Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2025   |   7 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:05
Xufton
18:23
Bismillah
27 Dekabr, 2025, 7 Rajab, 1447

Ja’far as-sodiq

26.10.2018   11131   11 min.
Ja’far as-sodiq

Ja’far ibni Muhammad ibni Aliy ibni Husayn ibni Aliy ibn Abu Tolib as-Sodiq. Aliy roziyallohu anhuning avlodidan. Qolaversa, u zot Abu Bakr roziyallohu anhuga ham nasabda ikki tarafdan tutashadi.

1)U kishining onasi Ummul Farva bintul Qosim bintu Muhammad ibn Abu Bakr Siddiq.

2) Onasining onasi esa, Asmo bintu Abdurahmon ibn Abu Bakr Siddiq.

Nasl nasabi har tarafdan ikki buyuk sahobiyga hamda  Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga borib taqaladi.

Ja’far as-Sodiq hijriy 80-yilda Madinada dunyoga keldi. Kunyasi as-Sodiq. Ya’ni, rostgo‘y, ishonchli kishi. U zot o‘z davrida rostgo‘yligi bilan mashhur bo‘lgan. Gapirgan gapida va qilayotgan amalida biror marta yolg‘on zohir bo‘lmaganligi sababli bu kunyani olgan. Va yana u kishi o‘z davrining yetuk imomi hamda faqihi edi. Shu bilan birga hakiym, ya’ni, hikmat sohibi edi. Qolaversa, ushbu sifatlari ustiga sahovatda tengsizligi bilan ham tanilgan edi.

Ja’far as-Sodiqning shogirdi Xiyoj ibni Bo‘ston at-Tamimiy aytadi: “Ja’far as-Sodiq shunchalik ko‘p ehson qilardiki, hattoki ba’zida bola-chaqasi va ro‘zg‘ori uchun ham hech narsa qolmasdi”.

U kishidan  riboning harom qilinish hikmatini so‘radilar: “Nima uchun ribo harom qilindi?” U kishi javob berib aytdiki: “Alloh taolo odamlar bir-birlaridan ma’rufni ya’ni, yaxshilikni man qilmasliklari uchun harom qildi. Chunki riboda xayr-ehson ham, o‘zgalarga yaxshilik qilish ham yo‘q. Riboda ikki taraf faqat o‘z foydasini o‘ylaydi. Oqibatda insonlar o‘rtasidagi ma’ruf degan narsalar yo‘q bo‘lib ketadi”.

U zot insonlar orasini isloh qilishga, ular o‘rtasida chiqqan kelishmovchiliklarni bartaraf qilishga nihoyatda haris edi. Agar ikki kishining janjallashayotganini ko‘rsa, buning sababini so‘rardi. Agar bu janjalning sababi pulga borib taqalsa o‘z yonidan qarzdorning qarzini to‘lab yuborar edi. Agar o‘zining puli bo‘lmasa kimdandir qarz olib bo‘lsa ham haqdorning pulini berib yuborardi. Shu sobabdan judayam ko‘p vaqtda Ja’far as-Sodiq qarzdor holatda yurardi.

U kishi o‘z ilmi va fahm farosatidan tashqari odobi, yaxshi fe’l atvori va chiroyli xulqi bilan ham kishilarning muhabbatini qozongan edi. U zot qorong‘u bo‘lishligi bilan bir qopga un, yog‘ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini to‘ldirardi hamda Madinalik faqirlarning eshigi tagiga qo‘yib ketardi. Kishilar eshiklari  tagiga qo‘yib ketilayotgan bu infoq-ehsonlarning tarqatuvchisi kimligini yillar davomida bilmay o‘tdilar. Qachonki, Ja’far as-Sodiq vafot etgandan keyin, ushbu ehsonlar to‘xtab qolgandagina bu infoqlarning egasi kim ekanini anglab qoldilar.

Ja’fari Sodiqning shogirdi Sufyoni Savriy aytadi: “Makkada Abu Abdulloh ya’ni, Ja’fari Sodiqning yonida edim.  U so‘zlashdan  to‘xtagan edi, men bir ajib savol berdim: “Ey Rosulullohning o‘g‘li, nima uchun mavqif ya’ni Arofat haramning tashqarisida?”. Jovob esa, bundanam ajib bo‘ldi. U zot aytdiki: “Ka’ba Allohning uyi. Haram ana shu Kabaning chegarasidir. Arofat esa uning kirish tarafidir. Xojilar Baytullohni qasd qilib kelganlarida eshik oldida ya’ni, Arofatda to‘xtaydilar. Ular Allohga tazarru qilib yolvoradilar. Ularga kirishga izn berilgach, Alloh O‘z baytining ikkinchi eshigi ya’ni, Muzdalifa tomonga yaqinlashtiradi.  Alloh taolo ularning qilgan sa’y harakatlari va duo iltijolari sabab ularga rahm qiladi hamda qurbonlik qilishga buyuradi. Qurbonlik esa, Alloh  bilan bandaning o‘rtasini to‘sib turgan gunohlarning  ketishiga sabab bo‘ladi. Ana shundan so‘nggina Alloh o‘z uyini ziyorat qilishga ruxsat beradi. Men ya’na so‘radim: “Nima uchun tashriq kunlari ro‘za tutish mumkin emas?” ja’fari Sodiq javob berdi: “Chunki ular ya’ni, xojilar Allohning ziyofatidadirlar. Mehmon uchun mezbonning huzurida ro‘zador bo‘lishi lozim bo‘lmaydi”.

Abu Na’iymning “Hilyatul-avliyo” kitobida keladi: “Xalifa Ja’far al-Mansur Madinaga keldi. Bir joyda o‘tirgan edi yuziga pashsha qo‘ndi. Xalifa pashshani har qancha haydamasin, yana qaytib kelib qo‘naverdi. Shu paytda bu majlisga Ja’fari Sodiq kirib keldi. Xalifa unga qarab so‘radi: “Ey Abu Abdulloh, Alloh pashshani nimaga yaratganikin a?”. Bo‘lib o‘tgan hodisadan xabari yo‘q olim javob berdi: “Alloh u bilan jabborlarni xorlash uchun yaratgan”. Xalifa o‘z savolidan uyalib jim bo‘lib qoldi. Ja’fari Sodiqqa Alloh taolo ilm, farosat, hikmat, sahovat va muloyimlikka qo‘shib bir ajib salobat va haybat ham bergan edi.  Garchi Ja’fari Sodiqning javobidan jaxli chiqqan bo‘lsada, undagi salobat va viqorni ko‘rib unga bir narsa deyishga botinolmadi.

Shamsiddin az-Zahabiy Fazl ibn Robi’dan u kishi otasidan rivoyat qiladi: “Abu Ja’far al-Mansur meni chaqirtirib: “Ja’far ibni Muhammad meni mulkimda malomat qilibdi. Uni tezda huzurimga olib kel, agar men uni o‘ldirolmasam Alloh meni o‘ldirsin”, deb yubordi. Men Ja’fari Sodiqni topib xalifaning xuzuriga chaqirib keldim. Ja’far bir narsani sezgandek, tahorat oldi va xuddi o‘limga tayyorlangandek kiyindi va tilida nimalarnidir pichirlab keldi. Kelib xalifaning xuzuriga kirishga izn so‘radi. Xalifa unga kirishga izn berdi va yana “Agar men uni o‘ldirmasam, Alloh meni o‘ldirsin”, deya takrorladi. Ja’fari Sodiq xalifaning oldiga kirdi. Shunda xalifa shoshib o‘rnidan turdi va yugurib borib olimning qo‘lidan ushlagancha majlisning to‘riga chiqardi hamda uning yuziga tikilib muloyimlik bilan: “Bizning majlisimizga xush kelibsiz, xiyonatdan pok toza inson, mening akam, amakimning o‘g‘li”, deya o‘ziga yaqin qildi. So‘ngra: “Nima xojatingiz bor, ayting bajaramiz”, dedi. Ja’fari Sodiq o‘zi uchun hech narsa so‘ramadi. Faqatgina Makka va Madina aholisining maoshlarini o‘z vaqtida berishlarini so‘radi. Xalifa darhol: “Bajaramiz”, dedi. So‘ng bir xizmatkoriga eng qimmat atirdan olib kelishni buyurdi. Atir kelgach esa o‘z qo‘llari bilan olimning yuzlariga surtib qo‘ydi va ketishga izn berdi. Ja’fari Sodiq indamay chiqib ketdi. Hamma bu voqeadan hayratlangancha qotib qoldi. Olimni yetaklab kelgan kishi yugurib uning ortadan chiqqancha so‘radi: “Ey Rosulullohning o‘g‘li, xalifa sizni qatl qilmoqni qasd qilib turgandi. Biroq, sizga umuman boshqacha muomala qildi. Boya kelayotganimizga pichirlab qandaydir duoni o‘qigan edingiz. U qaysi duo edi?”. Ja’fari Sodiq aytdi: “Ey Robbim, qancha ne’matni menga ato qilding, unga shukr qilishim oz bo‘ldi. Qancha balo bilan sinading, unga mening sabrim oz bo‘ldi. Ey, nematlarga shukrim oz bo‘lsada, ularni ma’n qilmagan Zot, Ey balolarga sabrim oz bo‘lsada, meni xor qilmagan Zot, Ey, ma’siyatlarim uchun meni sharmanda qilmagan Zot, Ey sanoqsiz va tuganmas ne’matlarning egasi, Ey bitmas tuganmas ma’ruflarning egasi, dunyoim bilan dinimga yordam ber, taqvo bilan oxiratimga yordam ber, bilmagan narsalarimdan meni saqlagin, mening nafsim istayotgan narsaga meni tashlab qo‘ymagin. Ey, gunohlar zarar qilmaydigan, kechirishlik mulkini kamaytirib qo‘ymaydigan Zot, Senga zarar qilmaydigan narsada meni kechirgin, Seni mulkingni kamaytirib qo‘ymaydigan narsani ato qilgin, Ey Vahhob, Sendan yaqin yengillikni va go‘zal sabrni so‘rayman. Jamiki balolardan ofiyatni va ofiyat uchun shukrni so‘rayman”, dedim.

Ja’fari Sodiq ilm va ma’rifatda shunday darajaga yetdiki, o‘z zamonasidagi barcha ahli ilmlar u kishining fazilatini tan oldi. Biror kishi uni yomon ko‘rmasdi. Ibn Hajar Ja’fari Sodiqni  ta’riflab aytadi: “U rostgo‘y, faqih imom edi”. Imomi Shofe’iy, ibni Ma’iyn, ibni Hibbonlar ham u zotni ta’riflab shunday deydi: “Ja’fari Sodiq ahli baytning sayyidlaridan, tabaa tobeinlarning obidlaridandir”. Ba’zi bir ulamolar Ja’fari Sodiqni “ U tobein bo‘lgan, chunki u Sahl ibn Sa’b va Anas ibn Molikni ko‘rgan”, deyishgan.

Mazhabboshimiz Abu Hanifa aytadi: “Ja’fari Sodiqdan ko‘ra faqihroq insonni ko‘rmaganman”.

Odamlar Ja’fari Sodiqning gapiga quloq solib, uning tarafdorlari ko‘payib ketayotganini ko‘rgan xalifa Ja’far al – Mansur Abu Hanifani chaqirtirdi va dedi: “ Odamlar Ja’fari Sodiq bilan fitnalanib qolibdi, o‘z masalalaringizdan qirqta eng qiyin savolni to‘plab keling”. Abu Hanifa shunday qildi. U aytadi: “Men ushbu masalalarni olib xalifaning huzuriga kirsam, u yerda Ja’fari Sodiq o‘tirgan ekan. Xalifa mendan: “Bu kishini taniysizmi?” deb so‘radi. Men: “Ha, bu kishi Ja’far ibni Muhammad bo‘ladilar”, dedim. Xalifa: “savollaringizni bering”, dedi. Men to‘plab kelgan masalalarimni o‘rtaga tashlay boshladim. So‘ragan masalalarimga Ja’fari Sodiq: “Sizlar ya’ni, hanafiylar bu masalada bunday deysizlar, Madina ahli bo‘nday deydi va biz bunday deymiz”, deya uch tarafning javoblarini aytib bera boshladi. Ba’zi fikrlarda bizga muvofiq, ba’zisida Madinaliklarga muvofiq va yana ba’zisida esa umuman boshqa javoblarni aytdi. Shunday qilib men so‘ragan qirqta masalaning birortasiniyam qoldirmay javob berdi”. So‘ngra Abu Hanifa yig‘ilganlarga qarab: “Axir aytgan edimku, odamlarning eng bilimlisi, odamlar o‘rtasidagi ixtiloflarni biladiganidir”, dedi.

Ja’fari Sodiq shunday ilmli kishi edi. U kishining hikmatlaridan:

“Ne’matlarni yo‘q qiladigan gunoh - haddan oshishlik. Nadomatni keltaradigan gunoh – qotillik. Nafrat va jazoni keltiradigan gunoh – zulm. Ayblarni ochib qo‘yadigan gunoh – aroqxo‘rlik. Rizqni to‘xtatib qo‘yadigan gunoh – zino. O‘limni tezlashtiradigan gunoh – silai rahmni uzishlik. Duoni rad qiladigan gunoh – ota-onaga oqq bo‘lishlik”.

“Agar balo ustiga balo kelayotgan bo‘lsa, keyingi kelayotgan balo ofiyat balosi ekan”.

“Uch xil odamdan xushyor bo‘l: xoindan, zolimdan va chaqimchidan. Seni foydang uchun xiyonat qilgan kishi sening zararing uchun ham xiyonat qilaveradi. Sening foydang uchun birovga zulm qilgan kishi sening zararing uchun ham birovga zulm qilaveradi. Sening foydang uchun chaqimchilik qilgan kishi sening zararingga ham chaqimchilik qilaveradi”.

“Qorni to‘qligiga shukr qiluvchi inson – ro‘zador kabidir. Ofiyatga shukr qiluvchi inson – baloga sabr qilayotgan  kishi kabidir”.

“Odamlar bilan chiroyli muomala qila olishlik – aqlning uchdan biridir”. 

U zot Madinada vafot etdi. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.

 

Manbaalar asosida Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi Islomov Yorbek tayyorladi.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida

24.12.2025   10204   3 min.
2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

1. Quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin:

(a) 2025 yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) 31 dekabr – chorshanba;

(b) 2026 yilda:

(i) barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar):  2 yanvar – juma, 28 may – payshanba, 29 may – juma, 31 avgust – dushanba;

(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvar – shanba, 30 may – shanba, 31 dekabr – payshanba.

2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:

(a) ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026 yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21 mart – Navro‘z bayrami hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026 yil 9 mart, 23 mart va 11 may – dushanba kunlariga ko‘chirilishi;

(b) ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026 yilda 12 dekabr – shanba kunidan 31 dekabr – payshanba kuniga ko‘chirilsin.

4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:

(a) Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin;

(b) O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin;

(v) “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin.

5. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:

(a) mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;

(b) uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.

6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PQ–452-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2027 yil 1 yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

O'zbekiston yangiliklari