Nashrning ijodiy jamoasi O'zbekistonga safari davomida Samarqandda bo'lib, tarixiy qadamjolar, xususan yangi bunyod etilayotgan Imom al-Buxoriy majmuasi va masjidi haqida o'quvchilar uchun turkum materillarni e'lon qilmoqda, - deyiladi nashrda. –Imom Buxoriy dafn etilgan maqbara yonidagi masjid qurilishini yakunlash uchun o'zbek quruvchilari kechayu kunduz mehnat qilayaptilar. Ta'kidlash kerakki, Imom Buxoriy islom dini rivojiga ulkan hissa qo'shgan olimlardan biri hisoblanadi. Ushbu buyuk zot nomiga qurilayotgan masjid ellik ming kishini sig'dira oladi va majmua kelgusi yilda foydalanishga topshiriladi».
Maqolada Imom Buxoriyning hayoti va faoliyati haqida batafsil ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga havola qilingan. Buxoriy hazratlari hijriy 194 yil shavvol oyining 13-kunida Buxoro shahrida tug'ilgan. «Al-Buxoriy yoshligidan Qur'oni karimni yod oladi va ko'plab hadislarni o'rganadi. O'n olti yoshida onasi va ukasi bilan hajga boradi. Ular bilan qaytishdan bosh tortib, hadis ilmini o'rganish uchun Makkada qoladi. Keyinchalik Makkadan Madinaga ko'chib o'tadi», qayd etadi onlayn nashr.
Nashrda olim uzoq yillik safardan keyin ona vataniga qaytishga jazm etgani va Samarqand yaqinidagi Hartang qishlog'idan qo'nim topgani ta'kidlangan. Hijriy 256 yil Shavvol oyining birinchi kunida hadis ilmining buyuk namoyondasi olamdan o'tdi. Al- Buxoriy ushbu qishloqda dafn etilgan, - deyiladi manbada.
Maqola xulosasida, «Imom Buxoriy bir qancha mashhur asarlar yozgan va ushbu kitoblar hozirgi kunga qadar qayta-qayta nashr qilib kelinmoqda. Uning eng mashhur asari «Sahihi al-Buxoriy» hadis ilmini o'rganish bo'yicha muhim manba hisoblanadi. Unda olti yuz mingga yaqin sahih hadislar keltirilgan», - deb yozadi «Swift News».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.