Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

14.12.2018 y. Vaqf – buyuk islomiy qadriyat

11.12.2018   9082   13 min.
14.12.2018 y. Vaqf – buyuk islomiy qadriyat

بسم الله الرحمن الرحيم

VAQF – BUYUK ISLOMIY QADRIYAT

Muhtaram azizlar! Bugungi juma mav’izamizda Islom dinidagi eng savobli va ayni paytda mo‘min-musulmonlarning manfaati uchun juda muhim bo‘lgan xayriya amali haqida suhbatlashamiz. Bu xayriya amalini “vaqf” deyiladi. Vaqf Islom shariatida keng targ‘ib etilgan, manfaati davomli, savobi uzluksiz bo‘lgan iqtisodiy xayriya ishidir. Qadimdan mo‘min-musulmonlar vaqfning manfaati va savobidan umidvor bo‘lib, bunga katta ehtimom qaratib kelganlar. Xususan, sahobalar davrida vaqf xayriya ishlariga hissa qo‘shmagan kishilar deyarli bo‘lmagan. Sahobalardan Zayd bin Sobit raziyallohu anhu shunday deganlar:

قَالَ زَيْدُ بْنُ ثَابِتٍ رضي الله عنه: لَمْ نَرَ خَيْراً لِلْمَيِّتِ وَلَا لِلْحَيِّ مِنْ هَذِهِ الْحُبُسِ الْمَوْقُوفَةِ أَمَّا الْمَيِّتُ فَيَجْرِي أَجْرُهَا عَلَيْهِ وَأَمَّا الْحَيُّ فَتُحْتَبَسُ عَلَيْهِ وَلَا تُوْهَبُ وَلَا تُوْرَثُ وَلَا يَقْدِرُ عَلَى اسْتِهْلَاكِهَا

ya’ni: “Mayyit uchun ham, tirik uchun ham ushbu vaqf qilingan mulklardan ko‘ra foydaliroq narsani ko‘rmaganmiz. Mayyit uchun uning savobi oqib borib turadi, tirik uchun esa, mulki saqlanib qoladi, u na hadya qilib yuboriladi, na merosga qoldiriladi va na yo‘qolib ketadi”. Jobir raziyallohu anhu esa:

قَالَ جَابِرٌ رضي الله عنه: لَمْ يَكُنْ أَحَدٌ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم ذُو مَقْدَرَةٍ إِلَّا وَقَفَ

ya’ni: “Payg‘ambar alayhissalomning sahobalaridan qodir bo‘lganlari borki, albatta vaqf qilgan”, – deganlar. Demak, musulmonlar orasida xoh boy bo‘lsin, xoh o‘rtahol bo‘lsin, har kim o‘z holiga yarasha biror narsani vaqf qilishi yaxshi odatga aylangan. Kimdir masjid, madrasa, shifoxona kabi ko‘chmas mulklarni, kimlardir ilmiy kitoblarni va yana kimlardir uy-ro‘zg‘or anjomlarini mo‘min-musulmonlarga vaqf qilib qoldirganlar. Albatta, ularning bu kabi xayriya ishlarini amalga oshirishlarida Alloh taoloning Kalomidagi quyidagi oyati karimasi ularga katta umid baxsh etgan:

  فَمَنْ يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ

ya’ni: “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar” (Zalzala surasi, 7-oyat).

Muhtaram jamoat! “Vaqf” so‘zi lug‘atlarda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarida keladi. Shar’iy ta’rifi esa: “Muayyan narsaning aslini saqlab qolib, undan keladigan foydani sadaqa qilishdir”.

Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, merosga qo‘shib taqsimlanmaydi. Masalan yer-suv, uy-joy, maktab, masjid, shifoxona, kutubxona, mevali bog‘lar va boshqalar musulmonlar tekin foydalanishlari uchun vaqf qilinishi mumkin.

Vaqf – shariatimizga ko‘ra mustahab bo‘lgan ibodat ekaniga ulamolarimiz ittifoq qilganlar. Bunga dalil sifatida ko‘plab oyat va sahih hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Jumladan, Qur’oni karimning Baqara surasida shunday deyiladi:

مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

(سورة البقرة الاية-261)

ya’ni: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat).

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رضي الله عنه أَصَابَ أَرْضًا بِخَيْبَرَ، فَأَتَى النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم يَسْتَأْمِرُهُ فِيْهَا، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي أَصَبْتُ أَرْضًا بِخَيْبَرَ لَمْ أُصِبْ مَالًا قَطُّ أَنْفَسَ عِنْدِي مِنْهُ، فَمَا تَاْمُرُ بِهِ قَالَ: إِنْ شِئْتَ حَبِسْتَ أَصْلَهَا وَتَصَدَّقْتَ بِهَا قَالَ: فَتَصَدَّقَ بِهَا عُمَرُ أَنَّهُ لَا يُبَاعُ وَلَا يُوْهَبُ وَلَا يُوْرَثُ، وَتَصَدَّقَ بِهَا فِيْ الْفُقَرَاءِ وَفِي الْقُرْبَى وَفِي الْرِقَابِ وَفِي سَبِيْلِ اللهِ وَابْنِ السَّبِيْلِ وَالضَّيْفِ...

(أخرجه الامام البخاري)

ya’ni: “Umar ibn Xattob raziyallohu anhu xaybardagi ulushlari hisobidan yerga ega bo‘ldilar. Shunda Nabiy sallallohu alayhi vasallamning oldilariga maslahatga borib: “Ey Allohning Rasuli, menga Xaybardan bir yer tegdi, men hech qachon bunchalik yaxshi molga ega bo‘lgan emasman. Buni nima qilishimga buyurasiz?” dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar istasangiz, aslini saqlab qolib, foydasini sadaqa qiling”, dedilar. Shundan so‘ng Umar uni sotilmaydigan, hadya qilinmaydigan, meros qoldirilmaydigan qilib, faqirlarga, qarindoshlariga, qullarni ozod qilishga, Alloh yo‘lidagilarga, musofirlarga, mehmonlarga sadaqa qildilar (Imom Buxoriy  rivoyati).

Ulamolar quyidagi hadisni aynan vaqf ishiga dalil deb aytganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: إِذَا مَاتَ ابْنُ آدَمَ اِنْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ،

صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi vafot etgach, barcha amallari undan uziladi: faqat uchta amalidan savob kelib turadi: sadaqai joriyadan, foydalanib turiladigan ilmdan va haqqiga duo qilib turadigan solih farzanddan” (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarning ko‘pchiliklari ushbu hadisi sharifdagi “sadaqai joriya”dan jumlasini “vaqf” deya izohlashgan. Chunki vaqf qilingan mulkning ajri doimiy ravishda vaqf qilgan insonga borib turadi.

Vaqfni joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad ikkita:

1) Allohga taqarrub hosil qilish. Ya’ni, savob umidida xayriya qilib, oxiratga savob jamg‘arish;

2) Jamiyatdagi muhtoj kishilarning og‘irini yengil qilib, ularga yordam berishni yo‘lga qo‘yish.

Vaqfning to‘rtta rukni bo‘lib, ular:

1) Vaqf qiluvchi shaxs (voqif);

2) vaqf qilish lafzi (siyg‘a);

3) vaqf qilinayotgan mol (mavquf);

4) vaqf moli tasarruf etiladigan jihat (mavquf alayhi).

O‘z navbatida ushbu har bir ruknning durust bo‘lishida shartlari bor:

1) Vaqf qiluvchi shaxs hur, bolig‘, oqil, mulkka ega bo‘lgan va vaqf qilishga majburlanmagan bo‘lishi shart.

2) Vaqf qilishda vaqfga ochiqdan ochiq dalolat qiluvchi lafzlar ishlatilishi shart. Masalan, “vaqf qildim”, “Alloh yo‘liga sadaqa qildim” kabi. Yoki vaqf qilishga dalolat qiluvchi kinoya so‘z aytish yoki ishora qilish va vaqfni niyat qilish shart.

3) Vaqf qilinayotgan narsa

  • qiymatga ega bo‘lgan,
  • foydalanish mumkin bo‘lgan (harom bo‘lmagan) narsa bo‘lishi,
  • vaqf qilish vaqtida vaqf qiluvchining mulkida bo‘lishi,
  • vaqf qilish vaqtida ma’lum bo‘lishi (noaniq bo‘lmasligi) shart.

Vaqf qilinayotgan mol naqd pul bo‘lishi ham, qo‘chmas mulk bo‘lishi ham, ilmiy kitoblar, uy-ro‘zg‘or anjomlari va hokazo bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, foydalanish bilan tugab qoladigan (masalan, taomga o‘xshash) narsani vaqf qilib bo‘lmaydi.

4) Vaqfni tasarruf etiladigan jihat shariatda harom qilingan (ta’qiqlangan) jihat bo‘lmasligi shart. (Masalan, tinchlikni buzishga, urush olovini yoqishga o‘xshash).

Vaqf qiluvchi vaqfdan keladigan foydaning hammasini yoki ba’zisini o‘ziga vaqf qilishi mumkin. Bunda vafot etgandan keyin foydasi fuqarolarga bo‘lishi sharti bilan. Bu Abu Yusufning so‘zlari bo‘lib, “Fatavoi Qozixon”da “bunda odamlarni vaqf qilishga targ‘ib bordir” deyilgan.

Muhtaram jamoat! Vaqf ishlari qadimdan yurtimizda joriy bo‘lib kelgan. Aholining o‘ziga to‘q qatlami ixtiyoriy ravishda turli mulk (yer, do‘kon va boshqa daromad manba)larini asosan madrasalarning ustoz va talabalariga, masjidlarning ta’minotiga, faqir va miskin insonlarning ehtiyoji uchun vaqf qilganlar. Hozirgi kunda “vaqf” tushunchasini to‘g‘ri anglashimiz va uni hayotimizga qayta joriy etishimiz jamiyatimiz uchun juda ko‘plab manfaatlar keltiradi.

 Sho‘rolar davrida to‘xtab qolgan vaqf,  Yaratganga shukrki, shu kunlarga kelib, qayta tiklandi. Alhamdulilloh, joriy yilning 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi va shu Farmon asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondini tashkil qilishdan maqsad, avvalo, islom dinidagi ulug‘ qadriyatlardan birini qayta tiklash bilan birga, xalqimiz orasida mehr-muruvvat rishtalarini yanada mustahkamlashga sabab bo‘ladigan xayriya ishlarini yo‘lga qo‘yishdir. Shuning uchun quyidagilar “Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash;
  • diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
  • masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan fuqarolarning ehsonlari xisobidan bir qancha xayriya tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan,

  • “Masjid va madrasalar uchun kitob” loyihasi doirasida chekka hududlardagi masjidlarga diniy kitoblar to‘plami yetkazilmoqda,
  • “Ilmga e’tibor – kelajakka e’tibor” loyihasi doirasida 145 nafar oliy ta’lim muassasalari talabalariga 1,28 milliard (bir milliard ikki yuz sakson million) so‘mdan ziyod hajmidagi kontrakt pullari to‘lab berildi,
  • “Ilm yo‘lida ko‘mak beramiz” loyihasi doirasida 54 nafar diniy ta’lim muassasalari talabalariga 161 million (bir yuz otmish bir million) so‘m hajmidagi kontrakt pullari to‘lab berildi,
  • “Malham” loyihasida tibbiy yordamga muhtoj kam ta’minlangan fuqarolarga,
  • “Nikoh to‘ylari”, “Ehtiyojmandlarga ko‘mak” loyihalarida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Bugungi kunga qadar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan jami 3,5 milliard so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

Hozirda “Masjidlar va madrasalar binolarini ta’mirlash va qayta qurish”, “Obod xonadon” va chekka qishloqlarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga qaratilgan “Obi hayot” loyihalarini boshlash rejalashtirilmoqda.

Shu narsani yaxshi anglashimiz lozimki, vaqf qilingan mol-mulkni maqsadli tasarruf etish uchun nozir ta’yin etiladi. Nozirning vazifasi vaqf qilingan narsani  maqsadli tasarruf etilishligini nazorat qilib boradi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi aynan vaqf ishlari bo‘yicha nozir maqomida hisoblanadi. Ya’ni, fuqarolar tomonidan vaqf uchun tayin qilingan mol-mulk “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ro‘yxatga olinib, qaysi yo‘nalishga vaqf qilingan bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishga sarf etilishini nazorat qilib boradi.

 “Vaqf” xayriya jamoat fondiga fuqarolardan kelib tushadigan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari Fondning alohida hisob raqamida to‘planadi va mustahiq o‘rinlarga sarflanadi.

Bugungi kunga qadar “Vaqf” xayriya jamoat fondi Respublikamizdagi 300 dan ortiq masjid va ziyoratgohlar majmuasiga tijorat banklari bilan hamkorlikda infokiosklar o‘rnatgan bo‘lib, endilikda yurtimiz mo‘min-musulmonlari xayriya, vaqf, zakot, ushr, fitr va fidya to‘lovlarini qulay tarzda amalga oshirishlari mumkin.

Buning uchun infokiosk orqali kerakli tillardan birini tanlab, to‘lov xizmatlari tugmasi bosiladi. Hamda “Xayriya”, “Zakot, fidya, fitr, ushr” va “Vaqf” xizmatlaridan kerakli bo‘limni tanlab bank kartasi yoki naqd pul orqali kerakli summani o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bu bilan nafaqat xayriya to‘lovlarini amalga oshirish, balki uni Fond tomonidan qaysi o‘ringa yo‘naltirilayotganini nazorat qilishi ham mumkin bo‘ladi. 

Alloh taolo Qur’oni karimda فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ  degan, ya’ni, “Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o‘zishga oshiqingiz”! (Baqara surasi, 147-oyat). Shunday ekan, oxiratimiz uchun zaxira bo‘ladigan savoblarni yig‘ishda musobaqalashaylik!

Alloh taolo barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan xayrli ishlarga muvaffaq aylasin! Omin!      

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   53936   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari