بسم الله الرحمن الرحيم
Tavba – ibodat
Hurmatli jamoat! Dinimiz haqiqiy ma’noda insonparvar va rahm-shafqat dinidir. Alloh taolo bandalariga mehribon, ulardan sodir bo‘lgan xato va kamchiliklarni kechirishga doim tayyor. Shuning uchun Alloh taolo bandalari bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yganlarida ularni tavba qilishga chaqirdi:
وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
(سورة النور الاية-31)
ya’ni: “Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz” (Nur surasi, 31-oyat).
Mo‘min-musulmon kishi barcha gunohlardan tavba qilishi vojib bo‘ladi. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni chin tavba qilishga targ‘ib qildi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ
(سورة التحريم الاية-8)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa!” (Tahrim surasi, 8-oyat).
Chin tavba – darhol gunohdan to‘xtash, o‘tgan gunohlarga pushaymon bo‘lish, kelajakda o‘sha gunohni qilmaslikka azmu-qaror qilish, agar gunoh bandaning haqqiga bog‘liq bo‘lsa, haq egasini rozi qilishdir.
Qur’oni karim oyatlarining 87 ta o‘rnida tavbaga targ‘ib etilgan. Agar astoydil tavba qilinsa, har qanday gunohning kechirilishiga umid bor. Qur’oni karimda gunohlardan tavba qilmagan kishilarni “zolimlar” deb atalgan:
وَمَنْ لَمْ يَتُبْ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ
(سورة الحجرات الاية-11)
ya’ni: “Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o‘shalar (gunoh ishlar bilan o‘zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir” (Hujurot surasi, 11-oyat).
Alloh taolo o‘zining fazlu karami bilan jaholat tufayli gunoh qilib, keyin unga afsus-nadomat chekkan kishilarning gunohlarini kechirishini va’da qilgan:
إِنَّمَا التَّوْبَةُ عَلَى اللَّهِ لِلَّذِينَ يَعْمَلُونَ السُّوءَ بِجَهَالَةٍ ثُمَّ يَتُوبُونَ مِنْ قَرِيبٍ فَأُولَئِكَ يَتُوبُ اللَّهُ عَلَيْهِمْ وَكَانَ اللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمًا
(سورة النساء الاية-17)
ya’ni: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).
Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deydilar:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ تُوبُوا إِلَى اللهِ فَإِنِّي أَتُوبُ فِي الْيَوْمِ مِائَةَ مَرَّةٍ
(رَوَاهُ الْاِمَامِ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: “Ey, insonlar! Allohga tavba qilinglar. Zero men bir kunda yuz marta tavba qilaman” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning tavba qilishi va istig‘for aytishi gunoh sababidan emas. Chunki u zot sallalohu alayhi vasallam kattayu kichik gunohlardan pokdir. Lekin Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam kamtarlik qilib, Alloh taoloning azamatiga loyiq bandachilik qilolmadim deb hisoblaganlari uchun tavba qilganlar. Yana bu hadisda ummatlarini tavba va istig‘forga qiziqtirish ham bor. Zero gunohlardan pok zot bir kunda yuz marta tavba qilgan bo‘lsalar, gunohkorlarning holi qanday bo‘lishi kerak?
Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam:
لَوْ أَنَّ لِابْنِ آدَمَ وَادِياً مِنْ ذَهَبٍ أَحَبَّ أَنْ يَكُونَ لَهُ وَادِيَانِ وَلَنْ يَمْلَأَ فَاهُ إِلَّا التُّرَابُ وَيَتُوبُ اللهُ عَلَى مَنْ تَابَ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: “Odam bolasining bir vodiy to‘la oltini bo‘lsa, ikkita (oltin to‘la) vodiy bo‘lishini xohlaydi. Odamning og‘zini faqat tuproq to‘ldiradi. Alloh taolo tavba qilganning tavbasini qabul qiladi”, – deydilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Yuqorida keltirilgan oyatu hadislardan xulosa qilib aytish mumkinki, Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekanligi bandalarga katta bir ibratdir. Bunday bag‘rikenglikni Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam hayotlari davomida ham ko‘rsatib berdilar, hech qachon o‘zlari uchun g‘azab qilmadilar, birovdan o‘ch olmadilar, balki kechirdilar, kechirishga buyurdilar.
Hozirgi kunda Prezidentimiz rahbarligida davlatimiz hukumati yuqorida zikr qilinganidek avf etish va kechirimli bo‘lish yo‘lidan bormoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish to‘g‘risida Farmon qabul qilindi.
2018 yil 19 sentyabr kuni Prezidentimiz “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdilar va xalqimizda ming yillardan beri davom etib kelayotgan bag‘rikenglik va kechirimlilik xislatini namoyon qildilar.
Hazrati Umar raziyallohu anhu: “Ko‘p tavba qiluvchilar bilan hamsuhbat bo‘linglar. Chunki ular qalbi pok, halim kishilar bo‘ladi”, – deganlar. Ali ibn Tolib raziyallohu anhu tavba qiluvchilarni maqtab: “Najot topib ketgan kishining ahvolini qarang!”, – degandilar. “Najot nima”, – deb so‘rashdi. U zot: “Tavba va istig‘for”, – dedilar.
Abu Bakr Vositiy rahmatullohi alayhi: “Hamma narsada xotirjamlik yaxshi, lekin uch narsada yaxshi emas: namoz vaqti kelganda, mayyitni dafn qilishda va gunohdan tavba qilishda”, – dedilar.
Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam bizga tavbaning birinchi qadami bo‘lgan istig‘forning turli ko‘rinishlarini o‘rgatganlar va ularning orasida bittasini “istig‘forning ulug‘i” deb ataganlar:
سيِّدُ الاسْتِغْفار أَنْ يقُول الْعبْدُ: اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي، لا إِلَه إِلاَّ أَنْتَ خَلَقْتَني وأَنَا عَبْدُكَ، وأَنَا على عهْدِكَ ووعْدِكَ ما اسْتَطَعْتُ، أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ ما صنَعْتُ، أَبوءُ لَكَ بِنِعْمتِكَ علَيَّ، وأَبُوءُ بذَنْبي فَاغْفِرْ
لي، فَإِنَّهُ لا يغْفِرُ الذُّنُوبِ إِلاَّ أَنْتَ. منْ قَالَهَا مِنَ النَّهَارِ مُوقِناً بِهَا، فَمـاتَ مِنْ يوْمِهِ قَبْل أَنْ يُمْسِيَ، فَهُو مِنْ أَهْلِ الجنَّةِ، ومَنْ قَالَهَا مِنَ اللَّيْلِ وهُو مُوقِنٌ بها فَمَاتَ قَبل أَنْ يُصْبِح، فهُو مِنْ أَهْلِ الجنَّةِ
(رواه الامام البخاري)
ya’ni: “Istig‘forning ulug‘i banda: “Ey, Alloh! Sen Rabbimsan, sendan o‘zga iloh yo‘q. Sen meni yaratgansan, men sening bandangman. Toqatim yetganicha senga bergan ahdim va va’damda turibman. Qilgan amallarimning yomonligidan sendan panoh so‘rayman. Menga bergan ne’matlaring va gunohlarimni e’tirof etaman. Meni kechirgin, chunki sendan boshqa kechiruvchi yo‘q”, – deyishidir. Kim shu gapni kunduz kuni ishonch bilan aytsa va kechgacha vafot etsa, jannat ahlidan bo‘ladi. Kim shu gapni kechasi ishonch bilan aytsa va tong otguncha vafot etsa, jannat ahlidan bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Tavba to‘g‘risida So‘fiy Ollohyor bobomiz shunday deydilar:
Sani xalq aylagan Sultoni g‘olib,
Hamisha bandasidin tavba tolib.
Egamning mag‘firat daryosidur jo‘sh,
Ajabdur bandasidin g‘aflat og‘ush.
Egamdin lutfu rahmat bobin ochmoq,
Ajabdur bandasidin muncha qochmoq?!
Yotursan tobakay emdi uyang‘il,
Dilu joning bila Hazratg‘a yong‘il.
Na kim qilmishlaringdin tavba qilg‘il,
Boshing ko‘b yuqori qilma, egilg‘il.
Hurmatli jamoat! Mav’izamiz davomida mo‘min-musulmonlar imon keltirish lozim bo‘lgan narsalar haqidagi suhbatni davom ettiramiz.
Vatandoshimiz Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy “Aqidatun Nasafiya” kitobida shunday deydilar: “Alloh taoloning ilmi va irodasi bilan kofirlar va ba’zi gunohkor mo‘minlar uchun qabr azobi, qabrda toat ahlining ne’matlanishi hamda Munkar va Nakirning savol-javobi sam’iy dalillar bilan sobitdir. Qayta tirilish, (amallar) tarozusi, (nomai a’mol) kitobi, (dunyoda qilingan ishlaridan) savol so‘ralishi haqdir”.
يُثَبِّتُ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا بِالْقَوْلِ الثَّابِتِ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَفِي الْآَخِرَةِ
(سورة ابراهيم الاية-27)
ya’ni: “Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustuvor So‘z (imon kalimasi) bilan sobitqadam qilur...” (Ibrohim surasi, 27-oyat). “Mo‘minlarni imon kalimasi bilan sobitqadam qilishi” hadisi shariflarda ta’kidlanishicha, qabrda farishtalarning Payg‘ambarimiz alayhis-salom haqidagi savollariga: “U Allohning bandasi va rasuli”, – deb guvohlik berishidir.
Ulamolar qabr azobiga quyidagi oyati karimalar dalolat qiladi deydilar:
النَّارُ يُعْرَضُونَ عَلَيْهَا غُدُوًّا وَعَشِيًّا وَيَوْمَ تَقُومُ السَّاعَةُ أَدْخِلُوا آَلَ فِرْعَوْنَ أَشَدَّ الْعَذَابِ
(سورة الغافر الاية-46)
ya’ni: “(U azob qabrdagi bir) olovdirki, ular ertayu kech unga tutib turilurlar. Qiyomat qoyim bo‘ladigan kunda esa, (do‘zax farishtalariga): “Fir’avn zodagonlarini eng qattiq azobga kiritingiz!” (deyilur)” (G‘ofir surasi, 46-oyat).
مِمَّا خَطِيئَاتِهِمْ أُغْرِقُوا فَأُدْخِلُوا نَارًا
(سورة النوح الاية-25)
ya’ni: “Ular o‘z xato (gunoh)lari sababli g‘arq qilinib, (suv balosidan so‘ng) olovga kiritildilar” (Nuh surasi, 25-oyat).
فَوَرَبِّكَ لَنَسْأَلَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ
(سورة الحجر الاية- 92)
ya’ni: “Rabbingizga qasamki, albatta, ularning barchasini so‘roq qilgayman” (Hijr surasi, 92-oyati).
فَأَمَّا مَنْ ثَقُلَتْ مَوَازِينُهُ هُوَ فِي عِيشَةٍ رَاضِيَةٍ وَأَمَّا مَنْ خَفَّتْ مَوَازِينُهُ فَأُمُّهُ هَاوِيَةٌ
(سورة القارعة الايات-6-9)
ya’ni: “Bas, endi (o‘sha kuni) kimning tarozida tortilgan narsalari (savobli amallari) og‘ir kelsa, ana o‘sha qoniqarli maishatda (jannatda) bo‘lur. Ammo, kimning tarozida tortilgan narsalari (savobli amallari) yengil kelsa, uning joyi (do‘zaxdagi) “jarlik”dir” (Qoria surasi, 6-9-oyatlar).
فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ فَيَقُولُ هَاؤُمُ اقْرَءُوا كِتَابِيَهْ
(سورة الحاقه الاية-19)
ya’ni: “Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz!” (Al-Hoqqa surasi, 19-oyat).
وَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِشِمَالِهِ فَيَقُولُ يَا لَيْتَنِي لَمْ أُوتَ كِتَابِيَهْ وَلَمْ أَدْرِ مَا حِسَابِيَهْ
(سورة الحاقه الاية-26-25)
ya’ni: “Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam!” (Al-Hoqqa surasi, 25-26-oyatlar).
Alloh taolo barchamizga haqiqiy tavba qilishni nasib aylab, bizga O‘z rahmati bilan muomala qilsin! Nomai a’mollarimizni o‘ng tomonimizdan berib, ikki dunyoda yuzimizni yorug‘ qilsin.! Omin!
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati