Badaviy bilan suhbat
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’bai muazzamani tavof qilayotib, bir sahroyi kishining “Yo Karim!” deganini eshitdilar va uning so‘zini takrorladilar. Sahroyi kishi Mezob tomonga o‘tib yana: “Yo Karim!” – degan edi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham “Yo Karim!” – dedilar. Shunda sahroyi kishi u zotga qarab: Ey go‘zal yuz, ko‘rkam qomat sohibi! Meni masxara qilmoqchimisan? Allohga qasam, bir mo‘min banda bo‘lmaganingda edi, sen to‘g‘ringda Muhammadga (alayhissalom) shikoyat qilardim. U zot tabassum qildilar va: Payg‘ambaringni taniysanmi? – dedilar.
Sahroyi kishi: – Yo‘q, – deb javob berdi.
– Unda qanday qilib imon keltirgansan?
– Uni ko‘rmagan bo‘lsamda, payg‘ambarligiga imon keltirdim va yetkazganlarini tasdiqladim.
Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini tanishtirdilar. Sahroyi kishi hayajonini yashirolmadi. Xijolat chekib, Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llarini o‘pmoqchi bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Shoshma, ey mo‘min banda, ajamlar o‘z podshohlariga shunday muomala qilishadi. Mutakabbirlik menga xos emas. Alloh meni bashorat berguvchi va ogohlantiruvchi qilib yuborgan”, dedilar.
Barchaga tabassum qilardilar
Jarir roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomning ishonchlarini qozongan, u zotning huzurlariga to‘siqsiz kira olar edi. Nabiy alayhissalom Jarir roziyallohu anhuni har ko‘rganlarida tabassum qilardilar. Bu haqda Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: “Men musulmon bo‘lganimdan keyin qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan bo‘lsam, albatta yuzimga tabassum bilan qaraganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).
So‘nggi tabassum...
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Abu Bakr Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan oldingi bemorliklarida odamlarga namoz o‘qib berar edi. Toki, dushanba kuni kelib, ular namoz safida turganlarida, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hujraning pardasini ochdilar va tik turgan hollarida bizga nazar sola boshladilar. Yuzlari xuddi mus'hafning varag‘iga o‘xshash edi. So‘ngra tabassum ila kulimsiradilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini e’lon qiladi:
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti,
Mir Arab oliy madrasasi,
Hadis ilmi maktabi,
Imom Termiziy nomidagi islom instituti va
barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga
2025 yil 25 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.
Oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
Xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
ma’lumoti to‘g‘risida attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
chet tilini bilishi to‘g‘risidagi hujjat asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun).
Ma’lumot o‘rnida: Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Joriy yilda o‘qishni tamomlab, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan esa to‘lov undirilmaydi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati