Alloh taolo Ahzob surasining 56-oyatida: «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Sizlar ham unga salavot ayting va salom yo‘llang», degan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom yo‘llashning turli shakllari mavjud. Ularning eng afzali namozda o‘qiladiganidir. O‘sha salavotda «Ibrohim va uning ahliga salavot yo‘llaganingdek» jumlasi bor, chunki Ibrohim alayhissalom va u zotning ahliga farishtalar salavot aytgan, Allohdan rahmat so‘raganlar. Alloh taolo:
قَالُواْ أَتَعْجَبِينَ مِنْ أَمْرِ اللّهِ رَحْمَتُ اللّهِ وَبَرَكَاتُهُ عَلَيْكُمْ أَهْلَ الْبَيْتِ إِنَّهُ حَمِيدٌ مَّجِيدٌ
«Ular (farishtalar): «Allohning amridan ajablanasanmi? Ey ahli baytlar, sizlarga Allohning rahmati va barakotlari bo‘lgay. Albatta, U maqtalgan va buyuk Zotdir» degan (Hud surasi, 73-oyat).
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot yo‘llaydi», deganlar.
Imom Ahmad Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot yo‘llaydi. O‘nta gunohini o‘chirib, uni o‘n daraja ko‘taradi», deganlar.
Imom Termiziy va Ibn Hibbon Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kunida odamlarning menga eng yaqini menga eng ko‘p salavot aytganidir», dedilar.
Omir ibn Robiy’a roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim menga salavot aytsa, salavoti miqdoricha farishtalar ham unga salavot aytadi. Shunga qarab banda xoh kamaytirsin, xoh ko‘paytirsin» deganlarini eshitdim».
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu aytadi: «Qachon tunning to‘rtdan biri o‘tsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turib: «Ey odamlar! Allohni zikr qilinglar. Qiyomat yaqin qoldi. Uning ortidan qayta tirilish yuz beradi. O‘lim o‘ziga bog‘liq narsalar bilan kelmoqda», der edilar. Ubay ibn Ka’b: «Yo Rasululloh! Haqiqatan men sizga ko‘p salavot aytaman. Duoimning qancha vaqtini sizga bag‘ishlayin?» dedi. U zot: «Xohlaganigcha», dedilar. «To‘rtdan birini bag‘ishlasam-chi?» dedi. U zot: «Xohlaganingcha, agar ziyoda qilsang, yaxshi bo‘ladi», dedilar. «Uchdan birini bag‘ishlasam-chi?» dedi. U zot: «Xohlaganingcha, agar ziyoda qilsang, yaxshi bo‘ladi», dedilar. «Ikkidan birini bag‘ishlasam-chi?» dedi. U zot: «Xohlaganingcha, agar ziyoda qilsang, yaxshi bo‘ladi», dedilar. «Yo Rasululloh! Duoimning hammasini sizga bag‘ishlasam, nima deysiz?» dedi. U zot: «Unda barcha g‘am-tashvishlaring ariydi, maqsading hosil bo‘ladi va gunohing kechiriladi», – dedilar.
Demak, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Ubay roziyallohu anhuga ziyodalik eshigini yopmaslik uchun kecha va kunduzdan ma’lum bir vaqtni tayin qilib, belgilab bermadilar.
Imom Muslim Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda: «Kim muazzinning azon aytayotganini eshitganda: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, U yakkayu yagonadir. Uning sherigi yo‘qdir. Muhammad Uning rasuli va bandasidir. Allohni Robbim deb, Muhammad alayhissalomni payg‘ambarim deb, Islomni dinim deb rozi bo‘ldim» desa, gunohi kechiriladi», deyilgan.
Asbahoniy Anas roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda u zot: «Mening huzurimga qavmlar kelishganda ularni menga ko‘p salavot aytganlaridangina tanib olaman», degan ekanlar. Boshqa rivoyatda: «Qiyomatning dahshatlari va xatarli holatlaridan sizlarning eng ko‘p eminda bo‘ladiganlaringiz menga eng ko‘p salavot yo‘llaganlaringizdir», degan ekanlar.
Imom Tabaroniy va Doraqutniy Abu Hurayra roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga salavot aytish Sirot (ko‘prigi) uzra nurdir. Kim menga juma kunida sakson marta salavot aytsa, sakson yillik gunohi kechiriladi», degan ekanlar.
Yuqorida keltirib o‘tilgan xabarlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish qanchalar fazilatli ish ekaniga dalolat qiladi. Ularni jamlaganda quyidagi foydalar hosil bo‘ladi: savoblarning o‘n barobar ko‘paytirilishi, shafoatga noil bo‘lish, qul ozod qilish kabi ajrga ega bo‘lish, qiyomat dahshatlaridan najot topish va boshqalar.
Robiya SAIDXONBALOVA,
Toshkent islom inistitutining 1 kurs-talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan