Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning zuhdlari dunyoning foniyligini, uning tezda o‘tib ketishini, ozuqasi ozligini va umrining qisqaligini bilgan kishining zuhdi edi.
Oxiratning boqiyligini, Alloh taolo unda valiylariga doimiy ne’matlarini tayyorlab qo‘yganligini, buyuk ajr borligi va unda abadiy qolish borligini bilgan kishining zuhdi edi.
Rosululloh sollalohu alayhi vasallamga dunyodan foydalanish keng qilib qo‘yilgan bo‘lsada, mabodo tog‘larni tillo va kumush bo‘lishini xohlaganlarida, ular tillo va kumush bo‘lishi mumkin bo‘lsada, dunyodan nafas to‘xtab qolmasligi uchun yetarli bo‘lgan, tashvishu og‘irliklarni ketkazadigan miqdordan boshqasini rad etdilar, zuhd va kamsuqumlikni afzal ko‘rdilar
U zot gohida och yurar, oylab uylarida qozon osilmas, ba’zi kunlar davomida ochlikni qondiradigan darajada xurmo ham topilmay, och yurar edilar.
U zot hech bir vaqt ketma-ket uch kungacha arpaning unidan bo‘lgan nondan qornilari to‘ymagan. Ko‘pincha sutning o‘zi bilan kifoyalanar, toki Allohga yo‘liqqunlaricha bir kun to‘q va bir kun och bo‘lar edilar.
U zot bo‘yraning ustida yotar edilar va yonboshlarida bo‘yraning izi qolar edi. Ochlikdan qornilariga tosh bog‘lab olar va ko‘pincha sahobalar u zotning yuzlaridan ochliklarini bilib olishar edilar.
U zotning uylari loydan, ichi tor va shifti past edi. Bir kuni sovutlarini garovga qo‘yib, bir yahudiydan o‘ttiz so’ arpa olib turdilar. Ko‘pincha ko‘ylak va izor bilan kifoyalanar edilar. Hech bir vaqt taomni peshxon (ovqatlanish stoli)da yemaganlar. Ko‘pincha sahobalar Rosululloh sollalohu alayhi vasallamga taom yuborar edilar. Bularning barchasi nafslarini dunyo kirlaridan asrash, dinini himoya qilish va Robbisining huzuridagi ajrning komil bo‘lib qolishligi hamda Mavlosining “Va tezda Robbing senga ato qiladir va sen rozi bo‘lursan” (Zuho surasi 5-oyat) degan va’dasi u zotga ro‘yobga chiqishi uchun edi.
U zot mollarni shu qadar taqsimlab berar edilarki, hatto o‘zlariga bir dirham qolmas edi. Tuya, mol va qo‘ylarni sahobalar va boshqalarga shu darajada bo‘lib berar edilarki, o‘zlarida na tuya, na mol va na qo‘y qolar edi. Rosululloh sollalohu alayhi vasallam dedilar: “Agar menda Tihoma chuqurlarining daraxtlari mislicha mol dunyoim bo‘lganida uni taqsimlab berar edim. So‘ng sizlar meni baxil, yolg‘onchi va qo‘rqoq, irodasiz deb bilmasdilaringiz”.
Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam qasr bino qilmadilar, mol-dunyo yig‘madilar, u zotning xazinalari ham, mevasi yeyiladigan bog‘lari ham bo‘lmagan. U zot o‘zlaridan so‘ng bog‘ va ekinzor ham qoldirmadilar. U zot dedilar: “Biz meros qoldirmaymiz, bizning qoldirgan narsamiz sadaqadir”. (Buxoriy rivoyati 3093-hadis). U zot doimo so‘zlari va amallari bilan musulmonlarni dunyoda zuhdga hamda oxiratga tayyorlanish va buning uchun amal qilishga da’vat etar edilar.
U zotga podshohlik bilan birga rasul bo‘lish yoki oddiy inson bo‘lib rasul bo‘lish ixtiyori berilganda, u zot oddiy inson bo‘lib rasul bo‘lishni ixtiyor qilganlar.
U zot alayhissalomning dunyodagi zuhdlarining yana bir ko‘rinishi, ul zoti bobarakotning saxiyliklaridir. Hech qachon so‘rovchini qaytarmas va to‘smas edilar. Dunyo Alloh taoloning nazdida chivinning qanotichalik arzimas va barobar emas, deganlar. Hadisda: “Dunyoda g‘arib yoki bir onlik o‘tib ketuvchi kabi bo‘l”, deganlar. (Buxoriy rivoyati 6416-hadis)
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam zuhd borasida yana shunday marhamat qilganlar: "Dunyoda zohid bo‘l, Alloh seni yaxshi ko‘radi. Insonlar huzurida zohid bo‘l, insonlar seni yaxshi ko‘rishadi".
Manbalar asosida Yunusobod tumani
“Kulol-Qo‘rg‘on” jome’ masjidi imom-xatibi
Abdurahmonov Yahyo tayyorladi
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi