Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga yetishingizga) tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi” (Tavba surasi, 128-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni asosiy sifatlaridan bir nechtasini zikr qilib, u zotni yanada yaxshiroq tanishimiz uchun xitob qilyapti.
1) Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan.... ya’ni, o‘z ichingizdan chiqqan, ko‘z oldingizda ulg‘aygan, xuddi sizlar kabi inson farzandidan bo‘lgan, sizlar kabi yeb-ichadigan, uxlab dam oladigan, bozorlarda yuradigan, xursandchilik va mashaqqat ta’mini biladigan, barcha insoniy hislatlarga ega bo‘lgan kishini Payg‘ambar qilib yubordik.
Darhaqiqat, Alloh taolo insonlarni ogohlantirish va haqqa chaqirish uchun yer yuziga qancha Payg‘ambar yuborgan bo‘lsa, ularning barchasini shu insonlarning jinsidan tanlab olgan. Bu ham behikmat emas, albatta. Chunki Payg‘ambarlar insonlarni haqqa da’vat qiladigan kishilardir. Haq esa har bir davrda kishilarga og‘ir va mashaqqatga o‘xshab ko‘rinadi. Agar Payg‘ambar farishtalar yoki inson jinsidan boshqa bo‘lgan maxluqotlardan bo‘lganda, da’vatga ijobat etishdan bosh tortganlar o‘zlariga yana bahonalar topishib: “Albatta, bu Payg‘ambar biz kabi odam emas. Uning toqati yetgan narsaga bizning toqatimiz yetmaydi”, degan gaplarga o‘xshash bahonalar topardilar.
Shuning uchun Alloh taolo bunday bahonalarga uzr qoldirmaslik uchun barcha Payg‘ambarlarni, xususan Muhammad alayhissalomni ham inson farzandidan tanlab oldi. Biroq, hidoyatdan bosh tortgan kishilar o‘zlariga tasalli berish uchun boshqa bir bahonani topdilar. “Ular: “Bu ne Payg‘ambarki, taom yeb, bozorda yuradir?! Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan ogohlantiruvchi bo‘lar edi” (Furqon surasi, 7-oyat) dedilar.
Alloh taolo ularning bu so‘zlarini behudaligini bildirib Muhammad alayhissalomga bunday xitob qildi: “Biz sendan oldin yuborgan Payg‘ambarlarimiz ham, albatta, taom yer va bozorlarda yurar edilar. Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik. Sabr qilasizlarmikin?! Bizga uchrashdan umidsiz bo‘lganlar, bizga farishtalar tushirilsa yoki, Robbimizni ko‘rsak edi, derlar. Batahqiq, ular o‘zlaridan ketdilar va katta tug‘yon-la tug‘yon qildilar” (Furqon surasi, 20-21 – oyatlar).
Aslida, hidoyatga kelishni istaganlar uchun Payg‘ambarning qaysi jins vakilidan bo‘lishi yoki kim bo‘lishi muhim emas edi. Biroq, havoyi nafsiga qattiq bog‘lanib qolgan bu kimsalar bahona izlardilar xolos. Biz bilmagan narsalarni biluvchi Robbimiz barcha Payg‘ambarlar qatorida Muhammad alayhissalomni ham xuddi biz kabi inson farzandidan tanladi. Bu haqda Qur’oni karimning boshqa oyatida bunday deyiladi: "Sen: "Men ham sizlarga o‘xshagan basharman...." deb ayt”, deyiladi (Kahf surasi, 110-oyat)
2) ...sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan,... ya’ni, sizlarning dunyo va oxirat hayotidagi mashshaqqatingiz, qiyinchilikingiz uning ham qalbiga hafalik kiritadigan Rasul keldi.
Bu sifat ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning naqadar g‘amxo‘r zot bo‘lganlarini bildiradi. U zot insonlarni dunyoda ham, qabrda ham, oxiratda ham mashaqqat chekmasligini chin dildan istar edilar. U zotning har bir amallari, gap-so‘zlari, hattoki, ibodatlari ham yengillik asosida edi. Yengillik u zotning sunnatlaridan edi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Uch kishidan iborat guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari uylariga u zotning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganida xuddi u(ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda ular: “Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning avvalgi va oxirgi gunohlari mag‘firat qilingan”, dedilar. Ulardan biri: “Men tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman”, dedi. Boshqasi esa: “Men doimo ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman”, dedi. Yana boshqa biri: “Men ayollardan chetlanaman, abadul-abad uylanmayman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga kelib: “Shundoq, shundoq, degan sizlarmi?! Allohga qasamki, men Allohdan eng qo‘rquvchi va eng taqvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ham ochiq bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham. Ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, dyedilar (Muttafaqun alayh).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga yoki odamlarga mashaqqat bo‘lmaganida, har bir namozda misvok ishlatishni buyurar edim”, dedilar. (Muttafaqun alayh)
Taroveh namozi haqidagi voqeani eslaylik. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechalarning birida masjidda namoz o‘qidilar. Odamlar ham u zotga qo‘shilib namoz o‘qishdi. Kelgusi kuni ham namoz o‘qigandilar, odamlar ko‘payib ketdi. So‘ngra odamlar uchinchi yoki to‘rtinchi kuni ham to‘plandilar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning huzuriga chiqmadilar. Tong otganida u zot: “Sizlar bajargan narsani ko‘rdim. (taroveh) namozi farz bo‘lib qolishidan xavotirga tushganim meni sizlarning oldingizga chiqishdan man qilib qo‘ydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga nazar solsak, bunday voqealarning ko‘pini ko‘rishimiz mumkin. U zot ummatlariga mashaqqat bo‘lib qolishidan cho‘chib o‘zlari uchun yaxshi ko‘rgan amallarini tark qilganlar. Insonlarni ibodatda mashaqqatga tushishligiga rozi bo‘lmagan zot hargiz dunyo va oxirat hayotida mashaqqat chekishlariga rozi bo‘lmaydilar.
3) ...sizning (saodatga yetishingizga) tashna, ya’ni, sizlarni oxiratdagi alamli azoblardan qutulib, abadiy saodat bo‘lgan jannatga, undagi behisob ne’matlarga, Alloh taoloning roziligiga, diydoriga yetishingiz uchun, nihoyatda haris bo‘lgan Nabiy keldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng katta maqsadlari insonlarni abadiy saodatga yetishlari, dunyo va oxirat xorligidan omonda bo‘lishi edi.
Kunlarning birida u zot bunday dedilar: “Men bilan sizlarning holatingizni bir misol bilan tushuntiray. Bir kishi kechqurun o‘t yoqdi. Alanga balandlab tevarakni yoritgach, atrofdagi parvonalar va har xil hashorotlar o‘zlarini alangaga ura boshladi. Haligi kishi ularni qutqarish uchun alangadan uzoqlashtirishga urinadi, lekin ular alangaga kirish uchun tirishishadi va kishidan ustun kelishadi... Men-u sizlarning misolingiz mana shudir. Men sizlarning kamarlaringizga yopishib alangadan uzoqlashtirish uchun: " Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!... Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!... deyman, sizlar bo‘lsalaring, mendan ustun kelib, qo‘limdan chiqib ketyapsizlar va alangaga sho‘ng‘iyapsizlar" (Saodat asri qissalari, 4-kitob. Ahmad Lutfiy)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yigirma uch yil davomida insonlarni Allohning Kalomi ila ogohlantirib, “Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!”... deya chorlagan bo‘lsalar, u zot vafotlaridan so‘ng ham to qiyomatga qadar o‘z sunnatlari va hadislari ila jannat sari, abadiy saodat sari chorlayveradilar.
4) ...mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi. Bu oyatni esa ortiqcha sharxlashga hojat yo‘q. U zotning mehribonliklari butun olamlarga edi. Bu olamda yashab turgan inson farzandidan tortib kichik bir xashoratlargacha, hayvonlarga-yu nabototlarga mehribon edilar. U zot nafaqat tiriklarga, balki o‘liklarga ham marhamat qilardilar. U zot hattoki kofirni o‘ligini tahqirlashga ham ruxsat bermasdilar. U zot hayvonlarni yuziga urishdan, ularni ermak uchun boqishdan, ularga ozor berishdan qaytarar edilar. Xossatan musulmonlarga nisbatan nihoyatda mehribon va marhamatli edilar. U zot musulmonni ranjitishni, uni yomon ko‘rishni, g‘iybat qilishni, moliga va joniga, obro‘siga ham tajovuz qilishdan qaytarardilar. U zotning mehribonliklari shu qadar ediki, hattoki, vafot etib ketgan odamni ortidan yomon gap gapirishga ruxsat bermagandilar.
U zot haqida gapirish maroqli. U zotni eslash insonga huzur beradi. U zotni ta’riflash uchun esa na qog‘ozimiz va na siyohimiz yetadi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ta’riflarini, tavsiflarini Robbimizning O‘zi keltirgan. Bizni esa u zotni yaxshi ko‘rishga buyurgan. U zotni yaxshi ko‘rishning alomati esa faqatgina u kishiga ergashishlik, u zot yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘rib, u zot yomon ko‘rgan narsalardan chetlanishlik bilan bo‘ladi. Bundan boshqasi esa yolg‘on muhabbat, oddiy da’vo bo‘ladi, xolos. Ulamolar aytganlaridek: “Habibing yoqtirmagan narsani yaxshi ko‘rishing muhabbating rost emasligini bildiradi”.
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo‘lish baxtini nasib qilsin. Garchi u zotni bu dunyoda ko‘rish nasib qilmagan bo‘lsa-da, abadiy hayotda birga bo‘lishdek ne’mat bilan siylasin. Omin.
Yorbek ISLOMOV
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi.
Islom shariatida ijtihod (ya’ni shariat hukmlarini aniqlashda ilm va dalil asosida izlanish olib borish) juda muhim o‘ringa ega. Shariat o‘z samarasini berishi uchun shaxs, oila, jamiyat va ummat hayotida maqsadlariga erisha olishi uchun, u har tomonlama va har darajada ijtihodning amalga oshirilishiga muhtojdir. Bu — yangi masalalarda ijtihod bo‘ladimi, mavjud fikrlardan tanlab olinadigan ijtihodmi, umumiy yoki qisman, yakka tartibda yoki jamoaviy bo‘ladimi — barchasi shariat faoliyatida zarur sanaladi.
Ijtihodning turli ko‘rinishlari mavjud. Ulardan biri — qozilikdagi ijtihod bo‘lib, bu qozilar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, islomda ijtihod faol davrlarda va hukmlar qonun sifatida rasman qayd etilmagan, qozilar majburiy ravishda ularga amal qilishga buyurilmagan davrlarda bu juda keng tarqalgan edi.
Ijtihodning yana bir shakli — qonunlashtirishdir. Ya’ni, fiqh hukmlarini huquqiy moddalar shaklida ifoda etish. Masalan, oila qonunchiligi, fuqarolik qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi, ma’muriy va moliyaviy qonunchilik kabi sohalarda. Masalan, Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida hanafiy mazhabi asosida tayyorlangan mashhur "Majallatul ahkom" ana shunday qonunlar to‘plamining namunasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham shariat hukmlarini yangi ijtihod asosida tartiblash mumkin, bu ijtihod umumiy ham bo‘lishi mumkin, yoki qisman, yangi yoki mavjud fikrlardan tanlangan holda bo‘lishi mumkin.
Bu amaliyot oila qonunchiligida (yoki "shaxsiy holatlar" deb ataluvchi sohada) amalga oshirilgan. Avvalida bu hanafiy mazhabi asosida bo‘lsa-da, keyinchalik to‘rt mazhab doirasiga kengaydi va yanada ilgarilab, islom fiqhining barcha imkoniyatlaridan bahra olishga o‘tildi. Bu yo‘lni Misrda al-Azhar shayxi — shayx Muhammad Mustafo al-Marog‘iy boshlagan, uni ba’zi mazhab mutaassiblari va taqlid tarafdorlari tanqid qilganlar, lekin u shariat dalillari bilan ularga munosib javob qaytargan.
Ijtihodning yana bir ko‘rinishi — fiqhiy tadqiqotdir. Bu islom ulamolari o‘z halqalarida shogirdlari bilan birga bajargan ishlar bo‘lib, masalalarni bayon qilish, savollarga javob berish va buni shariat matnlari, qoidalari va maqsadlari asosida olib borishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda buni universitetlardagi professorlar yoki ilmiy daraja (magistrlik, doktorlik) ishini yozayotgan talabalar amalga oshirmoqdalar. Ana shunday izlanishlar asosida kitoblar yoziladi.
Ijtihodning yana bir shakli — fetvo berishdir. Fuqaholarga odamlar turli hayotiy masalalarda murojaat qilishadi va muftiy unga javob berishi shart, ayniqsa boshqa muftiy bo‘lmasa yoki u davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa. Muftiyning fatvosi tahqiq va ijtihod asosida bo‘lishi kerak, ya’ni real holatga mos ravishda qaror chiqariladi.
Har bir mazhabda voqealarga mos tushgan fatvolar kitoblari mavjud bo‘lib, ularda barcha fiqh bo‘limlari qamrab olingan. Bu kitoblar mazhab qoidalari asosida tuzilgan va "ahkamun navozil" (yangi masalalarga oid hukmlar) deb ham ataladi.
Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, fatvo zamon, makon, urf-odat va insonlarning ahvoliga qarab o‘zgarishi mumkin. Biz ham bu tadqiqotimizda fatvo beruvchi zamondosh ulamolar uchun ushbu omillarni e’tiborga olishni vojib, deb bildik. Ilg‘or zamon talabiga ko‘ra, oldingi ulamolar ta’riflagan to‘rt omilga yana olti omil qo‘shdik. Ya’ni, hozirgi zamonda fatvoning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi o‘nta omil bor:
1. Makonning o‘zgarishi
2. Zamonning o‘zgarishi
3. Holatlarning o‘zgarishi
4. Urf-odatning o‘zgarishi
5. Ma’lumotlar o‘zgarishi
6. Insonlar ehtiyojining o‘zgarishi
7. Insonlar imkoniyat va iqtidorining o‘zgarishi
8. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitning o‘zgarishi
9. Ommaviy muammolarning yuzaga kelishi
10. Fikr va qarashlar o‘zgarishi
Albatta, Islomda fatvo berish ulkan mas’uliyatdir. Bu vazifani ilmi va taqvosi yetarli bo‘lmagan odamlarga topshirish mumkin emas. Salafi solihlarimiz bu masalada juda qat’iy bo‘lishgan. Fiqhda va fikrda bilimsiz kishi fatvo bermasligi kerak. Imom Shotibiy shunday deydi: fatvo beruvchi kishi ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rnida turadi — odamlarga Allohning shariati hukmlarini bayon qiladi. Imom Ibn al-Qayyim rahimahulloh fatvo beruvchi haqida shunday deydi: u Alloh taolo nomidan hukm chiqaradigan odamdir, xuddi podshoh va amirlar nomidan qaror chiqaradigan vakillar kabi. Shu sabab, u kishi “I’lom al-mo‘aqqiyn ’an Rabb al-’Alamiyn” (Olamlar Robbisi nomidan imzo qo‘yuqchilarni ogohlantirish) deb nomlangan kitobini muftiylar uchun yozgan.
Qur’oni Karimda Alloh taolo ba’zi masalalarda fatvoni O‘zi beradi. Masalan: “Sendan meros haqida so‘raydilar. Ayt: Alloh sizlarga kalala haqida fatvo beradi” (Niso surasi,176-oyat). “Ayollar haqida sendan so‘raydilar. Ayt: Alloh ular haqida fatvo beradi” (Niso surasi,127-oyat).
Qur’onda “So‘raydilar” degan ibora o‘nlab oyatlarda keladi. Alloh taolo unga “Ayt” (Qul) degan javob bilan murojaat qiladi. Masalan: “Sendan may ichimlik va qimor haqida so‘raydilar. Ayt: ularda katta gunoh bor…” (Baqara surasi, 219-oyat) va shunga o‘xshash oyatlar. Bu ham fatvo va fatvo berishning ahamiyati, ulug‘ligi va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Allohning O‘zi fatvo bergan bo‘lsa, bu qanday ulug‘ ish!
Hech bir tadqiqotchiga sir emaski, musulmonlar — dunyodagi yagona ummatdirki, shariat hukmlari haqida savol beradi, ibodatlarida va muomalalarida halol-haromni aniqlamoqchi bo‘ladi. Boshqa bironta millatda — hatto kitobiy yoki butparast bo‘lsin — bunday intizom yo‘q. Shu sababli musulmon davlatlarda fatvo muassasalari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘pgina mamlakatlarda “Muftiy” lavozimi joriy etilgan. U ayrim mamlakatlarda diniy va ilmiy eng oliy mansab sanaladi. Misrda esa “Shayx al-Azhar” eng yuqori mansab hisoblanadi.
Shu tufayli, muftiyning shartlari, odoblari va fatvo so‘rovchining ham odoblari haqida kitoblar yozilgan, hozirgi zamonda esa fatvo masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, televideniyelar paydo bo‘lganidan so‘ng “ijtimoiy tarmoq orqali fatvo beradigan” ba’zi shaxslar ko‘paydi, ular har qanday masalada o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatadi. “Bilmayman”, “Bu masala tahqiq talab qiladi”, “Kengash qilishim kerak” demaydi. Holbuki salafi solihlarimizdan biri aytganidek: “Kimki ‘bilmayman’ deyishda xatoga yo‘l qo‘ysa, u halokatga yuz tutgan bo‘ladi”.
Shu maqsadda biz avvalroq «Fatvo: intizom va beqarorlik o‘rtasida» nomli kitobimizni nashr etgan edik. Endi esa ushbu «Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar» nomli risolamizni taqdim etyapmiz. Bu orqali fatvo egalarini to‘g‘ri yo‘l — nurli sirotul mustaqim — bilan yurishga yordam berishni, imkoni boricha haq va to‘g‘rilikni izlab topishga undashni, haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishni va eng oxirida muftiyning Allohdan tavfiq so‘rab, U zotdan ko‘mak so‘rashini istaymiz. Chunki salafi solihlardan biri shunday degan: “Agar bir masala sen uchun qiyin kelsa, ayt: ‘Ey Ibrohimga ilm o‘rgatgan Zot, menga ham ilm o‘rgat!’”. Alloh taolo shunday deydi: «Kimki Allohga iymon keltirsa, Alloh uning qalbini hidoyat qiladi» (Tag‘obun surasi, 11-oyat), «Kimki Allohga suyansa, bas u to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etildi» (Oli Imron surasi, 101-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bizga bunday duoni o‘rgatganlar: “Ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Parvardigori! Osmonlar va yerning yaratuvchisi! Yashirin va oshkora narsalarning bilguvchisi! Sen bandalaring o‘rtasida kelisha olmayotgan masalalarda hukm chiqarasan. Sening izning bilan menga haq yo‘lni ko‘rsat, chunki Sen istagan kimsani to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etasan”.
Yevropa Fatvo va Tadqiqotlar Kengashining Bosh kotibiyati mendan uning madaniy risolalar silsilasiga muqaddima sifatida bir risola yozishimni so‘radi. Men esa mana shu risolani tanladim. Umid qilamanki, bu risola ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi, musulmonlarni umuman, ayniqsa, ozchilikda yashayotgan musulmonlarni fahm va hidoyatga yetaklaydi. Niyatimiz Alloh uchun. Uning O‘zi bizga yetarli va qanday yaxshi vakildir U.
Allohga muhtoj bandasi —
Yusuf al-Qarazoviy
Do‘ha shahri,
Rabi’ us-soniy, 1428 hijriy
May, 2007 milodiy
Homidjon domla Ishmatbekov
tarjimasi