Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2026   |   3 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2026, 3 Zulqa`da, 1447

Ayolini e’zozlagan yurtning poydevori mustahkam bo‘ladi

07.12.2018   4983   5 min.
Ayolini e’zozlagan yurtning poydevori mustahkam bo‘ladi

Oilalarimiz chirog‘i va charog‘boni bo‘lgan ayollarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Muqaddas dinimiz ham nozik xilqat egalarining haq-huquqlarini to‘la-to‘kis ta’minlab berdi.

Islomdan avval ayol kishi inson o‘rnida ko‘rilmas, qiz tug‘ilgan chaqaloqlar tiriklayin ko‘milar edi. Mana shu illatning o‘zi ham johiliyat davrida ayolga bo‘lgan munosabat qanday bo‘lganini ko‘rsatadi. Islom dini ayollarning huquqlarini to‘liq kafolatladi. Ularni erkaklardek jamiyatning to‘laqonli a’zosi ekanini amalda ko‘rsatib berdi. Qur’oni karimdagi uzun suralardan birining nomi “Niso”, ya’ni “Ayollar” deb ataladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ayol nomini ulug‘lash, uning sha’nini ko‘tarish, haq-huquqlarini belgilab berishda faqat Islom ummatiga emas, balki butun insoniyatga ibrat va namuna bo‘ldilar.

Dinimizda ayol ona, opa, singil, qiz sifatida nihoyatda ulug‘lanadi. Islom – mening dinim, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom – mening Payg‘ambarim, degan kishi borki, avvalo u ayolni e’zozlashi shart.

Afsuski, so‘nggi paytlarda ayollarni xo‘rlash, kamsitish holatlari ko‘p kuzatilyapti. Arzimas bahonalar bilan janjal chiqarib, turmush o‘rtog‘ini do‘pposlayotgan erkaklar safi kengayib bormoqda.

Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida respublikamiz miqyosida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” nomi ostida tadbirlar o‘tkazilayotgani davlatimizning ayollarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligining amaldagi ifodasidir.

Tahlillarga ko‘ra, ayni paytda dunyo miqyosida 33 – 50 foiz ayollar erlarining kaltaklashi, do‘pposlashi oqibatida halok bo‘layotgan ekan. Bu esa, o‘z navbatida, nozik jins vakilalarini maishiy jinoyatlardan himoya qilish davr talabi ekanligini ko‘rsatib turibdi. 

Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi ayni vaqtda ayolni e’zozlash va qadriga yetishdek fazilatni ko‘rsatgan manba bo‘lib yuzaga keldi. Muallif asarda ayollarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish kerakligini dalil-isbotlar bilan yoritib bergan.

Har bir turmush qurayotgan yigit va qizlarimizga nikoh, oilaning muqaddasligi, mahr, taloq, idda, oilada erning mas’uliyati, oilada ayolning vazifalari, farzand tarbiyasi borasida nikohdan oldin tushuncha olishlari hozirgi zamon talabiga aylangan. Inson hayotining nikohdan keyingi davrining muvaffaqiyatli kechishi yoki aksincha bo‘lishi ko‘p narsalarga bog‘liq. Oila sha’nini pok saqlash uchun uni saodatli va mustahkam bo‘lishini istagan, turmush bo‘sag‘asida turgan har bir yosh o‘zi uchun bir umrlik jufti halol tanlashda e’tiborli bo‘lishi kerakligi Islom ta’limotida alohida ta’kidlangan. Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ayol kishi to‘rt narsa uchun nikoh qilinadi: moli, jamoli, nasabi va dini uchun. Dindorini ixtiyor qilgin, baraka topasan”, deganlar. Hadisda keltirilishicha tanlanayotgan umr yo‘ldoshning dini va odob-ahloqi e’tiborga olinishi ta’kidlangan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limiga eridan yoki erkaklardan jabr va zulm ko‘rgan ayollar kelib turishadi. Ular bilan suhbatlashib: “Zulmga uchrab, bu haqda nima uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilmaysizlar?”, deb so‘raganimizda, opa-singillarimiz mahalla-ko‘y oldida istihola qilishini, oilasi, eri va bola-chaqasi obro‘yini o‘ylashini aytishdi.

Ayollarimiz – oriyatli, ular oilasi sha’nini hamma narsadan ustun qo‘yishadi. Lekin buni suiiste’mol qilayotgan erkaklarimiz andishaning otini qo‘rqoq qo‘yishmoqda.

Ayollar, asosan, kelinlar oila a’zolari tomonidan kamsitilishi va eri tomonidan haqoratlanishini, oilada kuch ishlatilgani yoki kaltaklanganini ma’lum qilishdi.

Oilada zo‘ravonlik va kamsitishlarga uchrayotgan ayollarning asosiy qismi hayotida moddiy va maishiy qiyinchiliklar mavjudligi, turmush o‘rtog‘ining ichkilikka ruju qo‘yganligi va ro‘zg‘orga mas’uliyatsiz ekanligini bildirishgan.

Shu o‘rinda bir mulohaza.

Hurmatli erkaklar, urush davrini bir ko‘z o‘ngingizga keltiring. O‘sha paytlar qancha mashaqqatu qiyinchiliklarga momolarimiz, bobolarimiz bardosh berishgan. Lekin shunga qaramay, ular oilani muqaddas bilishgan. Nahotki, bugungi tinchlik davrida to‘qlikka sho‘xlik qilib, ayollarni haqoratlasak, ularni kamsitsak. Axir, xotin-qizlar naslimiz davomchilari-ku.

Bizga murojaat qilganlar orasida axloqsizligi tufayli homilador bo‘lib qolgan qizlar ham borligi tashvishlanarli holdir. Demak, oiladagi muhitni yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratish, qiz va o‘g‘il bolalarga yoshlikdan atrofdagilarga hurmat nazari bilan qarashni singdirib borishimiz lozim.

Alloh taolo Qur’oni karimda: “Kim – u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol – mo‘minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso surasi, 124-oyat), deya marhamat qiladi.

Hadisi shariflarda esa bunday deyilgan: «Mo‘minlarning eng imoni mukammali go‘zal xulqlisidir.  Sizlarning eng yaxshingiz ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo‘ladiganingizdir» (Imom Termiziy rivoyati).

“Ayollar xususida Allohdan qo‘rqingiz. Zero, siz ularni Allohdan omonat o‘laroq olgansiz” (Imom Muslim rivoyati).

Muxtasar qilib aytganda, biz Dinimizdan, o‘zligimizdan, ma’naviyatimizdan, milliy qadriyatlarimizdan qanchalik uzoqlashib boraversak, boshimizga shuncha kulfatlar yog‘ilaveradi. Shu ma’noda naslimiz davomchilarini tahqirlasak, o‘zimizga, kelajagimizga zulm qilgan, o‘zimiz o‘tirgan daraxt shoxini o‘zimiz kesgan bo‘lamiz. 

 

Munira ABUBAKIROVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zakot hisobidan faqir uyini ta’mirlab berish

20.04.2026   5285   2 min.
Zakot hisobidan faqir uyini ta’mirlab berish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Zakot mablag‘lari orqali kambag‘allarning uyini ta’mirlab berish mumkinmi? Bu holatda zakot ado bo‘ladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar bu ish to‘g‘ri shaklda tashkil qilinsa, albatta zakot ado bo‘ladi. Zakot mablag‘laridan uy-joylarni ta’mirlab berish bir necha ko‘rinishda amalga oshirilishi mumkin:

1. Ta’mirlash uchun pul berish.
2. Qurilish mollarini olib berish.
3. Ta’mirlash jarayonini to‘liq tashkil qilib berish.

Birinchi va ikkinchi holatda zakot ado bo‘lishi shubhasiz. Chunki birinchi holatda zakot beruvchi tomon faqirga zakotini beradi va shariatda talab qilingan “tamlik” topiladi. Ikkinchi holatda ham “tamlik” topiladi. Qolaversa, mazhabimiz qoidalariga ko‘ra zakot kabi moliyaviy ibodatlarda qiymatini yoki uning o‘rniga biror narsani mulk qilib berish joiz hisoblanadi.

Uchinchi holat esa biroz murakkab jarayon hisoblanib, agar to‘g‘ri tashkil etilsa, zakot ado bo‘ladi, aks holda zakot o‘tmaydi.

Agar zakot beruvchi tomon qurilish tashkiloti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zi shartnoma tuzib, shu orqali kambag‘alning uyini ta’mirlatib bersa, zakot ado bo‘lmay qoladi. Chunki bunda “mablag‘ni kambag‘alga mulk qilib berish” emas, balki “xizmat ko‘rsatish” yoki “foyda keltirish” sodir bo‘ladi.

Agar kambag‘al kishi zakot beruvchiga “Uyimni ta’mirlash uchun mening nomimdan usta yoki qurilish-ta’mirlash shirkatini yolla, keyin unga zakot pulidan to‘la” desa, bu holatda zakot pulidan usta yoki qurilish firmasiga to‘lashi mumkin. Chunki bu holatda zakot beruvchi kambag‘alning vakili sifatida usta yoki qurilish firmasi bilan shartnoma tuzadi. Ta’mirlash natijasida kambag‘al bilan usta yoki qurilish firmasi o‘rtasida qarzdorlik yuzaga keladi. Zakot beruvchi esa kambag‘alning buyrug‘i asosida ana shu qarzni zakot mablag‘i orqali to‘laydi.

Demak, uchinchi holatda zakot ado bo‘lishi uchun jarayonni yuqorida aytilganidek tashkil qilinishi lozim bo‘ladi.

Ana shunda zakot beruvchi kambag‘alga ta’mirlash xizmatini ko‘rsatgan emas, balki uning qarzini o‘z ruxsati bilan zakot mablag‘lari orqali to‘lagan bo‘ladi. Shunday qilinsa, zakot to‘g‘ri ado bo‘ladi Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar