Joriy yilning 10-15 iyul' kunlari mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazining muzey va eksponatlar ilmiy bo'limi mutaxassislari ishtirokida Malayziya Islom san'ati muzeyida ilmiy-amaliy va uslubiy trening tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mazkur treningni o'tkazish joriy yil fevral'-mart oylarida O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori o'rinbosari Firdavs Halimov boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga safari davomida kelishilgan edi.
Treningni tashkil etishdan maqsad O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi mutaxassislarining muzey boshqaruvi, doimiy va vaqtinchalik ko'rgazmalarni tashkil etish, tarixiy hujjat, qo'lyozma va toshbosma asarlar hamda eksponatlarni konservatsiya-restavratsiya qilish yo'nalishlarida malakaviy bilimlarini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tajriba almashishdan iborat.
O'quv dasturi davomida muzey boshqaruvining zamonaviy xalqaro standartlari, doimiy va vaqtincha ekspozitsiyalarni shakllantirish, muzey faoliyatida ta'lim dasturlarini joriy qilish va rejalashtirish, ushbu dasturlarni maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun tabaqalashtirish, muzey faoliyatida marketing va muzey imijini shakllantirish instrumentlari, muzey faoliyatining xavfsizligini ta'minlash kabi mavzularga bag'ishlangan mashg'ulotlar o'tkazildi.
Treningda muzey bosh kuratori Heba Nael' Barakat, muzey fondi va ko'rgazmalar menejeri Rekxa Verma, ta'lim, marketing, konservatsiya bo'limlari ekspertlari ma'ruzachi sifatida ishtirok etdilar. O'quvlar yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Malayziya Islom san'ati muzeyi 1998 yilda tashkil etilgan. Muzey Janubi-Sharqiy Osiyodagi Islom tsivilizatsiyasi tarixi va san'atiga bag'ishlangan eng yirik muzey bo'lib, maydoni 30 mingkv.m.ga teng. Muzey kollektsiyasidan butun islom olamining madaniyati va san'atini aks ettiruvchi muhim eksponatlar o'rin olgan. Eng nodir eksponatlardan biri- bu O'zbekistonga tegishli bo'lgan VIII asrga oid so'g'd ipak libosidir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati