1) “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, yaxshi so‘z aytsin yoki jim tursin”. (Muttafaqun alayh)
* * *
2) “Hasaddan chetlaninglar. Chunki olov o‘tin yoki o‘t-xashaklarni yeganidek, hasad ham yaxshi amallarni yeb qo‘yadi”. (Abu Dovud)
* * *
3) “Birodaringga musibat yetganda xursand bo‘lma! Bordiyu xursand bo‘lsang, Alloh unga rahm qilib musibatdan xalos etib, o‘zingni musibatga solib qo‘yadi”. (Imom Termiziy)
* * *
4)“Qachon uch kishi bo‘lsa, uchinchilarini qoldirib ikkisi pichirlab maxfiy gaplashmasin”. (Muttafaqun alayh)
* * *
5)“Chap qo‘llaringiz bilan taom yemanglar. Chunki shayton chap qo‘li bilan ovqatlanadi va ichimlik ichadi”. (Imom Muslim)
* * *
6) “Tuyaga o‘xshab bir xo‘plamda ichmanglar. Lekin ikki va uch xo‘plam qilib ichinglar. Ichayotganda: “Bismillah”, denglar. Ichib bo‘lib: “Alhamdulillah”, deb aytinglar”. (Imom Termiziy)
* * *
7) “Ipak kiymanglar. Kimki uni dunyo hayotida kiysa, oxiratda kiya olmaydi”. (Muttafaqun alayh)
* * *
8) “Sizlardan birortangiz zinhor bir kishini o‘rnidan turg‘izib, uning joyiga o‘tirmasin. Lekin kengaytirib joy beringlar”. (Muttafaqun alayh)
* * *
9) “Birortangiz uzoq (vaqt uyda) bo‘lmasa, ahlining oldiga kechasi kelmasin”. (Muttafaqun alayh)
* * *
10) “Ixtilof qilmanglar. Yana qalblaringiz ixtilofli bo‘lib qolmasin”. (Abu Dovud)
* * *
11.12)“Ba’zilaringiz ba’zilaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin. Birodari sovchi bo‘lgan ayolga sovchi yubormasin. Lekin o‘zi izn bersa, unda joiz”. (Muttafaqun alayh)
* * *
13) “Birortangiz birodariga qurol o‘qtalmasin. Zero, u bilmaydiki, shayton (qurolni) uning qo‘lidan chiqarib yuborsa, do‘zaxning bir chuquriga tushishi mumkin”. (Muttafaqun alayh)
* * *
14.15) “Ikki la’natga sabab bo‘luvchidan saqlaninglar”, dedilar. Odamlar: “Ey Allohning rosuli, ikki la’natga sabab bo‘luvchi nima?”, dedilar. U zot: “Odamlarning yo‘liga va soya joyga xalo qilgan”, dedilar. (Imom Muslim)
* * *
16.17) “Qabrlarga (qarab) namoz o‘qimanglar va uning ustida o‘tirmanglar”. (Imom Muslim)
* * *
18) “Xo‘rozni so‘kmanglar. Chunki u (tahajjud va bomdod) namoziga uyg‘otadi”. (Abu Dovud)
* * *
19) “Kimga rayhon tortiq etilsa, rad qilmasin. Chunki uning vazni yengil va hidi xushbo‘ydir”. (Imom Muslim)
* * *
20.21.22) “Zulmdan chetlaninglar. Chunki zulm qiyomat kunida zulumat bo‘ladi. Va yana baxillik va xasislikdan saqlaninglar. Chunki xasislik sizlardan avvalgi ummatlarni halok qildi va qon to‘kishlariga hamda harom narsalarni halol qilib olishlariga sabab bo‘lgan edi”. (Imom Muslim)
* * *
23) “Birortangiz sohibining narsasini o‘yin qilib yoki jiddiylik bilan olib qo‘ymasin. Agar hassasini olib qo‘ysa ham darxol qaytarib bersin”. (Imom Buxoriy)
* * *
24) “Kulgini ko‘paytirmanglar, chunki ko‘p kulgi qalbni o‘ldiradi”. (Imom Buxoriy)
* * *
25.26) “Biringiz hojatini so‘rasa, yengil narsa so‘rasin. Baribir unga taqdir qilingan narsa bo‘ladi. Biringiz sohibiga borib, uni hadeb maqtayvermasin. Tag‘in uning belini sindirmasin”. (Imom Buxoriy)
* * *
27) “Ko‘pi mast qiladigan ichimlikning ozidan ham sizlarni qaytaraman”. (Imom Naso’iy)
* * *
28.29) “Ayol yonida mahrami bo‘lmasa safarga chiqmasin va yonida mahram bo‘lmagan ayol oldiga nomahram kirmasin”. (Imom Buxoriy)
* * *
30.31.32.33) “Sen birodaring bilan janjallashma va u bilan hazillama va u bilan talashma. Unga bir va’da bera turib, so‘ng xilof qilma”. (Imom Buxoriy)
* * *
34.35.36.37.38.39) “Badgumonlikdan hazir bo‘ling, chunki badgumonlik gaplarning eng yolg‘onidir. Bir-biringizni avramang. Bir-biringizga hasad qilmang. Bir-biringizni yomin ko‘rmang. Bir-biringiz bilan raqobatlashmang. Bir-biringizga qarshi tadbir qilmang. Ey Allohning bandalari, birodar bo‘linglar!” (Imom Buxoriy)
* * *
40) “Allohning zikridan boshqa so‘zlarni ko‘paytirmanglar. Chunki, Alloh taoloning zikridan boshqa so‘zlar bag‘ritosh qilib qo‘yadi. Allohdan insonlarning eng uzog‘i bag‘ritoshlaridir”. (Imom Termiziy)
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Islomov Yorbek
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati