Alloh taoloning biz bandalarga bergan ne’matlari juda ko‘p. Biz bu ne’matlarni sanab sanog‘iga, shukr qilib bu ne’matlar shukronasini adog‘iga yetkaza olmaymiz. Ana shunday ne’matlardan biri Alloh taolo bizni Muhammad sallollohu alayhi vasallamning ummatidan qilganidir. Buning ulug‘ sharafligiga siyrat kitoblarini o‘qish asnosida amin bo‘lamiz.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ummatlari uchun juda qayg‘urardilar. Huddi, ona o‘z bolasiga qanday qayg‘ursa ana o‘shanday ummatlari ustida g‘am chekar edilar. Balki u zot sallollohu alayhi vasallam ummatlariga onadanda mehribonroq edilar. Hattoki asir tushgan mushriklarga ham rahm qilardilar. Birinchi ularni iymonga chaqirib ko‘rar, agar iymon keltirishmasa islomga qarshi gapirmaslik sharti bilan ularni ozod qilib, ularga rahm qilar edilar. Yana mehribonliklari timsoli sifatida Toif voqealarini misol qilib keltirishimiz mumkin. Toif safarida u zotni toshbo‘ron qilishdi. Vaholanki Rosululloh sallollohu alayhi vasallam Toif ahliga iymonga kelishni, Allohga hech narsani shirk keltirmaslikni taklif qilgandilar xolos. Shundan so‘ng Alloh taolo Toif ahlining halok bo‘lishi yoki omon qolishi ixtiyorini Rasululloh sollfllohu alayhi vasallamga topshirdi. Ammo u zot sollallohu alayhi vasallam Toif ahliga rahm qilib mehribonlik ko‘rsatdilar, ularga bir yomonlikni istash o‘rniga ularni duo qildilar. Endi o‘ylab ko‘ringa kofirlarga rahm qilgan zot qanday qilib o‘z ummatlariga mehribonlik qilmaydilar?
Rosululloh sallollohu alayhi vasallam duo qilib o‘zlarini oldilaridagi sahobiylarga, nafaqat sahobiylarga balki kelajakda keladigan ummatlari uchun ham ofiyatni, najotni so‘rar edilar. Quyidagi hadisda esa ummatlari uchun zahira qilib olib qo‘ygan eng katta duolari tasvirlangan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning qabulida shak yo‘q duosi bo‘ladi. Barcha Nabiylar o‘z duolarini (bu dunyoda) qilib bo‘ldilar. Men o‘z duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo‘lishi uchun berkitib qo‘yganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk qilmay o‘lganlarga, albatta, yetguvchidir”,-dedilar. Ikki shayx va Termiziy rivoyati.
Bu hadisdan Nabiy sallollohu alayhi vasallamga Robbilari tomonidan qabul bo‘lishiga shak-shubha yo‘q bo‘lgan duo berilganini, Nabiy sallaollohu alayhi vasallam esa bu duolaridan o‘zlari uchun emas, ahli oilalari uchun emas balki ummatlarini shafoat qilish uchun foydalanganlarini anglaymiz. Bunday ummat g‘amini yana qayda ko‘rishimiz mumkin?
Alloh taolo Nabiy sallollohu alayhi vasallamga Zuho surasining 5-oyatini nozil qildi:
وَ لَسَوْفَ يُعْطِيْكَ فَتَرْضَى
“Yaqinda Robbingiz Sizga (shunday ne’matlar) ato eturki, Siz (u Ilohiy marhamatlardan) rozi bo‘lursiz”.
Shunda u zot sallollohu alayhi va sallam: “Ummatimdan birortasi do‘zahda bo‘lsa rozi bo‘lmayman”, - dedilar. Subhanalloh!!! Bizning ahvollarimiz habibimizning bunday e’tiroflariga arzirmikan? Bunday hadislarni o‘qib insonning ko‘ziga yosh keladi, qalbi titraydi. Beixtiyor hozirgi kundagi u zotning sunnatlariga beetiborlik, u zotning ko‘rsatmalariga amal qilmaslik natijasida paydo bo‘lgan turli xil jamiyat illatlari ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bunday paytda har birlarimiz “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun nima qilyapmiz?”, “U zotga salovat aytyapmizmi?”, “U zotning sunnatlariga amal qilyapmizmi?”, “U zotning siyratlarini o‘rganyapmizmi?” degan savollarni o‘zimizga bergan holimizda U zotga g‘oibdan qattiq muhabbat qo‘yishimiz kerak. Zeroki, u zotga muhabbat qo‘ymaguncha komil mo‘min bo‘la olmaymiz. Alloh taolo hammalarimizga Rosullulloh sallollohu alayhi vasallmga nisbatan sahobiy roziyallohu anhumlarnikidek muhabbat, harislik ato etsin!!!
"Ko‘kaldosh" o‘rta mahsus islom bilim yurtining 4-kurs talabasi
Xushvaqtov Abdulhay.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).