Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotgan edilar. Bir daraxt yonidan o‘tayotganlarida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishiga daraxga chiqib, misvok uchun shoxidan olib tushishni amr qildilar. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu darhol daraxtga chiqa boshladilar.
Buyuk sahobiy vazni yengil, ixcham va ozg‘in kishi edilar. Shoxni sindirayotganlarida shamol esib, u kishining kiyimlarinining etagini ko‘tarib yuborib, natijada boldirlari biroz ochilib qoldi. Boldir juda ham ingichka edi. Bu holni kuzatib turgan pastdagilar kulib yuborishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Nima uchun kulyapsizlar?! Boldiri ingichkaligi uchunmi?! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu (boldir)lar (oxiratdagi) tarozuda Uhuddan ham og‘irroq bo‘ladi” deb marhamat qildilar.
Ha azizlar, gohida bir kishining yoki bir narsaning haqiqati siz ko‘rib, eshitib turganingizdek bo‘lmaydi.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu jussalari kichik inson bo‘lsalar ham ilmda, fiqhda u kishiga yetadigani bo‘lmagan. Hatto hazrati Umar roziyallohu anhudek zot ham u kishining ilmlariga havas qilganlar. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Madinadagi sanoqli faqih sahobalardan biri edilar.
Yuqoridagi voqeada sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oxiratdagi mezonda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ikki oyoqlarining og‘irligi Madinadagi Uhud tog‘idan ham og‘irroq vazn bosishining xabarini bermoqdalar.
“Vaziyatlarni boshqarish san’ati” kitobidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati