Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2026   |   23 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:58
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:42
Bismillah
08 Iyul, 2026, 23 Muharram, 1448

Sarvari olamga munosib ummat bo‘laylik

17.11.2018   13523   8 min.
Sarvari olamga munosib ummat bo‘laylik

 Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamni hammadan ko‘p  sevishga  buyurilganmiz. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda shunga buyuradi: “Payg‘ambar mo‘minlar uchun o‘zlaridan ko‘ra  haqlidir. Uning ayollari esa ularning onalaridir” (Ahzob, 6).

Bu zotni yana shuning uchun yaxshi ko‘ramizki, Sarvari olamda insonlar uchun go‘zal namuna bordir. Alloh  taolo bunday deydi: “Sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umdvorlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi” (Ahzob, 21). Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni yana nihoyatda chiroyli xulq sohibi bo‘lganlari uchun sevamiz. Buning xabari ham Qur’oni karimda kelgan: “Albatta siz chiroyli xulq uzrasiz” (Qalam, 4).

Payg‘ambar alayhissalomni hammadan ortiq ko‘rishimizning yana bir boisi bor. U zot butun insoniyatga payg‘ambar o‘laroq yuborilgan eng oxirgi elchidirlar. Payg‘ambar alayhissalom butun payg‘ambarliklari davrida ummat qayg‘usi bilan yashadilar, ummatni haq yo‘lga boshladilar. Hatto jonlari chiqayotganda ham ummatlarini o‘yladilar. Rivoyat  qilinadiki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘lim onlarida Jabroil alayhissalomdan: “Mendan so‘ng ummatimning ahvoli nima bo‘ladi?” deb so‘radilar. Shunda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga vahiy etdi: Habibimga xushxabar ber, ummati ichida uni uyaltirmayman. Hashr kunida u qabrdan eng oldin chiqadiganlardan bo‘ladi va Mahshargohda to‘planganlarning sayyidi qilinadi. To uning ummati kirmagunicha boshqa ummatlarga jannatga kirish haromdir”. “Ana endi  ko‘zim quvonchga to‘ldi”, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Shuning uchun Alloh elchisini sevish komil iymon ramziga aylandi. Anas ibn  Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va  sallam: «Banda nazdida men uning ahlidan, molidan, odamlarning barchasidan afzal  bo‘lmagunimcha u komil mo‘min bo‘la olmaydi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Zuhra ibn Ma’bud roziyallohu anhuning bobolaridan rivoyat qilinadi:  «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga edik. U zot Umar ibn Xattobning qo‘llaridan tutib turardilar. Umar: «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, siz  menga o‘zimdan boshqa hammadan sevimlisiz», dedi. Shunda Rasuli akram:  «Sizlarning birortangizga o‘zidan ham sevimli bo‘lmagunimcha u mo‘min bo‘lolmaydi», dedilar. Hazrati Umar: «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki,  endi siz menga o‘zimdan ham sevimlisiz», dedi. Rasululloh: «Ana endi to‘g‘ri bo‘ldi, ey Umar», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati). 

Yana Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «Uch xislat kimda bo‘lsa, ular sababli iymon halovatini topadi: kimga Alloh va Uning Rasuli boshqalardan ko‘ra suyukli bo‘lsa,  kim bir bandani faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rsa va kim Alloh uni kufrdan qutqarib olganidan keyin yana o‘sha kufrga qaytishni xuddi do‘zaxga tashlanishni yomon ko‘rganidek yomon ko‘rsa», deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

U zotdan keyin Nabiyning qabrlarini ziyorat qilish sunnatga aylandi. Shuning uchun dunyoning turli burchaklaridan haj va umra niyatida Payg‘ambar shahri Madinai  munavvaraga kelishganda u zotga salom va salavotlarini yetkazishadi. Xotib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim meni vafotimdan keyin ziyorat qilsa, go‘yo hayotligimda meni ziyorat  qilgan  kabidir. Kim ikki Haramning birida vafot etsa, qiyomat kuni omonda bo‘lganlar qatorida tiriladi», deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Allohning Elchisini qanday va qanchalik sevishni bizga sodiq sahobalar, solih salaflar o‘rgatib ketishgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sobit ibn Qays ibn Shammos baland ovozli kishi edi. «Ey iymon keltirganlar, ovozingizni Payg‘ambar ovozidan balandlatmang…» (Hujurot, 2) oyati tushganida u kishi: «Ovozini Payg‘ambarga ko‘targan odam menman, do‘zax ahlidan bo‘lgan ham menman, qilgan amalim habata (bekor) bo‘ldi», deb ahli ayoli ichida mahzun bo‘lib o‘tirib qoldi. Ittifoqo, shu paytda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni axtarib qoldilar. Odamlar uning oldiga borib: «Seni Payg‘ambar alayhissalom qidiryaptilar, senga nima bo‘ldi?» deyishdi. Shunda u kishi: «Ovozini Payg‘ambar ovozidan ko‘targan menman, u kishiga dag‘al so‘z aytgan ham menman, amalim habata bo‘ldi, men do‘zax ahlidanman», dedi. Odamlar Payg‘ambar alayhissalomga bu xabarni yetkazishdi. Shunda u zoti bobarakot: «Yo‘q, u jannat ahlidandir», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

Vaysul Qaraniy roziyallohu anhu Uhud jangida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bitta tishlari singani xabari kelganida u zotning qaysi tishlari singanini bilolmagani uchun barcha tishlarini sindirib tashlab, Payg‘ambarga yaqin bo‘lish zavqidan shodlandilar.

Bani Dinor qabilasidan bir ayolning Uhud jangida eri, ukasi va otasi shahid  bo‘ldi. Uchta yaqin kishisining vafot etganini eshitgan ayol: “Menga Rasulullohni ko‘rsating, u kishini bir ko‘ray” dedi. Payg‘ambarni ko‘rganidan keyin: “Ey  Allohning elchisi, siz sog‘-salomat ekansiz, menga qolgan falokatlar arzimasdir”, dedi.

Volida Sulton esa “Muhabbatdan Muhammad bo‘ldi hosil, Muhammadsiz muhabbatdan ne hosil”, deya ruh ozig‘ining faqat Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan bo‘lgan muhabbat ekanini go‘zal bir tarzda ifodalagan edi.

Imom Molik rahimahulloh dunyo ishlarining hammasida oxirgi zamon Payg‘ambariga taqlid qilish ishqida yashab o‘tgan edi. Bu mazhabboshi olim Nabiy alayhissalomning muborak qadamlari tekkan Madinai munavvarada biror marta ham otda yoki tuyada yurmadi. Ravzada imomlik qilganida doimo past ovozda gapirar edi. Hatto o‘sha paytdagi xalifa Abu Ja’far Mansurdan ham Payg‘ambar shahrida ovozini baland qilmaslikni talab etgan edi.

“Payg‘ambar yoshidan keyin menga bu tuproq ustida yurish haromdir” degan buyuk  ishq qahramoni Xoja Ahmad Yassaviy oltmish uchdan keyin Nabiy alayhissalom bilan bir xil hayot tarzini tanladi va shu yo‘lda abadiylashdi. U yashagan tuproqlar Faxri koinotga muhabbat ramzi o‘laroq “Hazrati Turkiston” deya ulug‘landi.  

Turkiy hukmdorlardan sulton Mahmud G‘aznaviy dini komilligi, Payg‘ambar alayhissalom sunnatlariga uyg‘un yashagani, adolatpeshaligi bilan mashhur edi. Uning  bir vaziri bo‘lib, vazirning Muhammad ismli o‘g‘li sultonga kotiblik qilardi. Bir kuni Mahmud G‘aznaviy kotibini ismi bilan emas, «Ey vazirning o‘g‘li!» deb chaqirdi. Bu holdan kotib sergaklandi. Biror yanglish ish qilib, podshohni ranjitib qo‘ydimmi, deb o‘yladi. Bo‘lgan voqeani otasiga aytib, maslahat so‘radi. Vazir ham ming andishada javob izlab hukmdorga murojaat qildi. Shunda Mahmud G‘aznaviy: “Tashvishlanmang, ey vazir, hamisha o‘g‘lingizning ismini aytib chaqirganimda tahoratli bo‘lardim. Bu safar tahoratim yo‘q edi. Shuning uchun tahoratsiz holda uni Muhammad, deb chaqirishdan, Payg‘ambarimiz muborak ismlarini tilga olishdan qo‘rqdim”, deb javob qildi.

Ulug‘larimiz, salaflarimiz Sarvari olamni shunchalik qattiq sevishgan, har ishda u zotga ergashishgan. Alloh Elchisiga bizlarning muhabbatimiz nimada ayon bo‘ladi? U zotning nomlari zikr etilganida u zotga, ahli baytlari va sodiq sahobalariga salavotu salomlar yo‘llashimiz, butun Islom tarixini o‘zida mujassam qilgan siyratlarini puxta o‘rganishimiz, Sunnatlariga iloji boricha amal qilishimiz, u zotning ummatlariga xos hayot tarzi va axloq qoidalariga mos hayot kechirishimiz, xullasi, Muhammad alayhissalom ummati degan sharafli nomga munosib ish tutishimiz kerak. Shunda Faxri koinotni chinakamiga sevgan bo‘lamiz.

 

 

 

     Husniddin ABDUQODIROV,

«Keriz» jome masjidi  imom-xatibi

 

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Ovqat yeyish bo‘yicha musobaqalashish: Islom va zamonaviy ilm nuqtayi nazaridan zarari

07.07.2026   7096   4 min.
Ovqat yeyish bo‘yicha musobaqalashish: Islom va zamonaviy ilm nuqtayi nazaridan zarari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yoki tez ovqat yeyish bo‘yicha “musobaqa”lar ommalashib bormoqda. Ba’zilar buni shunchaki qiziqarli shou deb bilsa, boshqalar uni rekord o‘rnatish vositasi sifatida qabul qiladi. Biroq Islom ta’limotida ham, zamonaviy tibbiyotda ham inson organizmini zo‘riqtirishi va isrofga yo‘l qo‘yishi taqiqlanadi.


Islom me’yorni buyuradi

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas(A’rof surasi, 31-oyat).

Ushbu oyat nafaqat ovqatning halol bo‘lishini, balki uning miqdori ham me’yorda bo‘lishi lozimligini anglatadi. Zero, ortiqcha ovqat yeyish ham isrofning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu oyat “butun tib ilmini o‘zida jamlagan oyat” deya hatto g‘ayridinlar tomonidan e’tirof etilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Odam bolasi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan. Odam bolasiga qaddini tutib turadigan bir necha luqma kifoya. Juda bo‘lmasa (oshqozonining) uchdan birini taomiga, uchdan birini ichimligiga, uchdan birini nafasiga (havoga) ajratsin, dedilar (Imom Temiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).

Bu hadis sog‘lom ovqatlanishning eng qisqa va mukammal dasturi sanaladi.

Ibn Sino: Kasallikning ikkita sababi bor. Biri ko‘p yeyish, ikkinchisi to‘q qoringa yeyish”, degan.


Ilmiy fakt: oshqozon to‘yganini darhol bildirmaydi

Inson ovqatlanayotganda to‘yish haqidagi signallar oshqozondan miyaga taxminan 15-20 daqiqa ichida yetib boradi. Shu sababli juda tez ovqatlangan odam ehtiyojidan ancha ko‘p ovqat iste’mol qiladi.

Tadqiqotlarda tez ovqatlanuvchi insonlarda ortiqcha vazn, semirish, 2-tur qandli diabet xavfi yuqori ekani aniqlangan.


Oshqozonning imkoniyati cheklangan

Oddiy holatda inson oshqozonining hajmi taxminan 1-1,5 litr atrofida bo‘ladi. U ma’lum darajada kengayishi mumkin, ammo qisqa vaqt ichida bir necha litr ovqat va suyuqlik qabul qilish oshqozon devorini zo‘riqtiradi. Ko‘p ovqat yeyish esa, oshqozonning haddan tashqari kengayishi, oshqozon harakatining vaqtincha to‘xtab qolishi, hatto oshqozon yorilishi kabi o‘limga olib keladi.


Aniq fakt: xot-dog yeyish musobaqalarida o‘lim holatlari kuzatilgan

Tez ovqat yeyish musobaqalarida eng katta xavflardan biri – bo‘g‘ilish.

Xot-dog, gamburger yoki katta bo‘lakli go‘shtni juda tez yutish natijasida ovqat nafas yo‘liga tushishi mumkin. Bunday musobaqalar vaqtida bo‘g‘ilish sababli bir qancha ishtirokchilar vafot etgani kuzatilgan.


Yurak va qon aylanishiga ta’siri

Katta hajmdagi ovqat hazm qilinishi uchun hazm tizimiga ko‘proq qon yuboriladi. Bu holat yurak urishining tezlashishiga, qon bosimining o‘zgarishiga va yurak ishining og‘irlashishiga sabab bo‘ladi. Yurak-qon tomir kasalligi bor insonlarda bu holat yanada xavfli.


Inson tanasi – omonat

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Senda tanangning ham haqqi bor”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, inson tanasi bilan tajriba o‘tkazish, uni ko‘ngilochar musobaqalar uchun zo‘riqtirish Islomning inson salomatligini asrash tamoyiliga ziddir. Shuning uchun, inson o‘z joniga ham, tanasiga ham qasddan zarar yetkazmasligi lozim.


Xulosa

Mo‘min kishi ovqatni nafsni qondirish yoki rekord qo‘yish uchun emas, balki Robbisiga ibodat qilishga quvvat bo‘lishi maqsadida, me’yor bilan iste’mol qiladi. Chunki me’yor – Islomning go‘zal fazilatlaridan biri, salomatlik esa Allohning eng katta ne’matlaridandir.

 

Davron NURMUHAMMAD