frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

07.12.2018 y. Huquqimiz kafolati

03.12.2018   11847   14 min.
07.12.2018 y. Huquqimiz kafolati

بسم الله الرحمن الرحيم

Huquqimiz kafolati

الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَمَرَ عِبَادَهُ بِالْعَدْلِ وَالإِحْسَانِ، وَنَهَى عَن البَغْيِ وَالظُّلْمِ وَالعُدْوَانِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا محمد الَّذِي نَشَرَ العَدْلَ وَالأَمَانَ، وَحَفِظَ كَرَامَةَ الإِنْسَانِ، وَعَلَى أَلِهِ وَأَصْحَابِهِ الكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram azizlar! Ma’lumki, muhtaram Yurtboshimiz bevosita tashabbuslari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Imom Eshon Muxammad” jome masjidi rekonstruksiya qilinib, xalqimiz ixtiyoriga topshirilishi, Xorazm viloyatining Urganch shahridagi “Oxun bobo” masjidini qayta qurilishi, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi “Abu Muin Nasafiy” majmuasini tubdan yaxshilanishi, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoro viloyatida “Mir Arab” Oliy madrasasining ochilishi, Toshkent shahrida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazini hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini tashkil etilishi, Qur’oni karim musobaqasini yuqori darajada o‘tkazilgani, turli diniy mavzulardagi adabiyotlar yetarli darajada yetkazib berilayotgani, albatta bu – diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.

Alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, so‘ngi yillarda umra ziyorati faqat bahor fasli va Ramazon mavsumida tashkil etilgan bo‘lsa, fuqarolarimizning vijdon erkinligi va diniy e’tiqodga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquklarini to‘liq ta’minlash maqsadida joriy yildan umra safarini yil davomida amalga oshirish belgilandi. Hozirgi kunda mazkur topshiriq ijrosi to‘liq ta’minlanib, uch mingga yaqin ziyoratchilarimiz hozirgi kunga qadar umra amallarini bajarib, mamlakatimizga qaytib keldilar.

Ziyoratchilarimiz uchun barcha shart-sharoitlar to‘liq yaratilgan bo‘lib, Madina shahrida besh yulduzli “Pulman Zamzam” mehmonxonasi, Makka shahrida esa to‘rt yulduzli “Abraj al-Kisva” mehmonxonlari hizmat ko‘rsatmoqda.

E’tirof etishimiz lozimki, mazkur islohotlar huquqimiz kafolatlangani va erkinligimiz to‘liq ta’minlanayotganligidan dalolatdir.

Bu yutuqlarimizning barchasi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlik sabablidir. Bunda, albatta, yurtimizda qabul qilingan xalqaro me’yorlarga javob beradigan Bosh Qomusimizning o‘rni beqiyos.

Muxtaram jamoat! Bosh Qomusimizda keltirilgan qonun-qoidalarga bo‘ysunish, jamiyat farovonligi uchun mehnat qilish, uning tinchligi va xavfsizligini saqlashdan bo‘yin tovlamaslikdavlatning jamiyat oldidagi haqlaridan sanaladi. Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ  

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz! ...” (Niso surasi, 59-oyat).

Ushbu oyatdan Alloh va Uning Rasulining buyruqlariga itoat qilish bilan birga musulmonlar o‘zlaridan bo‘lgan din va davlat boshliqlariga ham itoat qilishning vojibligi ma’lum bo‘ladi. Modomiki rahbar yoki ota-onalar gunoh ishlarga buyurmas ekanlar, ularga itoat etish shar’an vojibdir (Imom Tahoviyning “Aqoid”iga qaralsin).

Asosiy qomusimizning muhim bo‘lgan bandlarida Alloh taolo tomonidan berilgan ulug‘ ne’mat – insonning hayoti daxlsizligi va vijdon erkinligi huquqi haqida ta’kidlanadi. Shuningdek, islom dinida oila va nikohga katta e’tibor qaratilib, jamiyatning ma’naviy holatini yaxshilashning asosiy omili oila deya e’tirof etilgan bo‘lib, qonunimizda ham bu borada oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekani, jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekani belgilangan.

Islom dini ko‘rsatmalarida ham insonlarning millati, irqiga qarab ajratish qoralanadi. Bu xususda Alloh taolo qo‘yidagicha marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

ya’ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Xavvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida mukarramrog‘ingiz taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).

Jamiyatdagi insonlarning o‘zaro haq-huquq va majburiyatlarni astoydil ado etib, joriy qonun-qoidalarga rioya qilib yashashi ijtimoiy adolat qaror topishida muhim o‘rin tutadi. Har bir shaxs yashash huquqiga ega ekanligi Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida bayon etilgan. Jumladan,

    وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ

ya’ni: “Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmang!” (An’om surasi, 151-oyat). Demak, hech kimsa boshqani yashash huquqidan nohaq mahrum etishi mumkin emas. Shuningdek, ta’lim olish, mehnat qilish, davolanish, e’tiqod, mulkka egalik huquqlari ham dinimizda hamma uchun birdek kafolatlangan. Bosh Qomusimizda ham aynan mana shu huquqlar alohida moddalar bilan kafolatlab qo‘yilgan.

Dinimizda, shuningdek, har bir kishi zimmasida o‘zi yashab turgan jamiyat, undagi odamlar va vatani oldida burch, majburiyatlari borligi ham bayon etilgan. Qur’oni karimda aytiladi:

  وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ

ya’ni: “Allohga ibodat qiling va Unga hech narsani sherik qilmang! Ota-onalarga esa yaxshilik qiling! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi xamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)!...” (Niso surasi, 39-oyat).

O‘zbekistonda millatlararo tinch-totuvlik, turli din vakillari o‘rtasida yaxshi munosabatlar, bag‘rikenglik hukm surayotgan oqilona siyosat – asosiy qonunimiz insonparvarlik, adolat tamoyillari asosida ishlab chiqilganini isbotidir. 

Muhtaram jamoat! Mamlakatimiz xalqi murakkab tarixiy jarayonni boshdan kechirdi. Barcha qiyinchilik, jabr-zulm va adolatsizliklarga qaramay, buyuk ajdodlarining munosib avlodlari, jahonga dovrug‘i ketgan mashhur allomalarning qonuniy vorislari ekanini har tomonlama isbotladi. Allohning lutfu karami ila aziz va muqaddas istiqlolga erishdi. Xalqimiz nurli kelajak sari katta ishonch bilan qaramoqda va ulug‘ orzulariga yetmoqda.

Mustaqil ona diyorimizda yashovchi barcha xalqlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan Asosiy Qonunimizda inson huquqlari, burch va vazifalari kabi vijdon erkinligi ham alohida belgilab qo‘yilgan.

Quyidagi oyatlar insonning qadr-qimmati naqadar yuqori ekanligi, har bir shaxsning haq-huquqlari Alloh tomonidan daxlsiz qilib belgilangani va kafolatlanganini ta’kidlaydi:

لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ ...  

ya’ni: “Dinda majburlash yo‘q, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi…” (Baqara surasi, 256-oyat).

Demak, har bir shaxs o‘z vijdoni va e’tiqodidan kelib chiqqan holda biror dinni o‘z ixtiyori bilan tanlashi, bunda hech qanday zo‘ravonlik bo‘lmasligi lozim.

Bu ham Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” (31-modda).

Bundan tashqari, islom dini azaldan oila va nikohga katta e’tibor qaratib kelgan. Nasl-nasabni saqlash, jamiyatning ma’naviy holatini yaxshilashning asosiy omili oila deya e’tirof etilgan.

Konstitutsiyaning 63-moddasida ham oilaga alohida to‘xtalib o‘tiladi: “Oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”.

Shuningdek, shariatimizda ota-onaning farzandi oldida uchta burchi borligi aytiladi. Chiroyli ism qo‘yish, go‘zal xulq-atvorli etib tarbiyalash va voyaga yetgach, agar o‘g‘il bola bo‘lsa, soliha qizga uylantirish, qiz bo‘lsa – imon-e’tiqodli musulmonga turmushga berishdir. Bu borada ham islom dinimizning qarashlariga Asosiy Qomusimiz hamohang.

“Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” (64-modda).

Qur’oni karimda shunday deyiladi:

 وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ ...

ya’ni: “...Ularni me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning zimmasidadir...” (Baqara surasi, 233-oyat).

Ana shunday hamohanglik Konstitutsiyaning deyarli barcha moddalarida sezilib turadi. Unda O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, huquq va burchlari qonun asosida belgilab qo‘yilgan. Asosiy Qonunimiz O‘zbekiston fuqarosining millati, irqi va dinidan qat’i nazar teng huquqli deb biladi.

Muhtaram jamoat! Xulosa qilib aytganda, kishilik jamiyatida qonunlarning ahamiyati juda ham katta. Darhaqiqat, adolatli qonunlar xalq farovonligi hamda dunyo va oxirat obodligining asosidir. Demak, muqaddas islom dinimiz qonun-qoidalariga rioya qilish bilan birga davlatimiz qonunlarida qayd etilgan insonparvarlik g‘oyalariga ham rioya qilishimiz zarur bo‘ladi.

Ilova: Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida ba’zi oilaviy munosabatlar haqida suhbatlashamiz.

Ayollarga go‘zal muomala qilish dinimizda buyurilgan amallardandir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا...

ya’ni: ...Ular (ayollar) bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin (Niso surasi, 19-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ahli oilaga go‘zal muomalada bo‘lish kishining imoni komil ekanini namoyon etadigan, insoniyligini ko‘rsatadigan mezon deya uqtirib, shunday deganlar:

أَكْمَلُ الْمُؤْمِنِيْنَ إِيْمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا، وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهمْ

ya’ni: “Mo‘minlarning imoni komilrog‘i xulqi go‘zalrog‘idir. Sizlarning yaxshilaringiz – o‘z ayollariga yaxshi bo‘lganlaridir” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, shariatimizning mezoniga ko‘ra, kishi oshna-og‘aynisi, hamkasblari, rahbar-xo‘jayinlari, qarindosh-urug‘i, mahalla-ko‘yi hamda ota-onasi bilan yaxshi munosabatda bo‘lishining o‘zi bilan eng yaxshi inson bo‘la olmas ekan, balki o‘z ahliga yaxshi bo‘lgan kishi odamlarning eng yaxshisi hisoblanar ekan. Haqiqatan ham kishi qo‘l ostidagi, o‘zidan quyi, zaif odamlarga, o‘ziga qaram bo‘lganlarga bo‘lgan munosabat uning haqiqiy axloqini namoyon qiladi. Shuning uchun Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z ahli oilasiga yaxshi bo‘lgan kishini “odamlarning eng yaxshisi” demoqdalar.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 87 mingga yaqin xotin-qiz o‘ldirilgan. Ulardan 50 ming nafari uydagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda uy zo‘ravonligi soni oshgan. Xususan, 2017 yilda yaqinlari yoki qarindoshlari zo‘ravonligi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan ayollar soni 58 foizni tashkil etdi.

Albatta, bu holatlar dinimiz tomonidan qattiq qoralanadi. Lekin, afsuski, mazkur mudhish hodisalar musulmonlar istiqomat qiladigan hududlarda ham kuzatilgan.   

Ma’lumki, kishi o‘z nikohidagi ayoliga yaxshi muomalada bo‘lishidan tashqari, uning yemoq-ichmog‘i, kiyim-kechagi va turar-joyi bilan ta’minlashi erlik vazifasidan hisoblanadi. Bu haqda Allox taolo Baqara surasida bunday deydi:

وَعلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ

ya’ni: “U(ona)larni ma’ruf ila yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir (Baqara surasi, 233‑oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarning nafaqalariga befarq bo‘lmaslikka undab, ularga berilgan har bir luqmada savob borligini biz ummatlarga bildirganlar:

إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نفقَةً يحتَسبُها فَهِي لَهُ صدقَةٌ

(متفقٌ عَلَيهِ)

ya’ni: “Kishi o‘zining ahli ayoliga savob umidida nafaqa qilsa, bu uning uchun sadaqadir” (Muttafaqun alayh).

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi erlar o‘z zimmasidagi vazifalarini unutib, o‘z zimmasida bo‘lgan nafaqai ro‘zg‘orga beparvolik qilmoqda. Natijada ayollar turli yo‘llar orqali o‘zining nozik xilqatiga munosib bo‘lmagan kasblar bilan mashg‘ul bo‘lishi, hatto mardikor bozoriga chiqib, pul topish holatlari uchramoqda. Bundanda achinarlisi – ba’zi ayollar chet ellarga borib, qanchadan-qancha mashaqqatlarni boshidan o‘tkazib, dinimiz va o‘zbekchiligimizga to‘g‘ri kelmaydigan yo‘llar bilan pul topishga urinmoqda.

Ochig‘ini aytganda, hozirgi ba’zi odamlar oilaviy tutumda, er-xotin munosabatlarida, muomala va yurish-turishda ota-bobolarimiz tutgan yo‘lga, milliy va diniy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan yo‘lni tutmoqdalar. Qayerdagi shariatimiz va milliyligimizga zid bo‘lgan oilaviy munosabatlarni o‘zlariga namuna qilib, turli muammolarga duch kelmoqdalar. Aslida esa musulmon kishi uchun Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning oilaviy munosabatlari va tutgan yo‘llari har taraflama yetarli namunadir! Unda sevgi-­muhabbat, mehr­-oqibat, axloq-­odob, ta’lim­-tarbiya  va barcha­ go‘zal xislatlar o‘z ifodasini topgandir.

Alloh taolo xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin! Yurtimizni turli xildagi samoviy va aroziy ofatu balolardan hifzu himoyasida saqlab, barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashab o‘tmog‘imizga muyassar qilsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Ushbu mavzuni yoritishda Imom Nasafiyning “Madorikut-tanzil” va Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul-ulum” nomli tafsirlari hamda undan boshqa mo‘tabar manbalarga murojaat qilgan holda atroflicha bayon qilib berishingiz so‘raladi. 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   37630   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV