Har yili 31 oktyabrdan 1 noyabrga o‘tar kechasi Hellouin bayrami nishonlanadi. Bu bayram haqida hamma odamlar to‘liq ma’lumotga ega emas. Oramizdagi o‘ta zamonaviy, so‘nggi moda va an’analar bilan hamnafas kishilar bu bayramni xursandchilik deb qarshi olmoqda.
Xo‘p, Hellouin nima o‘zi? Uning tarixi, mazmun-mohiyati nimalardan iborat?
Hellouin ingliz tilidagi “All Hallows Even”, ya’ni “Barcha ruhlar kechasi” iborasining qisqargan shaklidir. Ba’zi manbalarda, Hellouin ayoz, zulmat, qabohat va o‘lim (yoki murdalar) “xudosi” bo‘lgan Samayn nomi bilan bog‘liq marosim deb yoziladi. Uni dastlab hozirgi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya hududidagi xalqlar nishonlashgan. Sovuq kunlar arafasida 31 oktyabrdan 1 noyabrga o‘tar kechasi barcha chiroqlar, shamlar, fonuslar, olov va o‘choqlar o‘chirilgan. Qorong‘u zulmat ichra odamlar o‘lim farishtasiga hamdu sanolar o‘qishgan. Biz sen bilan, biz ham seningdekmiz, bizning jonimizni olma, qabilida unga laganbardorlik qilishgan. Ertasi kuni katta gulxan yoqib, yuzlariga turli niqoblar kiyib bir-birlarini qo‘rqitishgan va oralaridan kimnidir o‘lim “xudosi”ga qurbon qilishgan.
Boshqa manbada keltirilishicha, VII asrda Rim papasi Bonifatsiy 1 noyabrni “All Hallows Even”, ya’ni “Barcha ruhlar kechasi” deb e’lon qilgan. Bugungi 31 oktyabr kuni nishonlanadigan Xellouin bayrami shundan kelib chiqqani haqida farazlar mavjud.
Odamlar shu kuni maxluqlar ko‘rinishidagi qo‘rqinchli liboslar-u yovuzliklar aks etgan niqoblarda kun bo‘yi ko‘chada olomon bo‘lib yurishadi, shovqin-suron ko‘tarishadi, tungi klublarga borib ko‘ngillari istagan ishni qilishadi hamda shu orqali ruhiy huzur olishadi. Hellouin kuni zulm o‘tkazish, yovuzlik, insoniyatga xos bo‘lmagan jihatlar targ‘ib qilinadi. Bundan tashqari, Hellouin kuni ko‘plab qonun buzilish holatlari, turli jinoyatlar, tartibsizliklar yuzaga keladi. Hellouinning asosiy rangi qora va olovrang bo‘lib, qora rang o‘lim va zulmatni ifodalaydi. Olovrang esa vajohatni anglatadi. “O‘liklar bayrami” deb atalishi esa Hellouinning dahshatlar girdobi ekanini bildiradi.
Qo‘rqinchli marosimda ishtirok etgan yoshning ruhiy olami bir kundayoq buziladi, tabiati va ongi bevosita satanizm (shayton vasvasasiga uchish, talvasa) ta’siriga tushib qoladi. G‘arb mamlakatlarida 31 oktyabrdan so‘ng bolalar orasida nevroz, turli ruhiy evrilishlar, noodatiy tajovuzkorlik, tungi qo‘rquv kabi holatlar ortib ketishining asosiy sabablaridan bir shu. “Shaytonlar karnavali”da ishtirok etgan bolalar u yerda bir-biridan dahshatli niqoblar bilan to‘qnash keladi, o‘lim, do‘zax, iblis, odam bosh chanog‘i, suyaklar, qon, tobut haqidagi sahnalarni tomosha qilishadi. Oqibatda ayrim bolalardagi qattiq qo‘rquv, og‘ir xastaliklar, hatto suitsid ham sababchi bo‘ladi. Fanda qayd etilgan samaynofobiya degan qo‘rquv turi aynan “Hellouindan qo‘rqish” deyiladi. Bundan aziyat chekayotgan ayrim G‘arb mamlakatlari Hellouinni ta’lim muassasalarida nishonlashni taqiqlab qo‘yishmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha katta daromad keltiruvchi bayramlar qatorida Hellouin Rodjestvodan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Masalan, birgina AQSHda aynan mazkur dahshatli tadbir sabab ota-onalar bolalari uchun turli niqob va liboslar xaridiga umumiy hisobda 2,5 milliard dollar sarflar ekan. Ko‘rinib turibdiki, Aslida hellouinlashtirish ayrim markazlar uchun cho‘ntak qappaytirishning yana bir o‘ng‘ay uslubidir.
Janubiy Afrikadagi ko‘plab musulmonlarning chet davlatlarga ko‘chib ketishining sababi ham Hellouin bayramining maktablarda keng nishonlanishidir. Bu bayramning musulmon e’tiqodiga umuman mos kelmasligining sababi – bu bayram butparastlikni, zo‘ravonlikni, qabohatni targ‘ib etuvchi soxta e’tiqoddir.
Biz musulmonlarning Hellouin bayramidan mutlaqo uzoqda bo‘lishimiz juda ham muhim. Hellouin bayrami nishonlanayotganda musulmonlarning bu bayramga qiziqishi ham ularning imonini zaiflashtiradi. Chunki bu bayramning kelib chiqishi bid’at va shirkdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi:
إِنَّ الشَّيْطَانَ لَكُمْ عَدُوٌّ فَاتَّخِذُوهُ عَدُوّاً إِنَّمَا يَدْعُو حِزْبَهُ لِيَكُونُوا مِنْ أَصْحَابِ السَّعِير
“Albatta, shayton sizga dushmandir. Bas, uni dushman tuting. U o‘z guruhini faqat o‘ta qizigan do‘zaxga ega bo‘lishlariga chaqiradi. (Shaytonning insonga dushmanlik qilishiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Lekin ajablanarlisi shuki, inson shaytonni o‘ziga do‘st tutib yuradi. Shayton o‘zining eng katta dushmani ekanini ko‘ra bila turib, uning aytganini qiladi. Uning ig‘vosiga uchadi, yolg‘oniga aldanadi.)” (Fotir surasi, 6-oyat).
Muhammad sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kimki qaysi millatga taqlid qilsa, ulardan biri bo‘ladi”.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kimki musulmonlarning yerlarida yashasa, ularning diniy bayramlarini nishonlasa, ularning yaxshi amallarini qilsa va u shu holatda vafot etsa, Qiyomat kuni ular bilan birga ko‘tarilur”.
Umar roziyallohu anhu bunday deganlar: “Allohning dushmanlaridan va ularning bayramlaridan uzoq turinglar”.
Binobarin, Alloh taolo barcha narsani biluvchidir.
Ingliz tilidan Robiya JO‘RAQULOVA tarjima qildi
Al-Azhar universiteti huzuridagi Xorijiy talabalar ta’limini rivojlantirish markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan arab tili bo‘yicha malaka oshirish dasturi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki hafta davom etgan o‘quv kursi arab tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va til o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganishga qaratildi.
Dastur yakunida o‘tkazilgan tantanali marosimda markaz rahbari, professor-doktor Nahla as-Saidiy ishtirokchilarga sertifikatlarni topshirdi. U mazkur tashabbus Al-Azharning arab tilini xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan loyihalari doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.
Tadbir davomida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Nahla as-Saidiy Toshkent islom instituti bilan akademik aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash tashabbusini ilgari surdi.
O‘z navbatida, Toshkent islom instituti vakillari dastur yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Al-Azhar universiteti rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati