بسم الله الرحمن الرحيم
Mavlidun nabiy muborak!
الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ وَجَعَلَهُ أُسْوَةً حَسَنَةً لِلْمُؤْمِنِيْنَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا الرَّؤُوفِ بِالْمُؤْمِنِيْنَ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبَعَهُ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ
Muhtaram jamoat! Har yili rabi’ul-avval oyida dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar. U ham bo‘lsa “Mavlidun-Nabiy”, ya’ni Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning tug‘ilgan sanalarini sharaflash, bayram qilish oyidir. Bu oyda barchalarimiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg‘ambari etib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq o‘rganish, har ishda, har kunimizda, har bir amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishni bir-birimizga yanada ko‘proq targ‘ib qilishimiz kerak bo‘ladi.
Darhaqiqat, Muhammad alayhissalom Alloh taoloning so‘nggi payg‘ambari, payg‘ambarlarning eng ulug‘i va xotimalovchisi, Parvardigor butun olamga rahmat qilib yuborgan elchisi, insoniyat faxri, odamlarning eng yaxshi xulqlisi va komili edilar. Alloh azza va jalla O‘z rasuliga bevosita xitob qilib, Uni butun dunyoga rahmat elchisi ekanliklarini tasdiqlab, bunday deydi:
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ
(سورة الأنبياء/107)
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat). Oyati karimadagi “Rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Ularni bilish va anglash uchun Hazrati Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning go‘zal odob-axloqlari, siyrat va shamoillari, shariatlarining nihoyatda bag‘rikengligi, hatto, kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko‘rmasligi, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanidan xabardor bo‘lish zarur. Oisha onamizdan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida so‘ralganda:
"كَانَ خُلقُهُ القُرآن"
(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam)ning xulqlari Qur’on edi”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Qur’oni karim oyatlari Hazrati Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni sharaflab, nomlarini yuqori darajaga ko‘tarib zikr qiladi. Ul zotni barcha haloyiqdan ham yaxshi va Parvardigorga eng yaqin zot deb ulug‘laydi:
لَقَدْ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مِنْ أَنْفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُمْ بِالْمُؤْمِنِينَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
(سورة التّوبة/128)
ya’ni: “(Ey, Makka ahli!) Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo‘minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi” (Tavba surasi, 128-oyat).
Muhtaram jamoat! Mavlidun-nabaviyni nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad mo‘min-musulmonlarni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlarini paydo qilish va uni yanada ziyoda qilish, qalblariga o‘z payg‘ambarlariga muhabbat ruhini ulashish, dillarida shu tuyg‘uni uyg‘otish, kuchaytirish va sayqallashdir.
Alloh taolo Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallamga muhabbat barcha muhabbatdan oldin turishligi kerakligiga da’vat qilgan:
النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ...
(سورة الأحزاب/6 الأية)
ya’ni: “Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan ham haqliroqdir...” (Ahzob surasi, 6-oyat). Buning ma’nosi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari boshqa barcha narsalarga qo‘ygan muhabbatdan ko‘ra ustunroq bo‘lmaguncha, imonlari komil bo‘lmagay, deganidir.
Hadisi sharifda esa Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
"لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَلَدِهِ وَوَالِدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ وَالإِمَامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni:“Sizlardan birortangiz men unga bolasidan, ota-onasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘mini komil bo‘la olmaydi”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu hadis musulmon kishiga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yish vojib ekanligiga dalolat qiladi. Shundagina haqiqiy imon egasi, najot topuvchi kishiga aylanar ekan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rish imon ahllarining sarmoyasi va Islom ahkomlarining tatbiqidir. Zero, yaxshi ko‘rishdan maqsad quruq ehtiros va hissiyotning o‘zi emas, balki u zotdan kelgan har bir ko‘rsatmani qabul qilish, bajarish va lozim tutishdir.
Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi:
وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا
(سورة النساء/69 الأية)
ya’ni: “Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir!” (Niso surasi, 69-oyat). Bu oyatda payg‘ambarlar bilan birgalikda boshqalarning zikr qilinishida solihlikda mukammal bo‘lmaganlar solihlikda mukammal bo‘lganlarni yaxshi ko‘rishi bilan ular qatoridan joy olishlariga ishora qilingan. Boshqa oyatda:
وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَخْشَ اللَّهَ وَيَتَّقْهِ فَأُولَئِكَ هُمُ الْفَائِزُونَ
(سورة النور/52 الأية)
ya’ni: “Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etsa va Allohdan qo‘rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o‘shalargina yutuq egalaridirlar”– degan (Nur surasi, 52-oyat).
Qalbi Rasulullohga muhabbat bilan limmo-lim to‘lgan, u zotning aytganlariga itoat etishni hamma narsadan afzal deb bilgan mo‘min albatta Allohning roziligi va fazlu marhamatiga sazovor bo‘ladi va jannatda u zotga qo‘shni bo‘lish baxtini qo‘lga kiritadi. Bunga quyidagi hadis dalildir. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Ey, Allohning rasuli! Qiyomat qachon bo‘ladi?” – deb savol berdi. “Sen qiyomatga nimani hozirlab qo‘yding?” – dedilar Payg‘ambar alayhissalom. Savol bergan kishi: “Men Alloh va uning Rasulining muhabbatidan boshqa arzigulik hech narsa tayyorlamadim”,– deb javob qildi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, sen o‘zing yaxshi ko‘rganlar bilan birgasan, har kim o‘zi yaxshi ko‘rganlar bilan birga bo‘ladi”, – deb marhamat qildilar. Anas raziyallohu anhu: “Biz Islom kelgandan keyin Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlarini eshitganchalik xursand bo‘lmaganmiz”,– deganlar.
Ulamolarimiz kishini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatining qanchalik chin ekanligiga kuyidagi ishlar dalolat qiladi, deganlar:
Muhtaram jamoat! Mavlid oyi Payg‘ambar alayhissalomning hayotlarini, muborak siyratlari va sunnati saniyyalarini yanada chuqurroq o‘rganish oyidir. Bu oyda ham, bundan keyin ham biz, mo‘min-musulmonlar, har bir ishda, har bir amalda u zotning sunnatlariga muvofiq yo‘lda yurishimiz, U zotga ergashishimiz zarur. Shunday ekan, biz, yoshi kattalar, ota-onalar yana bir karra zimmamizdagi mas’uliyatni chuqur his etib, yetishib kelayotgan yosh avlodni, farzandlarimizni O‘z robbisi va Rasulini taniydigan, ularga muhabbat qiladigan, sadoqatli va axloq-odobli, bilim va salohiyatli qilib tarbiyalamog‘imiz lozim bo‘ladi.
Shuni aytib o‘tish joizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavalludlarini nishonlash va bunda xursandchilik qilishni o‘ziga yarasha shar’iy dalillari, asoslari hamda manfaatlari bor. Musulmon ummati taqriban ming yildan buyon uni nishonlab kelmoqda. Islom ummatining tayanchi bo‘lgan bir qator ulamolar uni yaxshi amal sanashgan.
Ulamolarimiz: “Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhuning “Musulmonlar yaxshi sanagan narsa Alloh nazdida ham yaxshidir”,– degan so‘zlari aynan mavlidga mos tushadi”, – deydilar. Biz ko‘pchilik ulamolarning, shu jumladan, yurtimiz ulamolarining fikrlarini ushlashimiz va ixtilofga o‘rin bermasligimiz lozim bo‘ladi. Zero, mavliddan ko‘zlangan maqsadlarga erishishga musulmonlar bugun har doimgidan ko‘ra ko‘proq muhtojdirlar.
Muhtaram jamoat! Ma’ruzamiz davomida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mo‘jizalaridan ba’zilarini eslab o‘tamiz:
Arablarda balog‘at, fasohat hamda she’riyat rivojlangan bir paytda Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karimni buyuk mo‘jiza o‘laroq nozil qildi. Uning mo‘jizaviyligi shundaki, Rasululloh salalllohu alayhi vasallam arablardan Qur’onga o‘xshash kitobni keltirishni talab qilganlarida arablarning eng balog‘at va fasohatli shoirlari hamda mohir voizlari ham Qur’on oyatlariga o‘xshash bir oyat keltirishga ham chorasiz qolishgan.
Alloh taolo Qamar surasida aytadi: “Soat (Qiyomat) yaqinlashdi va oy bo‘lindi. Agar bir oyat mo‘jizani ko‘rsalar, yuz o‘girarlar, bu o‘tkinchi sehr, derlar.” Ushbu voqeaning Makkada sodir bo‘lgani borasida kelgan hadislar mutavotir – ya’ni inkor etib bo‘lmas darajada ko‘p vorid bo‘lgan.
Madinada handaq qazish ishlari bo‘layotgan paytda ozgina taom bir necha ming sahobiylarga yetib, yana o‘z holicha qolgan. Mazkur voqeaga doir kelgan xadislar ham mutavotir darajasiga yetgan.
Janglarning birida sahobalar juda ham tashna bo‘lib, tahoratga ham suv topilmay qolganda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichida suv bo‘lgan idishga qo‘llarini tiqqanlar. Shunda barmoqlarining orasidan suv otilib chiqqan. Bu suvdan sahobalar chanqoqlarini qondirib, barcha tahorat ham olgan.
Isro kechasi haqida Qur’onda ochiqchasiga bayon qilingan. Me’roj voqeasi haqida esa Najm surasining boshida ishora kelgan.
Xususan, Ammor ibn Yosirni bog‘iy – haddidan oshgan toifa qatl qilishi, Usmon raziyallohu anhuga musibat yetkazilishi, Alloh taolo Hazrati Hasan vositalarida musulmonlardan bo‘lgan ikki toifa orasini isloh qilishi, dunyoning yirik podshohlari Kisro va Qaysarning hukmronligi tugatilishi hamda boshqa ko‘plab g‘aybiy ishlar haqida oldindan xabar berganlar.
Madinai munavvarada Nabiy sollallohu alayhi vasallamga minbar yasalishidan oldin bir daraxtning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Minbar yasalgandan keyin, unda xutba qilish uchun ko‘tarilganlarida, haligi daraxt tanasi u kishiga bo‘lgan mehridan xuddi yosh boladek ho‘ngrab yig‘lagan. Sahobalarning barchasi bunga guvoh bo‘lishgan. Rasululloh minbardan tushib, daraht tanasini quchganlarida, haligi ovoz tinchlangan.
Bir ayol dushmanlik qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zaharlangan qo‘y go‘shtini hadya qiladi. Nabiy alayhissalom endi qo‘llarini go‘shtga uzatganlarida go‘sht u Zotga o‘zining zaharli ekani xabarini beradi. Undan bir necha sahobalar ham tanovul qilgan bo‘ladilar va birozdan so‘ng vafot etadilar.
Alloh taolo barchalarimizning qalbimizga Rasulining muhabbatini jo qilsin! Qiyomatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “hamd” bayroqlari ostida turish va U zotning muborak shafoatlariga erishish hamda jannatda Rasuliga qo‘shni bo‘lish baxtini nasib etsin!Omin!
Muhtaram imom domla! Rabi’ul avval oyi kirib kelganligi munosabati bilan imkoniyatingizga qarab biror jumada Imom Barzanjiyning “Mavlidun Nabiy” kitobidan o‘qib berishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Muhtaram imom domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’i rioya etib, xususan juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingizni va juma ish kuni bo‘lganligi uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV