Rabiul avval.
Hijriy uchinchi oy.
Bu oy – musulmonlar qalbidan alohida o‘rin olgan oy. Chunki bu oyda suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tavallud topganlar. Hatto bu oyga azizlarimiz u zotga bo‘lgan muhabbatlari ifshosi o‘laroq, “mavlid” oyi nomini berganlar.
Mavlid oyida biz, musulmonlar o‘z Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hayoti, sunnati soniyalarini yanada mukammal o‘rganib hayotimizga tadbiq qilishga zo‘r beramiz.
“Sen: “ Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir”, deb ayt” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Ushbu oyati karima Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: Ka’b ibn Ashrof va unga tobe bo‘lgan yahudiylarni iymonga chaqirganlarida
Ular kibrlanib urib: “Biz Allohning bolalari va do‘stlarimiz”, deganlarida nozil bo‘lgan.
Zunnun Misriy qoddasallohu sirrahu oyati karimani quyidagicha tafsir qilganlar:
“Alloh azza va jallaga bo‘lgan muhabbatning alomati – Uning Habibiga, u Zotning axloqiga, ishlariga, buyruqlariga va sunnatlariga ergashmoqdir”.
Siyrat kitoblarida ko‘rdim: zikr ahllari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan muhabbatlari tufayli salavot aytishni kundalik virdlariga qo‘shib olganlar. Ba’zi birlari esa ko‘p vaqtini u zotga salavot aytish bilan o‘tkazganlar. Muhabbat ularning butun vujudini chulg‘ab olgan. Omma ularga “shayxus solah”– salavot shayxi unvonini berganlar. Vafot topganlaridan bir necha yillar o‘tganidan so‘ng qabrlari ochilganda, odamlar ularning jasadlari chirimaganiga guvoh bo‘lganlar. Chunki kim nimani yaxshi ko‘rsa, o‘shani ko‘p zikr qiladi. Kishi yaxshi ko‘rgani bilan jannatda birga bo‘ladi.
Ravshanbek O‘RINBOYEV,
Andijon shahridagi "Hazrati Bilol" jome masjidi imom-xatibi
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati