frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qilgan holatlar

15.11.2018   13376   2 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qilgan holatlar

Badaviy bilan suhbat

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’bai muazzamani tavof qilayotib, bir sahroyi kishining “Yo Karim!” deganini eshitdilar va uning so‘zini takrorladilar. Sahroyi kishi Mezob tomonga o‘tib yana: “Yo Karim!” – degan edi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham “Yo Karim!” – dedilar. Shunda sahroyi kishi u zotga qarab: Ey go‘zal yuz, ko‘rkam qomat sohibi! Meni masxara qilmoqchimisan? Allohga qasam, bir mo‘min banda bo‘lmaganingda edi, sen to‘g‘ringda Muhammadga (alayhissalom) shikoyat qilardim. U zot tabassum qildilar va: Payg‘ambaringni taniysanmi? – dedilar.

Sahroyi kishi: – Yo‘q, – deb javob berdi.

– Unda qanday qilib imon keltirgansan?

– Uni ko‘rmagan bo‘lsam­da, payg‘ambarligiga imon keltirdim va yetkazganlarini tasdiqladim.

Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini tanishtirdilar. Sahroyi kishi hayajonini yashirolmadi. Xijolat chekib, Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llarini o‘pmoqchi bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Shoshma, ey mo‘min banda, ajamlar o‘z podshohlariga shunday muomala qilishadi. Mutakabbirlik menga xos emas. Alloh meni bashorat berguvchi va ogohlantiruvchi qilib yuborgan”, dedilar.

Barchaga tabassum qilardilar

Jarir roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomning ishonchlarini qozongan, u zotning huzurlariga to‘siqsiz kira olar edi. Nabiy alayhissalom Jarir roziyallohu anhuni har ko‘rganlarida tabassum qilardilar. Bu haqda Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: Men musulmon bo‘lganimdan keyin qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan bo‘lsam, albatta yuzimga tabassum bilan qaraganlar” (Imom Buxoriy rivoyati). 

So‘nggi tabassum...

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Abu Bakr Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan oldingi bemorliklarida odamlarga namoz o‘qib berar edi. Toki, dushanba kuni kelib, ular namoz safida turganlarida, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hujraning pardasini ochdilar va tik turgan hollarida bizga nazar sola boshladilar. Yuzlari xuddi mus'hafning varag‘iga o‘xshash edi. So‘ngra tabassum ila kulimsiradilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

28.08.2026   3682   1 min.
“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.

Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.

Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.

U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari