To‘liq ismlari Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Muoviya ibn Amr ibn Molikdir. Madinayi Munavvarada yashagan Xazraj va Avs qabilasidan bo‘lgan Ansoriylardan bo‘lganlar. Onalari Suhayla binti Najjor bo‘lgan. U kishining ikkita kunyasi bor: Abulmunzir – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu kunya bilan u kishini nomlaganlar, Abu Tufayl – bu kunyani esa Umar roziyallohu anhu berganlar.
Tashqi ko‘rinishlari:
U kishi katta ham emas, kichkina ham emas, o‘rta bo‘yli edilar. U kishi oq yuzli va oq soqolli deb nom qozonganlar.
Islomga kirishlari:
U kishi Islomga erta kirganlardan hisoblanadilar. Ikkinchi Aqaba bay’atida qatnashganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan keyin u kishini doim lozim tutganlar. U kishi Xandaq, Uhud va Badr kabi bir qancha g‘azotlarda ishtirok etganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror joyga chiqasalar u kishini qavmga imom qilib tayinlar edilar. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini xalqqa Qur’on ta’limini berishga mas’ul shaxlardan etib tayinlaganlar. “Qur’onni to‘rt kishidan ta’lim olinglar: Abdulloh ibn Mas’ud, Abu Huzayfaning mavlosi Solim, Muoz ibn Jabal va Ubay ibn Ka’b” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ubay ibn Ka’b va Qur’on qiroati:
U kishi Qur’oni karimni chiroyli tilovat qilishda juda mashhur bo‘lganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Ummatning qorisi” deb guvohlik berganlar. Umar roziyallohu anhu u kishini eng Afzal sahobalardan deb sanab, odamlarni Ramazon oyi qilinadigan xatmi Qur’onga u kishining ortlariga jam qilib qo‘yadilar. U kishi yana chiroyli yozishda ham mashhur bo‘lganlar. Shu sababdan ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini vahyni yozib oladigan kishilardan qilib tanlab olganlar.
Sifatlari:
U kishi xulq-atvor jihatidan ham sahobalarning eng afzallaridandir. Chunki, u zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘l ostilarida tarbiya topdilar. Taqvo va iymonlari, ibodat va ijobatlari bilan mashhurdirlar. U kishi odamlarga Qur’oni karimni ta’lim berganlaridek, usulud-dindan ham ta’lim berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini ham xalqqa yetkazganlar.
Vafotlari:
U kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida vafot etganlar. Ammo, hozirgacha aniq vafot etgan sanalari mavjud emas. Bir rivoyatda 19-20- hijriy yilda degan tahminlar uchraydi.
Alloh barcha sohobalardan, shu qatori bizlardan ham rozi bo‘lsin!
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi Abdussami Ergashev
Manbalar asosida tayyorladi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati