frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Namanganda “Eng ma’rifatli imom” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi

15.10.2018   15688   5 min.
Namanganda “Eng ma’rifatli imom” tanlovining viloyat  bosqichi o‘tkazildi

Har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar imom-xatib va imom-noiblari o‘rtasida an’anaviy tarzda “Yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkazib kelinar edi. Joriy yildan esa mazkur tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 10 sentyabrdagi 01/A092-sonli buyrug‘i asosida “Eng ma’rifatli imom” nomi ostida yangi Nizom asosida o‘tkazildi.

Tanlovning maqsadi – bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, yuqori kasbiy mahorat sohibi bo‘lgan, tashabbuskor, ilg‘or fikrli, innovatsion g‘oyalar muallifi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydalana oladigan va keng xalq ommasiga o‘z fikrini yetkazish qobiliyatiga ega bo‘lgan eng iqtidorli, faol imom-xatiblarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Uch bosqichda o‘tkazilishi belgilangan tanlovning birinchi shahar-tuman bosqichi g‘oliblari 15 oktyabr kuni Namangan shahridagi “Yahyoxon to‘ra” jome masjidida o‘tkazilgan viloyat bosqichida o‘zaro bellashdilar.

Tanlov Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov so‘zga chiqdi. U joriy yilgi tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining                16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 15 banddan iborat tarixiy farmoni hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan vazifalar ekanini ta’kidladi.

O‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan maqsad yurtimizni yuqori saviyali, kuchli bilimga ega diniy kadrlar bilan ta’minlash, imomlarning malaka va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish ekanini aytdi.

Xususan, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlarntirish maqsadida o‘tkazilayotgani, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga, ilm ahliga ko‘rsatilayotgan e’tiborga alohida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari va Musulmonlar idorasi rahbariyatiga tanlov ishtirokchilari nomidan tashakkurlar aytdi.

Shuningdek, tanlovda imomlardan tashqari masjidlarda jonkuyarlik bilan xizmat qilib kelayotgan, o‘z ustida muntazam ish olib borayotgan bir guruh xodimlar ham taqdirlanadi deb, barcha ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.

Tanlovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi Muhammadayyub domla Homidov ham so‘zga chiqdi.          

U kishi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Rahbariyatining salomini tanlov ishtirokchilariga yetkazib, haqiqatda Namangan viloyatida bu yilgi tanlovga o‘zgacha ishtiyoq bilan katta tayyorgarlik ko‘rilganini e’tirof etdi hamda tanlov ishtirokchilariga omad tiladi.

Tanlovda ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi hamda tanlov so‘ngida natijalar e’lon qilindi:

“Eng ma’rifatli imom” tanlovining Namangan viloyat bosqichi g‘oliblari:

I-o‘rin: Umurzakov Kodirjon Djurayevich (Pop tumani “Muhammadjon qori” jome masjidi imom-xatibi)

II-o‘rin: Usmonov Ibodullo Ismoilxonovich (Kosonsoy tumani “Eshonbobo” jome masjidi imom-xatibi)

III-o‘rin: Xapizov Shamsiddin  Axmedovich (Namangan tumani “Xalil hoji” jome masjidi imom-xatibi)

“Eng ko‘p obuna uyushtirgan imom”

- Hamroqulov Kamoliddin (Norin tumani “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi

“Eng ko‘p maqola nashr etgan imom”

- Isaqov Abdulvohid (Namangan shahar “Miryoqubboy Mirhakimboy” jome masjidi imom-xatibi)

 “Eng obod masjid”

- Namangan shahar “Mavlono Aliyyul qori” jome masjidi (masjid imom-xatibi Hamdamov Abdulbosit)

 “Eng targ‘ibotchi imom”

- Tursunov Shukrullo (Namangan shahar “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi)

“Eng ta’sirli ijodiy ish”

- Ikramov Obidxon (Namangan viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari “Jazariy matni” hamda “Qur’oni karim tilovatida vaqf va ibtido” rukni ostida chop etilgan asarlari uchun)

“Eng xushovoz muazzin”

- Yusupov Nosirxon (Kosonsoy tumani “A’loxon mahdum” jome masjidi muazzini)

“Eng ishbilarmon mutavalli”

- Siddiqov Xasanxon (Uychi tumani “Mashhad mozor” jome masjidi mutavallisi)

“Eng mirishkor bog‘bon”

- Rizayev Ma’murjon (Pop tumani “Kichik Xo‘jaobod” jome masjidi bog‘boni)

“Eng namunali tahoratxona”

- Namangan shahar “Mahdum eshon” jome masjidi  tahoratxonasi (masjid imom-xatibi Shaxobitdinov Bositxon)

“Eng zamonaviy qorovulxona” 

- Namangan shahar “Abu Yusuf” jome masjidi  qorovulxonasi (masjid imom-xatibi Yusupov Bositxon)

“Eng boy kutubxona”

- Namangan shahar “Abu Yusuf” jome masjidi  kutubxonasi (masjid imom-xatibi Yusupov Bositxon)

G‘oliblar Namangan viloyat vakilligining diplom va tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

  

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Namangan viloyat vakilligi

Matbuot xizmati

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   30330   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar