Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2025   |   7 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
02 Iyul, 2025, 7 Muharram, 1447

26.10.2018 y. Ehsonning fazilati

19.10.2018   8641   14 min.
26.10.2018 y. Ehsonning fazilati

 بسم الله الرحمن الرحيم

EHSONNING FAZILATI

Muhtaram jamoat! Rabbimizdan berilgan barcha narsalar bizlarga omonat bo‘lganidek, molu davlatimiz ham omonatdir. Alloh bergan bu molu davlatni O‘zi buyurgan va rozi bo‘ladigan joylarga sarflashimiz darkor. Xayru ehson va sadaqa qilishda peshqadam, shuningdek barcha ezgu ishlarda imkon qadar ko‘makchi va homiy bo‘lishga harakat qilishimiz kerak.

Alloh taolo Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida xayr-ehsonning savobi ko‘pligi va fazilati ulkanligi haqida marhamat qiladi. Jumladan, Oli Imron surasida shunday degan:

لَنْ تَنَالُوا الْبِرَّ حَتَّى تُنْفِقُوا مِمَّا تُحِبُّونَ وَمَا تُنْفِقُوا مِنْ شَيْءٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ

(سورة آل عمران، الاية-92)

ya’ni: Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir (Oli Imron surasi, 92-oyat).

 Baqara surasida shunday degan:

الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ بِاللَّيْلِ وَالنَّهَارِ سِرًّا وَعَلَانِيَةً فَلَهُمْ أَجْرُهُمْ عِنْدَ رَبِّهِمْ وَلَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ.

ya’ni: “Mol (boylik)larini kechayu kunduz, pinhonayu oshkora ehson qiladigan kishilar uchun Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari muhayyodir. Ularga (oxiratda) xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara surasi, 274-oyat).

Demak, kishi xayr-ehsonni ixlos bilan, savob umidida qilar ekan, oyati karimada va’da qilinganidek ulkan mukofotlarga erishadi. Yana bir oyati karimada Alloh taolo bu haqda shunday degan:

إِنْ تُبْدُوا الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِنْ تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاءَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَيُكَفِّرُ عَنْكُمْ مِنْ سَيِّئَاتِكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ.

ya’ni: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).

Oyatning zohiridan sadaqalarning barcha turlarini oshkora yoki pinhona berishning joizligi, ammo pinhona sadaqaning afzalligi ma’lum bo‘ladi. Lekin ba’zi ulamolar farz yoki vojib sadaqalarni, ya’ni zakot, xiroj, ushr, fitr sadaqasi va kafforatlarni oshkora bergan afzal, ixtiyoriy nafl sadaqalarni esa pinhona berilgani yaxshidir, deydilar. Zero, vojib sadaqalar pinhona berilsa, odamlarda zakot bermaydi, degan shubhalar tug‘ilishi mumkin. Ammo nafl sadaqalar ham ba’zida boshqalar ko‘rib o‘rnak olsin degan niyat bilan oshkora berilgani yaxshidir.

Bitta berilgan xayr-ehsonni evaziga Alloh taolo bir necha barobar ko‘paytirib berishi haqida shunday deydi:

مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

(سورة البقرة الاية-261)

ya’ni: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat).

Alloh taolo bu misoli bilan qilingan bittagina ehson evaziga bitta emas, balki, yetti yuz va undan ortiq savob berishi mumkinligini bildirmoqda. Ehson qiluvchi kishi bu ehsoni evaziga faqatgina oxiratda ajr olibgina qolmay, bu dunyoda ham mukofotlarga ega bo‘ladi.

Infoq-ehson qilishning savobi borasida hadisi shariflarda ham juda ko‘p ma’lumotlar bordir. Xayri-ehsonning foydasi nafaqat bu dunyoda balki, qabr va qiyomatda ham borligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: إِنَّ الصَّدَقَةَ لَتُطْفِئُ عَنْ أَهْلِهَا حَرَّ الْقَبور، وَإِنَّمَا يَسْتَظِلُّ الْمُؤْمِنُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فِي ظِلِّ صَدَقَتِهِ

(رَوَاهُ الإِمَامُ الْطَبَرَانِي)

ya’ni: “Albatta sadaqa o‘z egasini qabr issiqligidan saqlaydi. Sadaqa qiluvchi mo‘min Qiyomat kuni o‘z sadaqasi soyasida turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Sadaqa va ehsonning barcha ko‘rinishlari, xoh u nafl bo‘lsin xoh farz bo‘lsin, barchasi gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: اَلصَّدَقَةُ تُطْفِئُ الْخَطِيْئَةَ كَمَا يُطْفِئُ الْمُاءُ النَّارَ

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni: “...Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohlarni o‘chiradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Ulamolar sadaqani insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayr-ehson qiluvchi kishi o‘ziga begona bo‘lgan va hech ham undan manfa’at umid qilmaydigan odamga imkoniyatidan kelib chiqib bir narsani beradi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "اَلصَّدَقَةُ بُرْهَانٌ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ مسلم)

ya’ni: “Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni, imoni borligiga)” (Imom Termiziy rivoyati). Demak, xayri ehson qilish orqali kishi yana bir bor imonini mustahkamligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘ladi.

Xayr-ehson qilish bilan hargiz mol ozaymasligi haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:

قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: ثَلَاثَةٌ أُقْسِمُ عَلَيْهِنَّ، وَأُحَدِّثُكُمْ حَدِيْثاً فَاحْفَظُوهُ: "مَا نَقَصَ مَالُ عَبْدٍ مِنْ صَدَقَةٍ، وَلَا ظُلِمَ عَبْدٌ مَظْلَمَةً فَصَبَرَ عَلَيْهَا، إِلَّا زَادَهُ اللهُ بِهَا عِزًّا، وَلا فَتَحَ عَبْدٌ بَابَ مَسْأَلَةٍ إِلَّا فَتَحَ اللهُ عَلَيْهِ بَابَ فَقْرٍ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ)  

ya’ni: “Uch narsaga qasam ichaman: “Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”, – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).

         Xayr-ehson  qilgan kimsani haqqiga farishtalar duo qilishlari haqida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam quyidagicha marhamat qilganlar: 

قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: مَا مِنْ يَوْمٍ يُصْبِحُ العِبَادُ فِيهِ إلَّا مَلَكانِ يَنْزِلاَنِ، فَيقُولُ أحَدُهُمَا: اَللَّهُمَّ أعْطِ مُنْفِقًا خَلَفًا، وَيَقُولُ الْآخَرُ: اللَّهُمَّ أعْطِ مُمْسِكًا تَلَفًا

(مُتَّفَقٌ عَلَيهِ)

ya’ni: “Har tong bandalar uyg‘onganda ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Allohim, infoq (nafaqa-ehson) qiluvchilarga o‘rnini qoplaydigan narsa ato et”, deydi. Ikkinchisi: “Allohim, xasis, ziqnalarga talofot ber”, – deydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Bir kuni Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhdan bir gadoy pul so‘ragan edi, u zot bir dirham ehson qildilar. Shunda u zotning ba’zi do‘stlari: “Bu gadoylar qovurilgan go‘sht va faluzaj (shirinlik) kabi taomlarni iste’mol qiladi. Unga bu pulning bir qismini bersangiz ham kifoya qilar edi”, –dedi. Shunda Abdulloh ibn Muborak: “Xudo haqqi, men ularni ko‘kat va nondan bo‘lak biror taom iste’mol qilmaydilar, deb o‘ylardim, siz aytgandek ular faluzaj va go‘sht yeydigan bo‘lsalar unda ularga bir dirham ozlik qiladi”, –dedilarda va o‘z xizmatkorlaridan biriga: “Gadoyni qaytarib kelgin-da, unga o‘n dirham berib yubor”, – deya amr qildilar.

Rivoyat qilinishicha, ishi yurishmayotgan bir kambag‘al yigit donishmand shayxning oldiga borib, hayotidan arz qilib nasihat so‘rabdi. Shayx hazrat yigitga: “Boringdan ehson qilib turgin”, – debdi. Yigit uyiga kelib shayx bilan bo‘lgan suhbatini onasiga aytibdi. Shunda yigitning onasi: “O‘g‘lim biz bir kambag‘al odamlar, o‘zimiz ehsonga muhtoj bo‘lsak, nimani ehson qilishimiz mumkin”, – debdi. O‘g‘il: donishmand shayx bekorga bir narsani gapirmaydi, – deb faqirona bo‘lsada ehson qila boshlabdi. Oradan bir muddat vaqt o‘tib shayxni bir chiroyli bino sohibi ziyofatga chaqiribdi. Ziyofatga borgan shayxni bir vaqtlar undan nasihat so‘ragan kambag‘al, yigit kutib olib: “Sizning nasihatingiz tufayli Alloh rizqimizni mo‘l-ko‘l qilib berdi, yana menga nasihat qiling”, –debdi. Shunda donishmand shayx: “Molingga harom aralashmasin, molingni haromga sarflamagin, molingni doimo tozalab turgin va jamiyat oldidagi mas’uliyatingni yoddan chiqarmagin”, –deb nasihat qilibdi va saxiy yigitni haqqiga duo qilibdi.

Muhtaram jamoat! Ba’zi bir qo‘li uzun, boy kishilarni shunday deganlarini eshitamiz: “Odamlarga hayronman, juda ko‘pchilik oldimga har xil muammolar bilan kelib yordam so‘raydi. Birovdan yordam so‘ramasdan o‘zini-o‘zi eplasa bo‘lmaydimi?!” Bunday shikoyatni o‘rniga boy kishilar shunday deyishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi: “Shuncha molu davlatni odamlar ichidan tanlab menga bergan Allohga hamd va shukrlar bo‘lsin. Meni ko‘pchilik qiynalgan musulmonlarga yordam beruvchi kimsalar qatorida qildi. Meni birovlardan yordam so‘raydiganlardan qilmadi. Qo‘limdan kelganicha, imkon qadar birovlarga yordam beraman”. Chunki, Alloh xohlagan kimsani boy qiladi, xohlaganini esa kambag‘ar qiladi. Boyni muhtoj va muhtojni boy qilish Allohga nihoyatda osondir. Shunday ekan, birovga yordamimiz tegishidan xursand bo‘lishimiz va mana shunday martabani bergan Allohga doimo hamd aytib, bu ezgu ishda peshqadam va bardavom bo‘lishimiz kerak. Bu haqda  Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا، نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ، يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا، سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ، مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: “Kim bir mo‘mindan dunyo mashaqatlaridan birini  aritsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxirat ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh uning aybini dunyoyu oxiratda berkitadi, modomiki kishi birodarini yordamida ekan, Alloh uni yordamidadir” (Imom Termiziy rivoyati).

Ma’lumki, inson vafot etganidan so‘ng uning savob va gunoh amallari yozilib turadigan hisob-kitob daftari yopiladi. Quyidagi hadisi sharifda vafot etgandan keyin ham savobi uzluksiz borib turadigan  amallar haqida so‘z ketmoqda:

قَالَ رَسُوَلُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِذَا مَاتَ الْإِنْسَانُ انْقَطَعَ عَنْهُ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثَةٍ، إِلَّا مِنْ صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ، أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ" (رَوَاهُ الإِمَامُ مسلم).

ya’ni: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Inson vafot etsa hamma amali to‘xtaydi. Faqat hayotlik vaqtida qilgan uchta amalining savobi yetib turadi. Ular: sadaqai joriya, foydali ilm, (ota-ona haqqiga)  duo qiladigan solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).

Sadaqai joriya – ko‘pchilikka foydasi tegib turadigan xayriya ishlar bo‘lib, bunday ishlarning savobi egasiga to‘xtovsiz yozilib turadi. Masalan, kishi Alloh taolo tomonidan berilgan hayoti davomida xalq manfaat topadigan turli ilm dargohlari, masjid, madrasa, shifoxona, ko‘prik, yo‘llar barpo etishi hamda shunga o‘xshash ezgu ishlarni amalga oshirishi sadaqai joriya hisoblanadi.    

         Barchamizga ma’lumki, so‘ngi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan xalqimizni uzog‘ini yaqin qiladigan, ko‘rganda ko‘z quvnaydigan, keng yo‘llar va zamonaviy ko‘priklar qurildi va qurilmoqda. Shuningdek, muqaddas qadamjolar va buyuk allomalarimizning maqbaralari obod qilindi. Bir qancha  maktab, bog‘cha, shifoxonalar va hokazo muassasalarni qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bularni barchasi hadisda maqtalgan sadaqai joriya amallaridan hisoblanadi. Demak, mana shunday umummanfaat ishlarda ishtirok etganlar, oxiratlari uchun sadaqai joriyani zaxira qilgan bo‘ladilar!

 

 

Muhtaram jamoat! Quyida ehson qiluvchida topilishi kerak bo‘lgan odoblardan ba’zilarini zikr qilib o‘tamiz.

  1. Avvalo xayr-ehsonni Alloh taoloning roziligi uchun qilish, unga riyo (birov ko‘rsin) va sum’ani (birov eshitsin) aralashtirmaslik;
  2. Xayr-ehsonni halol-pok va o‘zi yaxshi ko‘rgan moldan qilish;
  3. Xayr-ehsonni qarindosh va yaqinlardan boshlash;
  4. Xayr-ehsoni bilan g‘ururlanmaslik, o‘ziga bino qo‘ymaslik;
  5. Minnat va shu kabi xayr-ehsonning savobini ketgazadigan amallardan saqlanish;
  6. Xayr-ehsonni oshkor qilmay, maxfiy holda qilish, ammo o‘zgalarga ibrat ma’nosida oshkor qilsa bo‘ladi;
  7. Xayr-ehsonni ochiq yuz bilan, chin ko‘ngildan, xursand bo‘lib berish;
  8. Xayr-ehson qilish niyati paydo bo‘lishi bilan, uni kechiktirmay, tezroq haqli kishiga yetkazish;
  9. Oz bo‘lsa ham xayr-ehson qilishda bardavom bo‘lish;
  10. Xayr-ehsonni imkon qadar tiriklik paytida qilish.
  11. Ehsonni mustahiq kishilarga berish.

Ta’kidlab o‘tish lozimki,  ehsonning ma’nosi yaxshilik qilish demakdir. Zero, ezgu ishlarga sarf qilinmagan, balki gunoh va ma’siyat, odamlar orasini buzish, o‘rtaga ziddiyat va adovat solishga sabab bo‘ladigan ishlarga mol-mulk sarflash ehson deyilmaydi va u Allohning huzurida qabul bo‘lmaydi. Albatta, ehsonni o‘z joyiga tushishida bizga mahalla fuqarolar yig‘ini yaqindan yordam beradi. Chunki ular mahalla fuqarolarining oilaviy sharoiti, bemorlari, nogironlari, muhtoj va talabalarini yaxshi biladilar.      

Alloh taolo barchamizni ehson qilguvchi, saxiy va ko‘pchilikka yordami tegadigan kimsalar qatoridan qilib, ularga va’da qilingan savob va fazilatlaridan barchamizni bahramand aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ahli ayolga qilingan nafaqa sadaqadir

30.06.2025   5034   7 min.
Ahli ayolga qilingan nafaqa sadaqadir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».

Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.

Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
 

عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».

Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».

Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.

Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.

Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.

Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.


Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).

Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.

Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.

Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.

Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.

Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.


Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.

عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».

Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».

Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.

Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:

1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.

قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».

Shu’badan rivoyat qilinadi:

«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.

«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».

Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz