“Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.
Qur’oni Karimning Baqara surasi, 208-oyat
Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning va millatlarning o‘zaro xamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan g‘alaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.
BMT Ustavida ko‘rsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tengxuquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan markazi xisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs huquqlarini himoya qilishni xalqaro huquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida ta’kidlanganidek: “Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy xuquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng xuquqlariga va katta kichik millatlar xuquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qat’iy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini ta’sis qilishga rozilik berdik!”
Ayni mahalda, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar “Barcha davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish uchun ta’minlanishi zarur bo‘lgan tinchlik adolat va farovonlikning muhim ahamiyati hisoblanadigan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar.
BMT Ustavi barcha davlatlar rioya etilishi shart bo‘lgan yagona xalqaro hujjatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilikka erishgandan so‘ng o‘tmish – 1992 yilning 2 martida BMTga a’zo bo‘ldi. Bugungi kunda yer yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud bo‘lib, ulardan 193 tasi BMTga a’zo bo‘lgan. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot bo‘lmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga ko‘tarilgan. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili xamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (Nyu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.
BMTning bir yillik budjeti taxminan 2 milliard dollarni tashkil etadi. O‘zbekistonning badali – qariyb 270 ming dollardan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli a’zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilib kelmoqda.
Inson xuquqlari Umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan so‘ng qo‘shilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjat bo‘ldi va u tufayli O‘zbekiston BMTning tegishli konvensiyaviy organlariga o‘zining davriy milliy ma’ruzalarini muntazam ravishda taqdim etish orqali inson xuquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni izchillik bilan va qat’iy ravishda bajarib kelmoqda. Ularning tavsiyalarini bajarishda muhtaram Prezidentimizni rahnomoliklarida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolikning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va bevosita fuqarolarning o‘zlari ham ishtirok etmoqdalar. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilishni ta’minlaydigan milliy qonunchilik me’yorlarida o‘z ifodasini topgan.
1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini e’lon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy huquqlari ilk bor o‘z ifodasini topgan ushbu hujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jahondagi eng ko‘p tarjima qilinadigan hujjat xisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur hujjat ko‘plab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik haqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi,” – deb tarifladi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun.
Ushbu deklaratsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir (1991 yil 30 sentyabr). O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy xuquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikki bo‘limi mazkur deklaratsiya talablariga to‘la mos bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari teng xuquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqesidan qatiy nazar, qonun oldida tengligi ta’minlangan. Respublikamizda inson huquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yo‘l-yo‘rig‘i dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qo‘shib ochib berildi hamda O‘zbekistonning keng ko‘lamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil O‘zbekiston tashqi siyosatining ma’naviy yo‘nalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, hurriyat, o‘z imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lishligini ta’kidlab, bayon qildilar.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi BMT tizimidagi iqtisoslashgan tashkilotlar faoliyatlari va dasturlarini birlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan birgalikda belgilangan asosiy yo‘nalishlarga qaratadi. Vakolatxona tarkibi BMTning: taraqqiyot dasturi (PROON), axborot va jinoyatchilik bilan aloqalar bo‘limi, giyohvandlikka qarshi kurash dasturi, qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissar boshqarmasining vakolatxonasi, bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF), sanoatni rivojlantirish tashkilotining vakolatxonasi (YUNIDO), jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, aholi jamg‘armasi va boshqa ko‘pgina dasturlardan iborat.
“Bugungi kunda O‘zbekiston hududlarida ishlayotgan BMT bilan hamkorlik dastur mamlakatni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishi shubhasiz. Rivojlanishga ko‘maklashish bo‘yicha BMT birlashgan dasturi umumiy strategiyasi doirasida farovonlik, ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirishi, barqaror ekologik rivojlanishni ta’minlash va samarali davlat boshqaruvini amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab quvvatlaydi,” – deb e’tirof etadi BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili.
BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining YUNЕSKO – maorif fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti – xalqaro hukumatlararo tashkilotiga ham O‘zbekiston Respublikasi 1993 yil 26 oktyabrda a’zo bo‘lgan.
Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yalpi savodsizlikka qarshi kurash, ma’orif tizimi va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni o‘rganish va tarqatish, atrof muhitni va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, okeanografiya, geologiya, gidrologiya, sotsiologiya, kommunikatsiya va boshqa sohalarda global ilmiy muammolarni hal etishda hamkorlik qilishdan iborat. Axborot va informatika-kommunikatsiya masalalari uning faoliyatida katta o‘rin egallaydi. O‘zbekiston Respublikasining YUNЕSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyasi 1994 yil 29 dekabrda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
YUNЕSKO doirasida Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino tavalludining 1000 yillik, Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik, Amir Temurning 660 yillik tantanalari nishonlandi. YUNЕSKOning Parijdagi bosh qarorgohida Amir Temur xaftaligi o‘tkazilib, “Temuriylar davrida fan, madaniyat va ma’orifning gullab yashnashi” mavzusida ilmiy konferensiya va ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Toshkent shahrining 2000 yilligi, Xiva (1997 yil), Buxoro (1997 yil), Termiz (2002 yil) shaharlarining 2500 yilligi, Shahrisabz shahrining 2700 yilligi (2002 yil), Ahmad Al-Farg‘oniyning 1200 yilligi, Imom Buxoriyning 1225 yilligi (1998 yil), “Alpomish” xalq dostoni yaratilganligining 1000 yilligi (1999 yil), Avesto kitobi yaratilganligining 2700 yilligi (2001 yil) nishonlandi. YUNЕSKO bilan birga qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Boysun tumanida folklor festivali o‘tkazilib kelinmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qo‘llab quvvatlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.
BMT har bir insonning huquqlarini qo‘llab quvvatlash, kengaytirish va himoya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “umujahon parlamenti” sifatida kalendarning ma’lum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur bo‘lgan masalalarga bag‘ishlab qo‘ygan. Jumladan, “Dinlararo bag‘rikenglik xaftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Xalqaro ijtimoiy adolat kuni”, fevral oyida “Xalqaro ona tili kuni”, “Xalqaro yovvoyi tabiat”, “Xalqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik xaftasi”, “Xalqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro inson huquqlari poymol bo‘lishida haqiqatni o‘rnatish kuni”, aprel oyida “Xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida kuni”, “Yo‘l harakatlarida sodir etilgan hodisalarda halok bo‘lganlarni xotiralash kuni”, iyun oyida “Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni”, “Xalqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro muruvvat kuni”, sentyabr oyida “Xalqaro tinchlik kuni” bo‘lib, deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini yengillashtirishda, ba’zi muammolarni yechilishida o‘z samarasini bermoqda.
BMT o‘z taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va yer yuzining barcha mintaqalarida BMTning ko‘plab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
BMTning giyohvandlik moddalariga qarshi kurashish dasturi, qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissar vakillari, BMTning YUNISЕF bolalar jamg‘armasi, BMTning axborot va jamoatchilik bilan aloqador bo‘limi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro Qishloq Xo‘jaligini rivojlantirish fondi, BMT ning maorif, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha YUNЕSKO tashkiloti, Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha YUNIDO tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotlari kabi Birlashgan Millatlar Tashkilotining ko‘plab ixtisoslashgan muassasasi va tashkilotlari dunyoning deyarli barcha davlatlarida turli sohalarda islohotlar strategiyasi va kelayotgan yordamni muvofiqlashtirish, ijtimoiy sohadagi islohotlar, madaniy – ma’naviy qayta uyg‘onish, xususiylashtirish va xususiy sektorni rivojlantirish, atrof-muhitni himoya qilish, boshqaruv tizimini va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘llari bilan ham dunyoda tinchlikni ta’minlashda o‘zining salmoqli hissalarini qo‘shib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham yer yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yo‘g‘irilgan.
BMT Ustavida ta’kidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda O‘zbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror. Jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi dono xalqimiz farovonligi uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahnamoliklari ostida hukumatimiz, Diniy idoramiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiligida istiqlolimiz sharofati bilan mehnatkash xalqimiz ko‘p ishlarni amalga oshirdi va hali hamon bajarib kelinmoqda. Bunga dunyo tan bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh kotibiga yuborgan maktubida quyidagi satrlar bor: “O‘zbekistondagilar hozirgi dunyoda har qanday mojarolarni faqat tinch muzokaralar yo‘li bilan siyosiy vositalar yordamida tinch hal qilish mumkinligiga, bu muzokaralarda BMT bosh rol o‘ynashi kerakligiga ham qattiq ishonadilar”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Ibrohim INOMOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Yetimning haqqini yeyishning katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘ta ketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan.
«Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tabiiy.
Biroq, shariat va voqelik nuqtayi nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rin-cha, yeyishdir.
Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.
Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.
Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon-taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z-o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29-oyatga ishora).
Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.
Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.
Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.
Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».
Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».
Buxoriy va Muslim rivoyati.
Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.
Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».
Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».
Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.
Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.
Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.
Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.
Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.