Mashhur sahobalardan Zubayr ibn Avvom ibn Huvaylid Asadiy Qurayshiy roziyallohu anhuning nasabi Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam nasablari bilan Kilobda tutashadi. U Xadicha onamiz roziyallohu anhu singari Bani Asad urug‘idan. Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam ammalari Sofiya binti Abdulmuttalib roziyallohu anhoning o‘g‘li bo‘lgan.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayh “Tobaqotul Kubro” asarida Sofiya binti Abdulmuttolib roziyallohu anho o‘g‘li Zubayrga qattiqqo‘llik bilan tarbiya berayotganini ko‘rib odamlar: “Axir uni juda qiynab yubording”, deganlarida: “Men uni pishisin, qat’iyatli bo‘lsin deyman”, deb aytganini keltirgan.
Yillar o‘tib, onaning orzusi ushaldi. Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu baland bo‘yli, o‘ta chidamli bo‘lib voyaga yetdi. Unda vafodorlik, birso‘zlik, saxiylik kabi fazilatlar mujassam edi. Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning qo‘lidan tutib: “Har bir payg‘ambarning xos yordamchisi bo‘lgan, mening xos yordamchim Zubayr ibn Avvomdir” deb marhamat qildilar (Imom Hokim).
Zubayr roziyallohu anhu oldiniga faqirona hayot kechirdi. Ayoli Asmo roziyallohu anho uy ishlaridan tashqari chorva boqish, o‘tin terish kabilar bilan turmush o‘rtog‘iga yordamlashdi. Keyinroq Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu tijorat bilan shug‘ullanib, boyib ketdi. Ammo saxiyligi tufayli uyida biror narsa turmagan. Katta mablag‘ tushsa, uyigacha yetib bormay, yo‘ldayoq odamlarga tarqatib yuborardi.
Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam Zubayrning uyida chiroq yonib turganini ko‘rdilar va “Ey Oisha, Asmo farzandli bo‘lganga o‘xshaydi. Unga ism qo‘ymay turinglar. Men o‘zim qo‘yaman”, dedilar. U zot chaqaloqni Abdulloh deb atadilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar”» (Imom Termiziy).
Hazrat Umar roziyallohu anhu maslahat olgan olti sahoba, “ahli sho‘ro”ning biri Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu bo‘lgan.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning zamoniga kelib Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu eng ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biriga aylandi.
Zubayr ibn Avvom Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bir lahza ham ajramadi. Doimo xizmatlarida bo‘lib, buyurilgan ishni sidqidildan ado etardi. U kishi Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallamdan jami o‘ttiz sakkizta hadis rivoyat qildi. Hijriy o‘ttiz to‘rtinchi sanada (milodiy 656) Basrada vafot etdi.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi ma’rupov Oybek
Manbalar asosida tayyorladi
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati