Hazrati Hafsa (roziyallohu anhu) bilimli, yuksak axloqli, irodasi mustahkam, sadoqatli bir sayyida ayol edi. U hijratning uchinchi yili Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) oilalariga qo‘shilib, mo‘minlarning onasi bo‘lish sharafiga erishdi.
Hazrati Hafsa tabiatan biroz qattiqqo‘l edi. Hazrati Oyisha onamiz uni shunday tavsif etadi: “Hafsa tom ma’noda otasining qizidir. Mustahkam irodasi bor. Bir so‘zli va qat’iyatlidir“. Bir kuni Rasuli Akram Hafsa onamiz oldida Hudaybiyada bay’at etgan as'hobni eslab: — Inshaalloh, Hudaybiyada bay’at etgan as'hobim jahannamga kirmaydi, — deb marhamat qildilar. Hafsa (roziyallohu anhu) esa: “Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushguvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringiz (amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir“, (Maryam,71) oyatini o‘kidi. Payg‘ambarimiz ham unga: “So‘ng taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz“, (Maryam, 72) oyatini o‘qib, javob berdilar. Hazrati Hafsa onamiz ibodatda mustahkam edi. Ko‘p namoz o‘qir va nafl ro‘za tutardi. Uning hayoti ham boshqa onalarimiz kabi faqirlikda o‘tdi. Yotoq o‘laroq foydalanadigan birgina sholchasi bor edi. Yoz kunlari uni tagiga to‘shar, qishda esa bir tarafini ostiga to‘shab, bir tarafini ustiga yopardi. Ko‘pincha yeyishga non topolmas edi. Shunday bo‘lsa ham sira shikoyat qilmas, doim shukr qilib yashardi. U Rasuli Akramga (sollallohu alayhi va sallam) sadoqat va muhabbat bilan bog‘langan edi. O‘ziga hadya qilingan narsalarni yeb-ichmay, Rasulullohga ikrom qilardi. Ul zotni doimo o‘z nafsidan yuksak va afzal bilardi. Bir kuni Hazrati Hafsaga bir tulum asal tortiq qilishdi. Rasuli Akram uning xonasiga kirganlarida, Hafsa o‘sha asaldan ikrom etardi.
Hazrati Hafsa Faxri Koinotning (sollallohu alayhi vasallam) dorulbaqoga irtixollaridan so‘ng ham muhim xizmatlarni ado etdi. Hazrati Abu Bakr davrida Qur’oni karim oyatlari bir yerga to‘planib, Mus'haf holiga keltirilgan edi. Bu yagona nusxa Hazrati Abu Bakrda turardi. Vafotidan so‘ng Hazrati Umarning nazoratiga berildi. Hazrati Umar ham yaralanib, shahid bo‘lgach, qizi Hazrati Hafsa onamizga topshirildi. Hazrati Hafsa uni sadoqat bilan muhofaza qildi. Hazrati Usmon davrida bu nusxa ko‘paytirildi.
Saidabror Umarov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zi oilalarda ko‘radigan holatlarimizdan biri, agar ayol kasal bo‘lib qolsa, eri uni ayolning uyiga olib borib qo‘yadi. Tuzalganidan keyin esa o‘zining uyiga qaytarib olib keladi. Bunday ish tutish muruvvat sohiblariga aslo yarashmaydigan ishdir. Bunda ayolning nafsiga aziyat berish bordir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Badr g‘azotida qatnashmadilar, g‘oib bo‘ldilar. Chunki u zotning ayollari Ruqayya binti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq betob edilar...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotga: “Senga Badrga qatnashgan va o‘q otgan kishining ajri bo‘lur”, deganlar.
Endi o‘ylab ko‘r, Alloh seni va meni rahm qilsin, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qanday qilib (bemor) ayolini yonida bo‘lish va unga qarashni Allohning yo‘lidagi mujohidning ajri bilan teng o‘ringa qo‘yganlariga qara!
Har qanday jangchi emas, balki Badrda ishtirok etgan jangi bilan (teng o‘ringa qo‘ydilar). Alloh taolo Badr ahliga nazar solgan va bu g‘azot haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam as’hoblariga qarata: “Alloh Badr ahliga qarata “Istaganingizni qiling, sizlarni mag‘firat qildim” dedi”, degan edilar.