Joriy yilning 28 iyun' – 8 iyul' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili, Fatvo markazi mas'ul xodimi Habibullo Jo'raboyevning Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk viloyatlari hamda Oltoy o'lkasiga safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi ma'lumotiga ko'ra, safar davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi vakilining mamlakatimiz fuqarolari ko'pchilikni tashkil etadigan korxona va tashkilotlarda ishlayotgan mehnat migrantlari, oliy ta'lim muassalarida tahsil olayotgan o'zbek talabalari, diaspora tashkiloti rahbarlari hamda faol vatandoshlar bilan uchrashuvi, davra suhbati va ochiq muloqotlari bo'lib o'tdi.
O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, dunyoviy va diniy qadriyatlarning o'zaro bog'liqligi, oila muqaddasligi, oila tarbiyasida milliy va umuminsoniy ahloqiy madaniyatning o'rni, shuningdek, xorijda yurgan yoshlarni turli buzg'unchi yot g'oyalar, ekstremizm, terrorizm kabi salbiy oqimlar ta'siriga tushib qolishlarining oldini olish bilan bog'liq masalalar uchrashuvlarning asosiy mavzusi bo'ldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili Novosibirsk viloyati muftiysi Salim Shakirziyanov bilan ham uchrashdi. Suhbat chog'ida diniy masalalarda hududlararo hamkorlik qilish, diniy ulamolar o'rtasida o'zaro tajriba almashish yuzasidan fikr almashildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zi oilalarda ko‘radigan holatlarimizdan biri, agar ayol kasal bo‘lib qolsa, eri uni ayolning uyiga olib borib qo‘yadi. Tuzalganidan keyin esa o‘zining uyiga qaytarib olib keladi. Bunday ish tutish muruvvat sohiblariga aslo yarashmaydigan ishdir. Bunda ayolning nafsiga aziyat berish bordir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Badr g‘azotida qatnashmadilar, g‘oib bo‘ldilar. Chunki u zotning ayollari Ruqayya binti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq betob edilar...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotga: “Senga Badrga qatnashgan va o‘q otgan kishining ajri bo‘lur”, deganlar.
Endi o‘ylab ko‘r, Alloh seni va meni rahm qilsin, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qanday qilib (bemor) ayolini yonida bo‘lish va unga qarashni Allohning yo‘lidagi mujohidning ajri bilan teng o‘ringa qo‘yganlariga qara!
Har qanday jangchi emas, balki Badrda ishtirok etgan jangi bilan (teng o‘ringa qo‘ydilar). Alloh taolo Badr ahliga nazar solgan va bu g‘azot haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam as’hoblariga qarata: “Alloh Badr ahliga qarata “Istaganingizni qiling, sizlarni mag‘firat qildim” dedi”, degan edilar.