Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2025   |   21 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2025, 21 Zulqa`da, 1446

Saudiya Arabistonining etakchi onlayn nashrida Imom Buxoriy hayot yo'li va ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi

17.07.2023   1160   2 min.
Saudiya Arabistonining etakchi onlayn nashrida Imom Buxoriy hayot yo'li va ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi

Saudiya Arabistonining etakchi «Swift News» onlayn nashrida «Saudiyalik muxbirlar Samarqanddagi yangi Imom Buxoriy masjidini ziyorat qildi» sarlavhali maqola  joylashtirildi, deb  xabar  bermoqda «Dunyo» AA muxbiri. 

Nashrning ijodiy  jamoasi O'zbekistonga  safari davomida Samarqandda  bo'lib, tarixiy qadamjolar, xususan yangi bunyod etilayotgan Imom al-Buxoriy majmuasi va masjidi  haqida  o'quvchilar uchun turkum materillarni  e'lon qilmoqda, - deyiladi  nashrda. –Imom Buxoriy dafn etilgan maqbara yonidagi masjid qurilishini yakunlash uchun o'zbek quruvchilari kechayu kunduz mehnat qilayaptilar.  Ta'kidlash kerakki, Imom Buxoriy islom dini rivojiga ulkan hissa qo'shgan olimlardan  biri hisoblanadi. Ushbu  buyuk  zot nomiga qurilayotgan masjid ellik ming kishini sig'dira oladi va majmua kelgusi yilda foydalanishga topshiriladi».

Maqolada Imom Buxoriyning  hayoti va  faoliyati  haqida  batafsil ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga  havola  qilingan. Buxoriy hazratlari hijriy 194 yil shavvol oyining 13-kunida Buxoro shahrida tug'ilgan. «Al-Buxoriy yoshligidan Qur'oni karimni yod oladi va ko'plab hadislarni o'rganadi. O'n olti yoshida onasi va ukasi bilan hajga boradi. Ular bilan qaytishdan bosh tortib, hadis ilmini o'rganish uchun Makkada qoladi. Keyinchalik Makkadan Madinaga ko'chib o'tadi», qayd etadi onlayn nashr.

 Nashrda olim uzoq yillik safardan keyin ona  vataniga  qaytishga  jazm etgani va Samarqand yaqinidagi Hartang qishlog'idan  qo'nim topgani ta'kidlangan. Hijriy 256 yil Shavvol oyining birinchi kunida  hadis ilmining  buyuk namoyondasi olamdan o'tdi. Al- Buxoriy ushbu  qishloqda dafn etilgan, - deyiladi  manbada.

Maqola xulosasida, «Imom Buxoriy bir qancha mashhur asarlar yozgan va ushbu kitoblar hozirgi kunga  qadar qayta-qayta  nashr qilib kelinmoqda. Uning eng mashhur asari «Sahihi al-Buxoriy» hadis ilmini  o'rganish  bo'yicha  muhim manba  hisoblanadi. Unda olti yuz mingga yaqin sahih hadislar keltirilgan», - deb yozadi  «Swift News».

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Allohning yordami yaqin

16.05.2025   3922   3 min.
Allohning yordami yaqin

Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].

Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.

“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.

Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu  anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.

Shoir aytadi:

Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.

 Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:

– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Baqara surasi, 214-oyat.
[2]  Yusuf surasi, 83-oyat.