Har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar imom-xatib va imom-noiblari o‘rtasida an’anaviy tarzda “Yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkazib kelinar edi. Joriy yildan esa mazkur tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 10 sentyabrdagi 01/A092-sonli buyrug‘i asosida “Eng ma’rifatli imom” nomi ostida yangi Nizom asosida o‘tkazildi.
Tanlovning maqsadi – bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, yuqori kasbiy mahorat sohibi bo‘lgan, tashabbuskor, ilg‘or fikrli, innovatsion g‘oyalar muallifi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydalana oladigan va keng xalq ommasiga o‘z fikrini yetkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan eng iqtidorli, faol imom-xatiblarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Uch bosqichda o‘tkazilishi belgilangan tanlovning birinchi shahar-tuman bosqichi g‘oliblari 15 oktyabr kuni Namangan shahridagi “Yahyoxon to‘ra” jome masjidida o‘tkazilgan viloyat bosqichida o‘zaro bellashdilar.
Tanlov Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov so‘zga chiqdi. U joriy yilgi tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 15 banddan iborat tarixiy farmoni hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan vazifalar ekanini ta’kidladi.
O‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan maqsad yurtimizni yuqori saviyali, kuchli bilimga ega diniy kadrlar bilan ta’minlash, imomlarning malaka va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish ekanini aytdi.
Xususan, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlarntirish maqsadida o‘tkazilayotgani, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga, ilm ahliga ko‘rsatilayotgan e’tiborga alohida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari va Musulmonlar idorasi rahbariyatiga tanlov ishtirokchilari nomidan tashakkurlar aytdi.
Shuningdek, tanlovda imomlardan tashqari masjidlarda jonkuyarlik bilan xizmat qilib kelayotgan, o‘z ustida muntazam ish olib borayotgan bir guruh xodimlar ham taqdirlanadi deb, barcha ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Tanlovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi Muhammadayyub domla Homidov ham so‘zga chiqdi.
U kishi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Rahbariyatining salomini tanlov ishtirokchilariga yetkazib, haqiqatda Namangan viloyatida bu yilgi tanlovga o‘zgacha ishtiyoq bilan katta tayyorgarlik ko‘rilganini e’tirof etdi hamda tanlov ishtirokchilariga omad tiladi.
Tanlovda ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi hamda tanlov so‘ngida natijalar e’lon qilindi:
“Eng ma’rifatli imom” tanlovining Namangan viloyat bosqichi g‘oliblari:
I-o‘rin: Umurzakov Kodirjon Djurayevich (Pop tumani “Muhammadjon qori” jome masjidi imom-xatibi)
II-o‘rin: Usmonov Ibodullo Ismoilxonovich (Kosonsoy tumani “Eshonbobo” jome masjidi imom-xatibi)
III-o‘rin: Xapizov Shamsiddin Axmedovich (Namangan tumani “Xalil hoji” jome masjidi imom-xatibi)
“Eng ko‘p obuna uyushtirgan imom”
- Hamroqulov Kamoliddin (Norin tumani “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi
“Eng ko‘p maqola nashr etgan imom”
- Isaqov Abdulvohid (Namangan shahar “Miryoqubboy Mirhakimboy” jome masjidi imom-xatibi)
“Eng obod masjid”
- Namangan shahar “Mavlono Aliyyul qori” jome masjidi (masjid imom-xatibi Hamdamov Abdulbosit)
“Eng targ‘ibotchi imom”
- Tursunov Shukrullo (Namangan shahar “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi)
“Eng ta’sirli ijodiy ish”
- Ikramov Obidxon (Namangan viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari “Jazariy matni” hamda “Qur’oni karim tilovatida vaqf va ibtido” rukni ostida chop etilgan asarlari uchun)
“Eng xushovoz muazzin”
- Yusupov Nosirxon (Kosonsoy tumani “A’loxon mahdum” jome masjidi muazzini)
“Eng ishbilarmon mutavalli”
- Siddiqov Xasanxon (Uychi tumani “Mashhad mozor” jome masjidi mutavallisi)
“Eng mirishkor bog‘bon”
- Rizayev Ma’murjon (Pop tumani “Kichik Xo‘jaobod” jome masjidi bog‘boni)
“Eng namunali tahoratxona”
- Namangan shahar “Mahdum eshon” jome masjidi tahoratxonasi (masjid imom-xatibi Shaxobitdinov Bositxon)
“Eng zamonaviy qorovulxona”
- Namangan shahar “Abu Yusuf” jome masjidi qorovulxonasi (masjid imom-xatibi Yusupov Bositxon)
“Eng boy kutubxona”
- Namangan shahar “Abu Yusuf” jome masjidi kutubxonasi (masjid imom-xatibi Yusupov Bositxon)
G‘oliblar Namangan viloyat vakilligining diplom va tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.









O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati