Abdulloh ibn Amr rozianllohu anhu: “Kim Nabiy sallolohu alayhi vassallamga bitta salovat aytsa, Alloh taolo va uning farishtalari unga yetmishta salovat aytishadi”, dedilar. (Ahmad rivoyat qilgan).
Nabiy sallolohu alayhi vassallamga salovat aytish fazilati va savobli amaldir. U zotga salovat aytish haqida Alloh Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovat ayturlar. Ey mo‘minlar (sizlar ham) unga salovat va salom aytingiz! (Azhob surasi 56-oyat).
Anas ibn Malik rozianllohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallolohu alayhi vassallam: “Kim menga bitta salovat aytadi, Alloh uning o‘nta gunog‘i o‘chiriladi va u uchun o‘nta daraja ko‘tariladi”, dedilar.
Ibn Mas’ud rozianllohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallolohu alayhi vassallam: “Qiyomat kunida insonlarning menga eng yaqinrog‘i, ularning menga ko‘p salovat aytganlaridir”, dedilar. (Termiziy rivoyati).
Rasululloh sallolohu alayhi vassallamga salovat aytish qalbni munavvar qiladigan, duolar ijobat bo‘lib, amal daftariga ko‘plab savoblar bitilishiga sabab bo‘ladigan go‘zal ibodatdir. Alloh barchamizni Rasululloh sallolohu alayhi vassallamga ko‘p salovat aytishga qodir qilsin. Amin.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Oybek Ma’rupov
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi “To‘xtaboy” jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari dastlab yig‘ilgan jamoatni yaqinlashib kelayotgan Rabiul-avval oyi va juma ayyomi bilan muborakbod etib, “Sarvari olam siyratlaridan saboq olish mavsumi!” mavzusida ma’ruza qildilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari suhbat davomida mo‘min-musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Rabiul-avval oyida u zot alayhissalomning siyratlarini o‘rganish, go‘zal xulqlaridan namunalar olishga e’tibor berishi lozimligini ta’kidladilar.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karimdagi: “(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21) oyati karimasi hamda “Sizlardan birortangiz men unga bolasidan, ota-onasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘mini komil bo‘la olmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati), degan mazmundagi hadis sharhlab berildi.
Xulosa o‘laroq mavlid oyida oila davrasida siyratga oid kitoblarni mutolaa qilib, farzandlar qalbida Rasululloh alayhissalomga muhabbatni uyg‘otish go‘zal amallar sirasiga kirishi aytib o‘tildi.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, yaqinlashib kelayotgan Mavlid oyini xayrli va barakali bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati