frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qudratliman deb xomxayol qilish – baloning boshlanishidir

02.12.2018   13890   3 min.
Qudratliman deb xomxayol qilish – baloning boshlanishidir

Bir to‘rg‘ay bir filning yo‘li ustida o‘ziga uya qurib, tuxum bosdi. Fil shu so‘qmoqdan suv ichishga borar ekan. Fil suv ichishga ketayotganida uyani toptab, tuxumni ezib o‘tib ketdi. To‘rg‘ay bu badbaxtlikni ko‘rib darhol, bu filning ishi ekanini angladi. Uchib borib filning boshiga qo‘ndi va dedi:
– Shohim! Sen nima uchun tuxumlarimni pachoqlab, bolalarimni halok etding? O‘zingga nisbatan meni zaif, kuchsiz va notavon deb sanaganing uchun shunday qildingmi?
– Ha yolg‘iz shuning uchun, – dedi fil.
To‘rg‘ay buni eshitgach uchib qushlar yoniga bordi va boshiga tushgan falokatni aytib berdi.
Qushlar:
– Biz filni nima ham qila olardik? Biz kuchsiz parrandalarmiz? – dedilar.
To‘rg‘ay ularga dedi:
– Iltimos qilaman, siz men bilan borib filning ko‘zini cho‘qib ko‘r qiling. Uning boshiga men ham sho‘rish solishni bilaman.
Ular rozi bo‘ldilar. To‘rg‘ay bilan uchib borib, filning ko‘zini o‘yib-o‘yib tashladilar. Shundan keyin fil na suv ichish, na bir ovqat topib yeyishning ilojini qila oldi. Turgan joyida nima topsa, shu bilan kifoyalanib kun kechiradigan bo‘ldi. To‘rg‘ay buni ko‘rgach alamiga chidolmay, hovuz yoqasiga kelib qurbaqalarga fil ustidan shikoyat qildi.
Ular:
– Biz kuchli filga qarshi nima ham qila olardik, – dedilar.
To‘rg‘ay:
– Siz fil turgan joyga yaqin bo‘lgan bir chuqurning chetiga borib, o‘sha yerda baland ovoz bilan vaqir-vuqur qilsangiz, fil sizning ovozingizni eshitib, u yerda suv bor ekan, deb yoningizga boradi-da, chuqurga qulab ketadi, –dedi.
Qurbaqalar bunga rozi bo‘ldilar. Chuqur chetiga borib vaqirlay boshladilar. Suvsizlikdan qiynalgan fil qurbaqalarning ovozini eshitib, ular tomon yo‘l oldi va chuqurga yiqilib halok bo‘ldi. To‘rg‘ay esa uchib borib uning boshiga qo‘ndi va qanot qoqib dedi: “Ey o‘z kuchiga ishonib, menga haqorat ko‘zi bilan boqqan zulmkor! Jussam kichkina bo‘lsa-da, zo‘r aql ekanini ko‘rsatdim, sening bo‘ying daroz bo‘lsa-da, aqling qisqa ekan, xo‘sh, endi nima deysan?!”
“Kalila va Dimna”dan
Qissadan hissa:
Alloh taoloning irodasi ila o‘zlarining qudratiga ishonib kichik o‘lkalarga bostirib kelgan katta qo‘shinlar mag‘lub bo‘lgan;
Davraga raqibini nazariga ilmasdan chiqqan polvonning yiqilganini, ringga kibrlanib chiqqan bokschining mag‘lub bo‘lganini ko‘rmaganmisiz;
Agar kimgadir qiziqib boshlasangiz, u ham sizga qiziqa boshlaydi. Undan yaxshi sifat topsangiz, u ham sizdan ham yaxshi sifati topadi...
O‘yingiz tinch, bolalaringiz omon – baxtlisiz. Shu baxtingizni muhofaza qilishni istasangiz boshqalarning baxtiga chang solmang;
Yo‘q joydan o‘ziga dushman orttirib olgan kishi o‘zining va farzandlarining qattol dushmanidir;
Qudratingizga ishonib, o‘zingiz zaif sanagan kishiga zarba bermoqchi bo‘laversangiz, u nailojlikdan o‘zini himoya qila boshlaydi va o‘zini himoya qilayotib sizga zarar yetkazib qo‘yishi mumkin.


Damin Jumaqul

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

13.09.2026   9849   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.  

Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.

Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari