Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamni hammadan ko‘p sevishga buyurilganmiz. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda shunga buyuradi: “Payg‘ambar mo‘minlar uchun o‘zlaridan ko‘ra haqlidir. Uning ayollari esa ularning onalaridir” (Ahzob, 6).
Bu zotni yana shuning uchun yaxshi ko‘ramizki, Sarvari olamda insonlar uchun go‘zal namuna bordir. Alloh taolo bunday deydi: “Sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umdvorlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi” (Ahzob, 21). Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni yana nihoyatda chiroyli xulq sohibi bo‘lganlari uchun sevamiz. Buning xabari ham Qur’oni karimda kelgan: “Albatta siz chiroyli xulq uzrasiz” (Qalam, 4).
Payg‘ambar alayhissalomni hammadan ortiq ko‘rishimizning yana bir boisi bor. U zot butun insoniyatga payg‘ambar o‘laroq yuborilgan eng oxirgi elchidirlar. Payg‘ambar alayhissalom butun payg‘ambarliklari davrida ummat qayg‘usi bilan yashadilar, ummatni haq yo‘lga boshladilar. Hatto jonlari chiqayotganda ham ummatlarini o‘yladilar. Rivoyat qilinadiki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘lim onlarida Jabroil alayhissalomdan: “Mendan so‘ng ummatimning ahvoli nima bo‘ladi?” deb so‘radilar. Shunda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga vahiy etdi: Habibimga xushxabar ber, ummati ichida uni uyaltirmayman. Hashr kunida u qabrdan eng oldin chiqadiganlardan bo‘ladi va Mahshargohda to‘planganlarning sayyidi qilinadi. To uning ummati kirmagunicha boshqa ummatlarga jannatga kirish haromdir”. “Ana endi ko‘zim quvonchga to‘ldi”, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Shuning uchun Alloh elchisini sevish komil iymon ramziga aylandi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Banda nazdida men uning ahlidan, molidan, odamlarning barchasidan afzal bo‘lmagunimcha u komil mo‘min bo‘la olmaydi», deganlar” (Imom Muslim rivoyati).
Zuhra ibn Ma’bud roziyallohu anhuning bobolaridan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga edik. U zot Umar ibn Xattobning qo‘llaridan tutib turardilar. Umar: «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, siz menga o‘zimdan boshqa hammadan sevimlisiz», dedi. Shunda Rasuli akram: «Sizlarning birortangizga o‘zidan ham sevimli bo‘lmagunimcha u mo‘min bo‘lolmaydi», dedilar. Hazrati Umar: «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, endi siz menga o‘zimdan ham sevimlisiz», dedi. Rasululloh: «Ana endi to‘g‘ri bo‘ldi, ey Umar», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Yana Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «Uch xislat kimda bo‘lsa, ular sababli iymon halovatini topadi: kimga Alloh va Uning Rasuli boshqalardan ko‘ra suyukli bo‘lsa, kim bir bandani faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rsa va kim Alloh uni kufrdan qutqarib olganidan keyin yana o‘sha kufrga qaytishni xuddi do‘zaxga tashlanishni yomon ko‘rganidek yomon ko‘rsa», deganlar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
U zotdan keyin Nabiyning qabrlarini ziyorat qilish sunnatga aylandi. Shuning uchun dunyoning turli burchaklaridan haj va umra niyatida Payg‘ambar shahri Madinai munavvaraga kelishganda u zotga salom va salavotlarini yetkazishadi. Xotib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim meni vafotimdan keyin ziyorat qilsa, go‘yo hayotligimda meni ziyorat qilgan kabidir. Kim ikki Haramning birida vafot etsa, qiyomat kuni omonda bo‘lganlar qatorida tiriladi», deganlar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Allohning Elchisini qanday va qanchalik sevishni bizga sodiq sahobalar, solih salaflar o‘rgatib ketishgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sobit ibn Qays ibn Shammos baland ovozli kishi edi. «Ey iymon keltirganlar, ovozingizni Payg‘ambar ovozidan balandlatmang…» (Hujurot, 2) oyati tushganida u kishi: «Ovozini Payg‘ambarga ko‘targan odam menman, do‘zax ahlidan bo‘lgan ham menman, qilgan amalim habata (bekor) bo‘ldi», deb ahli ayoli ichida mahzun bo‘lib o‘tirib qoldi. Ittifoqo, shu paytda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni axtarib qoldilar. Odamlar uning oldiga borib: «Seni Payg‘ambar alayhissalom qidiryaptilar, senga nima bo‘ldi?» deyishdi. Shunda u kishi: «Ovozini Payg‘ambar ovozidan ko‘targan menman, u kishiga dag‘al so‘z aytgan ham menman, amalim habata bo‘ldi, men do‘zax ahlidanman», dedi. Odamlar Payg‘ambar alayhissalomga bu xabarni yetkazishdi. Shunda u zoti bobarakot: «Yo‘q, u jannat ahlidandir», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Vaysul Qaraniy roziyallohu anhu Uhud jangida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bitta tishlari singani xabari kelganida u zotning qaysi tishlari singanini bilolmagani uchun barcha tishlarini sindirib tashlab, Payg‘ambarga yaqin bo‘lish zavqidan shodlandilar.
Bani Dinor qabilasidan bir ayolning Uhud jangida eri, ukasi va otasi shahid bo‘ldi. Uchta yaqin kishisining vafot etganini eshitgan ayol: “Menga Rasulullohni ko‘rsating, u kishini bir ko‘ray” dedi. Payg‘ambarni ko‘rganidan keyin: “Ey Allohning elchisi, siz sog‘-salomat ekansiz, menga qolgan falokatlar arzimasdir”, dedi.
Volida Sulton esa “Muhabbatdan Muhammad bo‘ldi hosil, Muhammadsiz muhabbatdan ne hosil”, deya ruh ozig‘ining faqat Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan bo‘lgan muhabbat ekanini go‘zal bir tarzda ifodalagan edi.
Imom Molik rahimahulloh dunyo ishlarining hammasida oxirgi zamon Payg‘ambariga taqlid qilish ishqida yashab o‘tgan edi. Bu mazhabboshi olim Nabiy alayhissalomning muborak qadamlari tekkan Madinai munavvarada biror marta ham otda yoki tuyada yurmadi. Ravzada imomlik qilganida doimo past ovozda gapirar edi. Hatto o‘sha paytdagi xalifa Abu Ja’far Mansurdan ham Payg‘ambar shahrida ovozini baland qilmaslikni talab etgan edi.
“Payg‘ambar yoshidan keyin menga bu tuproq ustida yurish haromdir” degan buyuk ishq qahramoni Xoja Ahmad Yassaviy oltmish uchdan keyin Nabiy alayhissalom bilan bir xil hayot tarzini tanladi va shu yo‘lda abadiylashdi. U yashagan tuproqlar Faxri koinotga muhabbat ramzi o‘laroq “Hazrati Turkiston” deya ulug‘landi.
Turkiy hukmdorlardan sulton Mahmud G‘aznaviy dini komilligi, Payg‘ambar alayhissalom sunnatlariga uyg‘un yashagani, adolatpeshaligi bilan mashhur edi. Uning bir vaziri bo‘lib, vazirning Muhammad ismli o‘g‘li sultonga kotiblik qilardi. Bir kuni Mahmud G‘aznaviy kotibini ismi bilan emas, «Ey vazirning o‘g‘li!» deb chaqirdi. Bu holdan kotib sergaklandi. Biror yanglish ish qilib, podshohni ranjitib qo‘ydimmi, deb o‘yladi. Bo‘lgan voqeani otasiga aytib, maslahat so‘radi. Vazir ham ming andishada javob izlab hukmdorga murojaat qildi. Shunda Mahmud G‘aznaviy: “Tashvishlanmang, ey vazir, hamisha o‘g‘lingizning ismini aytib chaqirganimda tahoratli bo‘lardim. Bu safar tahoratim yo‘q edi. Shuning uchun tahoratsiz holda uni Muhammad, deb chaqirishdan, Payg‘ambarimiz muborak ismlarini tilga olishdan qo‘rqdim”, deb javob qildi.
Ulug‘larimiz, salaflarimiz Sarvari olamni shunchalik qattiq sevishgan, har ishda u zotga ergashishgan. Alloh Elchisiga bizlarning muhabbatimiz nimada ayon bo‘ladi? U zotning nomlari zikr etilganida u zotga, ahli baytlari va sodiq sahobalariga salavotu salomlar yo‘llashimiz, butun Islom tarixini o‘zida mujassam qilgan siyratlarini puxta o‘rganishimiz, Sunnatlariga iloji boricha amal qilishimiz, u zotning ummatlariga xos hayot tarzi va axloq qoidalariga mos hayot kechirishimiz, xullasi, Muhammad alayhissalom ummati degan sharafli nomga munosib ish tutishimiz kerak. Shunda Faxri koinotni chinakamiga sevgan bo‘lamiz.
Husniddin ABDUQODIROV,
«Keriz» jome masjidi imom-xatibi
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar