Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2025   |   3 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:19
Quyosh
05:43
Peshin
12:30
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:27
Bismillah
26 Avgust, 2025, 3 Rabi`ul avval, 1447

Muhammad bilan Ahmadning farqini bilasizmi?

26.10.2018   4321   3 min.
Muhammad bilan Ahmadning farqini bilasizmi?

Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning eng aziz, eng ulug‘, oliy xulq sohibi bo‘lgan bandasidirlar. U zoti bobarakotning ismlari ko‘p bo‘lib, shularning orasida Muhammad va Ahmad ismlari mashhurdir. Xo‘sh, bu ismlarning o‘rtasida qanday farq bor?

Muhammad – “boshqaning tarafidan unga maqtov aytilgan shaxs” degani.

Ahmad –  “boshqaga maqtov aytgan shaxs” degani.

Muhammad “mukarram”, “ikrom qilingan shaxs” degan ma’noni ham bildiradi.

Muhammad (محمد) ismining ham, Ahmad (احمد) ismining ham o‘zagi “hamd” (حَمْد) dir. Mahmud ismining o‘zagi ham “hamd”dir. “Hamd”ning ma’nosi esa “maqtov”dir.

Muhammad ismining “to‘xtovsiz, ketma-ket, ko‘p maqtaladigan” degan ma’nosi ham bor.

Lekin Mahmud ismi “bir marta maqtalgan” degan ma’noni ifoda etadi.

Ahmad ismi “boshqani to‘xtovsiz, ketma-ket, ko‘p maqtaydigan, ko‘p hamd aytadigan” degan ma’noni bildiradi. Ahmad ismida “ko‘p maqtovchi” degan ma’no borligi uchun u Homid, ya’ni “maqtovchi” degan ism bilan bog‘liqlik joyi bordir. Ikkisida ham “maqtovchi” degan ma’no bor.

Shu o‘rinda yana bir nozik nukta mavjud.

Ahmad degan ism Homid degan ismning mubolag‘ali ma’nodagi ko‘rinishidir. Muhammad degan ism esa Mahmud ismining mubolag‘ali ma’nodagi ko‘rinishidir.

Shunday qilib Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘zlarida ikki ishni, ikki sifatni jam qilganlar.

Birinchisi, u zot alayhissalom Alloh taolo tarafidan ko‘p maqtalganlar (Muhammad ismlariga ishora).

Ikkinchisi esa u zotning o‘zlari Alloh taologa ko‘p hamd aytganlar (Ahmad ismlariga ishora).

Alloh taolo u zot alayhissalomni bandalari orasidan payg‘ambarlikka tanlab olgani e’tiboridan u zot Muhammad va Mahmuddirlar.

Ha, azizlar, Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga ikrom qilib, u kishini O‘ziga rasul etib tanlab olgan va ko‘p maqtagan.

U zot alayhissalom Alloh taologa ibodat qilish, hamd aytish e’tiboridan Homid va Ahmaddirlar.

Ha, qadrdonlar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taologa ko‘p ibodat qilar, ko‘p hamd aytar va ummatlarini ham shunga targ‘ib etardilar.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tamizki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari Qur’oni Karimda 5 marta kelgan. Muhammad ismlari 4 marta, Ahmad ismlari 1 marta kelgan.

Oli Imron surasining 144-oyatida, Ahzob surasining 40-oyatida, Muhammad surasining 2-oyatida va Fath surasining 29-oyatida Muhammad ismlari kelgan. Saf surasining 6-oyatida esa Ahmad ismlari kelgan.

Alloh taolo u zotga ko‘plab salovotu salomlar yuborsin! 

 

Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning mav’izalaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi

25.08.2025   877   2 min.
“Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi

#xabar #vaqf #muhokama

Shu yil 21 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fondning joriy yilning shu davrigacha bo‘lgan ish faoliyati, xayriya ishlari ko‘lami va kelgusidagi istiqbolli dasturlari ko‘rib chiqildi. 
 

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan notiqlar fond tomonidan kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan salmoqli ishlarni yuqori baholashdi. “Vaqf” fondi tomonidan amalga oshirilgan xayriya ishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli oshgani qayd etilib, uyga muhtoj 43 ta oilaga homiylar ko‘magida to‘liq jihozlangan uy qurib berilgani, jarrohlik amaliyoti, davolanish va nogironligi bo‘lgan fuqarolar sog‘liklarini tiklash uchun 1200 nafar fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatilgani ijobiy natija sifatida baholandi. Shuningdek, yordamga muhtoj oila farzandlariga o‘quv qurollari tarqatilgani va chekka hududlarda quduq qazib, suv chiqarish ishlari amalga oshirilgani hamda o‘quv markazlari, tibbiyot muassasalari va xorijiy hamkorlar bilan aloqalar ham e’tirof etildi.
 

Shundan so‘ng fond oldida turgan muhim vazifalar, jumladan “Vaqf” mulklarini shakllantirish va yangilarini xarid qilish, fond markaziy apparati va hududiy filiallar shtat jadvallarini qayta shakllantirish, fondning xalqaro aloqalarini rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Vasiylik kengashi a’zolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlari va takliflarini bildirib o‘tishdi.
 

“Vaqf” xayriya jamoat fondi mulklarini shakllantirish, ularni ko‘paytirish bu sohada amalga oshirilayotgan xayriya ishlari salmog‘ining oshishiga xizmat qilishi qayd etilib, zarur hollarda chet eldagi vaqf mulklarini o‘rganish, xorijdagi vaqf fondlari bilan hamkorlik qilish kerakligi aytib o‘tildi. 
 

Muftiy hazratlari fondning kelgusi faoliyatida har doimgidek ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish, o‘quv yurtlarida o‘qiyotganlarning to‘lovlarini qoplash va mehr-muruvvat tadbirlari salmog‘ini oshirish  lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, fond faoliyatini ommalashtirish, ko‘chmas mol-mulklardan samarali foydalanish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish va mablag‘lar aylanmasida shaffoflikni ta’minlash kabilarga urg‘u qaratildi. 

Yig‘ilishda tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

“Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi “Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi “Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi “Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi “Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi “Vaqf” fondini rivojlantirishga doir vazifalar muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari