Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlari namlangan holatlar

16.11.2018   10215   6 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlari namlangan holatlar

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avvalgiyu oxirgi gunohlari kechirilgan bo‘lishiga qaramay, u zot sollallohu alayhi vasallam goh Alloh taolodan qo‘rqib, gohida esa ummatlari uchun rahmat va shavqatdan yig‘lardilar. Ba’zi hollar Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘z yoshlari oqishiga sabab bo‘lardi. 

Yo Alloh! Ummatim, ummatim

Abdulloh ibn Mas'hud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Qur’ondan qiroat qil!”, dedilar. “Sizga nozil bo‘la turib, men o‘qiymi?”, dedim. U zot “Ha”, dedilar. “Niso surasidan tilovat qila boshladim va Har bir ummatdan (o‘z payg‘ambarini) guvoh sifatida keltirganimizda va Sizni (ey, Muhammad!) ularga guvoh qilib keltirganimizda, (ularning holi) ne kechur?! oyatiga yetganimda u zotga qarasam, yig‘layotgan ekanlar!” (Imom Ahmad rivoyati).

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Ey Robbim, albatta u(sanam)lar odamlardan ko‘pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir» va «Agar ularni azoblaydigan bo‘lsang, bas, albatta, ular Sening bandalaring. Agar ularni mag‘firat qiladigan bo‘lsang, bas, albatta, Sening O‘zing g‘olib va Hikmatli Zotdirsan» oyatlarini tilovat qildilar va ikki qo‘llarini ko‘tarib: “Yo Alloh! Ummatim, ummatim!”, deb yig‘ladilar!”

Shunda Alloh azza va jalla aytdi: “Ey Jabroil! Muhammadga bor, holbuki Robbing biluvchiroqdir, undan, seni nima yig‘latdi, deb so‘ra”, deb amr qildi. Bas, Jabroil alayhissalom u zotning oldiga kelib, Alloh taologa u zotning aytgan gaplari xabarini berdi. Holbuki, U bilivchiroqdir. Alloh taolo esa: “Ey Jabroil! Muhammadga bor va unga, albatta seni ummating borasida rozi qilamiz”, deb ayt, dedi”. 

Birodarlarimni sog‘indim

Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga imon keltiradilar!”, dedilar. 

Albatta ko‘zlar yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi

Anas ibn Molik roziyallohu aytadilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Abu Sayfning oldiga bordik u Ibrohim alayhissalomning enagasi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibrohimni qo‘llariga oldilar va uni o‘pib, hidladilar. So‘ng biz uning oldiga kirdik. Ibrohim jon berayotgan edi. Rasululloh yig‘lay boshladilar. Shunda Abdurrahmon ibn Avf: “Yo Rasululloh, yig‘layapsizmi?!”, deb so‘radi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu rahmatdir ey ibn Avf”, dedilar va yana: “Albatta ko‘zlar yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi lekin biz faqatgina Robbimiz rozi bo‘ladigan gaplarni aytamiz! Biz sening firoqingdan mahzunmiz, ey Ibrohim!”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). 

Badaviy bilan suxbat

Yo Allohning rasuli, men ham hisob­kitob qilinamanmi?! deb so‘radi sahroyi kishi.

– Ha, agar xohlasa, hisob­kitob qiladi.

– O‘zining izzati va ulug‘ligiga qasam, agar mendan hisob so‘rasa, men ham so‘rayman, – dedi u.

– Rabbingdan nimani so‘raysan? – dedilar Payg‘ambarimiz (alayhissalom).

– Agar Rabbim mening gunohimdan so‘rasa, men Uning mag‘firatini so‘rayman. Agar osiyligimdan so‘rasa, men Uning afvini so‘rayman. Agar mening baxilligimdan so‘rasa, men Uning saxovatini so‘rayman! – dedi sahroyi kishi.

Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yig‘lay boshladilar, hatto soqollari ho‘l bo‘lib ketdi.

Shunda Jabroil (alayhissalom) xabar keltirdi:

 – Ey Muhammad (alayhissalom)! Alloh Sizga salom aytdi. Yig‘ini to‘xtating! Arshga muakkil farishtalar tasbeh aytib chalg‘ib ketishmoqda. Sahroyi kishiga ayting: U sizning jannatdagi rafiqingiz bo‘lgay!

Jaholat gunohlari kechirilgandir

Vaziyn roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Bir odam Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi va so‘zlay boshladi: "Yo Rasululloh! Biz jaholat ahli edik. Butlarga sig‘inar edik. Qizlarimizni tiriklay ko‘mar edik. Mening bir qizim bor edi. Gapga tushunib, chaqirsa, javob beradigan bo‘lib qolgan edi.

Bir kuni yonimga chaqirib, orqamdan ergashtirdim. Oilam va ahlimdan uzoq bo‘lmagan bir quduq yoniga boshlab bordim. Keyin sevimli qizimning qo‘lidan tortib, quduq ichiga otib yubordim. Uning so‘nggi so‘zlari "Otajon, otajonim!" deb qolishi bo‘ldi".

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘lay boshladilar. Uzoq yig‘ladilar. Atroflarida o‘tirganlardan biri haligi odamga: "Sen Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni g‘amgin qilding!" dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Unga tegmanglar! U o‘zi uchun muhim bir narsa haqida so‘ramoqchi", - dedilar. Keyin boyagi odamga qarab: - "Voqeani qaytadan aytib ber!" dedilar. U odam yana bir bor so‘zlab berdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana yig‘lay boshladilar. hatto ko‘z yoshlari soqollarini ho‘l qilib yubordi. Keyin bunday dedilar: "Alloh taolo johiliyat zamonida qilingan barcha gunohlarni kechirdi. Sen amalingni boshqatdan boshla!" (Imom Dorimiy).

Sizni qutqara olmayman

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Yaqin qarindoshlaringizni (Alloh azobidan) ogohlantiring!” (Shuaro surasi, 214- oyat) nozil bo‘lganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. So‘ngra qizlari Fotima roziyallohu anhoga qarab: "Ey Muhammadning qizi Fotima! Nafsingni jahannam olovidan qutqar! Alloh huzuridagi hech bir azobdan sizlarni qutqara olmayman. Faqat sizlarga yaqinligim bor, tez orada bu yaqinlikdan so‘ralaman!" dedilar. 

Hozirlik ko‘ring

Barro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qazilayotgan qabr yonidan o‘tdilar. U zot alayhissalom yig‘ladilar. Hatto ko‘z yoshlari tomchilab tuproqni ho‘l qilmoqda edi. So‘ngra bizga qarab: "Ey birodarlarim! Shunday bir kun uchun hozirlik ko‘ring!" dedilar (Imom Ahmad rivoyati). 

 

Davron NURMUHAMMAD

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

14.05.2025   2919   3 min.
Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.

Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.

1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.

Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.

2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.

3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.

4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.

5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.