqatlarni odamlardan yashirib qo‘ygan. Shu sababli mayyitning boshidan o‘tayotgan yaxshi yoki yomon holatlarni bu dunyodagilar ko‘ra olmaydi.
Fir’avnning jasadi yoki uning tana a’zolari qayerda va qaysi holatda bo‘lmasin, unga qilgan jinoyatlari va amallariga yarasha barzax azobi beriladi.
Mashhur yurtdoshlarimizdan So‘fi Ollohyor hazratlarining “Sabotul ojizin” kitobida mazkur masala quyidagicha tushuntirilgan:
“Agar chandi ki go‘rsiz o‘lsa inson, So‘rolur, albatta, beshakku nuqson.
Agar daryoda o‘lsun yo osilsun, Azob etsa, bani odam na bilsun.
Daranda odam o‘g‘lin qilsa xo‘rok, gumon yo‘qdur, so‘rar qornida, ey pok.
Agar banda muazzab bo‘lsa anda, qolur tuymay bu ishni ul daranda.
Nechuk qilsa erur Qodiru Nosir, Bu yerda bandasining aqli qosir”.
Demak, inson vafot etgandan keyin u uchun barzax olami boshlanadi va qay holatda bo‘lishidan qat’iy nazar uning so‘roq-savoli hamda azob yoki rohati muqarrar sodir bo‘ladi. Musulmon inson mana shunday e’tiqodda bo‘lishi zarurdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi