Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

19.10.2018 y. Tavba – ibodat

13.10.2018   8748   14 min.
19.10.2018 y. Tavba – ibodat

بسم الله الرحمن الرحيم

Tavba – ibodat

         Hurmatli jamoat! Dinimiz haqiqiy ma’noda insonparvar va rahm-shafqat dinidir. Alloh taolo bandalariga mehribon, ulardan sodir bo‘lgan xato va kamchiliklarni kechirishga doim tayyor. Shuning uchun Alloh taolo bandalari bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yganlarida ularni  tavba qilishga chaqirdi:

وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

(سورة النور الاية-31)

ya’ni:Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz(Nur surasi, 31-oyat).

Mo‘min-musulmon kishi barcha gunohlardan tavba qilishi vojib bo‘ladi. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni chin tavba qilishga targ‘ib qildi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ

(سورة التحريم الاية-8)

ya’ni:Ey, imon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa!(Tahrim surasi, 8-oyat).

Chin tavba – darhol gunohdan to‘xtash, o‘tgan gunohlarga pushaymon bo‘lish, kelajakda o‘sha gunohni qilmaslikka azmu-qaror qilish, agar gunoh bandaning haqqiga bog‘liq bo‘lsa, haq egasini rozi qilishdir.

         Qur’oni karim oyatlarining 87 ta o‘rnida tavbaga targ‘ib etilgan. Agar astoydil tavba qilinsa, har qanday gunohning kechirilishiga umid bor.        Qur’oni karimda gunohlardan tavba qilmagan kishilarni “zolimlar” deb atalgan:

وَمَنْ لَمْ يَتُبْ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ

  (سورة الحجرات الاية-11)  

ya’ni: “Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o‘shalar (gunoh ishlar bilan o‘zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir” (Hujurot surasi, 11-oyat).

Alloh taolo o‘zining fazlu karami bilan jaholat tufayli gunoh qilib, keyin unga afsus-nadomat chekkan kishilarning gunohlarini kechirishini va’da qilgan:

إِنَّمَا التَّوْبَةُ عَلَى اللَّهِ لِلَّذِينَ يَعْمَلُونَ السُّوءَ بِجَهَالَةٍ ثُمَّ يَتُوبُونَ مِنْ قَرِيبٍ فَأُولَئِكَ يَتُوبُ اللَّهُ عَلَيْهِمْ وَكَانَ اللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمًا

(سورة النساء الاية-17)

ya’ni: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deydilar:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ تُوبُوا إِلَى اللهِ فَإِنِّي أَتُوبُ فِي الْيَوْمِ مِائَةَ مَرَّةٍ

(رَوَاهُ الْاِمَامِ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: Ey, insonlar! Allohga tavba qilinglar. Zero men bir kunda yuz marta tavba qilaman (Imom Buxoriy rivoyati).

         Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning tavba qilishi va istig‘for aytishi gunoh sababidan emas. Chunki u zot sallalohu alayhi vasallam kattayu kichik gunohlardan pokdir. Lekin Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam kamtarlik qilib, Alloh taoloning azamatiga loyiq bandachilik qilolmadim deb hisoblaganlari uchun tavba qilganlar. Yana bu hadisda ummatlarini tavba va istig‘forga qiziqtirish ham bor. Zero gunohlardan pok zot bir kunda yuz marta tavba qilgan bo‘lsalar, gunohkorlarning holi qanday bo‘lishi kerak?

Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam:

لَوْ أَنَّ لِابْنِ آدَمَ وَادِياً مِنْ ذَهَبٍ أَحَبَّ أَنْ يَكُونَ لَهُ وَادِيَانِ وَلَنْ يَمْلَأَ فَاهُ إِلَّا التُّرَابُ وَيَتُوبُ اللهُ عَلَى مَنْ تَابَ

(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: “Odam bolasining bir vodiy to‘la oltini bo‘lsa, ikkita (oltin to‘la) vodiy bo‘lishini xohlaydi. Odamning og‘zini faqat tuproq to‘ldiradi. Alloh taolo tavba qilganning tavbasini qabul qiladi”, – deydilar (Imom Buxoriy rivoyati).

         Muhtaram jamoat! Yuqorida keltirilgan oyatu hadislardan xulosa qilib aytish mumkinki, Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekanligi bandalarga katta bir ibratdir. Bunday bag‘rikenglikni Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam hayotlari davomida ham ko‘rsatib berdilar, hech qachon o‘zlari uchun g‘azab qilmadilar, birovdan o‘ch olmadilar, balki kechirdilar, kechirishga buyurdilar.

Hozirgi kunda Prezidentimiz rahbarligida davlatimiz hukumati yuqorida zikr qilinganidek avf etish va kechirimli bo‘lish yo‘lidan bormoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish to‘g‘risida Farmon qabul qilindi.

2018 yil 19 sentyabr kuni Prezidentimiz “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdilar va xalqimizda ming yillardan beri davom etib kelayotgan bag‘rikenglik va kechirimlilik xislatini namoyon qildilar.   

         Hazrati Umar raziyallohu anhu: “Ko‘p tavba qiluvchilar bilan hamsuhbat bo‘linglar. Chunki ular qalbi pok, halim kishilar bo‘ladi”, – deganlar. Ali ibn Tolib raziyallohu anhu tavba qiluvchilarni maqtab: “Najot topib ketgan kishining ahvolini qarang!”, – degandilar. “Najot nima”, – deb so‘rashdi. U zot: “Tavba va istig‘for”, – dedilar.

         Abu Bakr Vositiy rahmatullohi alayhi: “Hamma narsada xotirjamlik yaxshi, lekin uch narsada yaxshi emas: namoz vaqti kelganda, mayyitni dafn qilishda va gunohdan tavba qilishda”, – dedilar.

         Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam bizga tavbaning birinchi qadami bo‘lgan istig‘forning turli ko‘rinishlarini o‘rgatganlar va ularning orasida bittasini “istig‘forning ulug‘i” deb ataganlar:

سيِّدُ الاسْتِغْفار أَنْ يقُول الْعبْدُ: اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي، لا إِلَه إِلاَّ أَنْتَ خَلَقْتَني وأَنَا عَبْدُكَ، وأَنَا على عهْدِكَ ووعْدِكَ ما اسْتَطَعْتُ، أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ ما صنَعْتُ، أَبوءُ لَكَ بِنِعْمتِكَ علَيَّ، وأَبُوءُ بذَنْبي فَاغْفِرْ

لي، فَإِنَّهُ لا يغْفِرُ الذُّنُوبِ إِلاَّ أَنْتَ. منْ قَالَهَا مِنَ النَّهَارِ مُوقِناً بِهَا، فَمـاتَ مِنْ يوْمِهِ قَبْل أَنْ يُمْسِيَ، فَهُو مِنْ أَهْلِ الجنَّةِ، ومَنْ قَالَهَا مِنَ اللَّيْلِ وهُو مُوقِنٌ بها فَمَاتَ قَبل أَنْ يُصْبِح، فهُو مِنْ أَهْلِ الجنَّةِ

 (رواه الامام البخاري)

ya’ni: “Istig‘forning ulug‘i banda: “Ey, Alloh! Sen Rabbimsan, sendan o‘zga iloh yo‘q. Sen meni yaratgansan, men sening bandangman. Toqatim yetganicha senga bergan ahdim va va’damda turibman. Qilgan amallarimning yomonligidan sendan panoh so‘rayman. Menga bergan ne’matlaring va gunohlarimni e’tirof etaman. Meni kechirgin, chunki sendan boshqa kechiruvchi yo‘q”, – deyishidir. Kim shu gapni kunduz kuni ishonch bilan aytsa va kechgacha vafot etsa, jannat ahlidan bo‘ladi. Kim shu gapni kechasi ishonch bilan aytsa va tong otguncha vafot etsa, jannat ahlidan bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Tavba to‘g‘risida So‘fiy Ollohyor bobomiz shunday deydilar:

Sani xalq aylagan Sultoni g‘olib,

Hamisha bandasidin tavba tolib.

Egamning mag‘firat daryosidur jo‘sh,

Ajabdur bandasidin g‘aflat og‘ush.

Egamdin lutfu rahmat bobin ochmoq,

Ajabdur bandasidin muncha qochmoq?!

Yotursan tobakay emdi uyang‘il,

Dilu joning bila Hazratg‘a yong‘il.

Na kim qilmishlaringdin tavba qilg‘il,

Boshing ko‘b yuqori qilma, egilg‘il.

Hurmatli jamoat! Mav’izamiz davomida mo‘min-musulmonlar imon keltirish lozim bo‘lgan narsalar haqidagi suhbatni davom ettiramiz.

Vatandoshimiz Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy “Aqidatun Nasafiya” kitobida shunday deydilar: “Alloh taoloning ilmi va irodasi bilan kofirlar va ba’zi gunohkor mo‘minlar uchun qabr azobi, qabrda toat ahlining ne’matlanishi hamda Munkar va Nakirning savol-javobi sam’iy dalillar bilan sobitdir. Qayta tirilish, (amallar) tarozusi, (nomai a’mol) kitobi, (dunyoda qilingan ishlaridan) savol so‘ralishi haqdir”.

  • Qabrda bandalarga azob yoki ne’mat bo‘lishiga imon keltiramiz. Qabrda ikki farishda Munkar va Nakir (bunday nomlanishiga sabab ular bandalarga notanish va qo‘rqinchli ko‘rinishda bo‘lgani uchundir) savoliga imon keltiramiz. Mayyitni dafn qiluvchilar qabrdan uzoqlashishi bilan Munkar va Nakir undan Rabbisi, dini va payg‘ambari haqida so‘raydilar. Mo‘min kishi javob beradi, kofir kishi esa hayratda qolib javob bera olmaydi. Javoblarga qarab farishtalarning azoblashi va qabr qisishi ro‘y beradi. Qabr kufr ahli uchun do‘zax chohlaridan bir choh, toat ahli uchun jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘ladi. Qabrdan do‘zaxga yoki jannatga darcha ochib qo‘yiladi. U darchalardan do‘zaxning olovi va nafasi yoki jannatning xushbo‘ylari va ne’matlari kirib turadi. Qabr hayoti “Barzax” deb ataladi va u qiyomatgacha davom etadi. Bu ma’lumotlar bir qancha hadislarda zikr qilingan. Qur’oni karimning Ibrohim surasida shunday marhamat qilinadi:

يُثَبِّتُ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا بِالْقَوْلِ الثَّابِتِ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَفِي الْآَخِرَةِ

(سورة ابراهيم الاية-27)

ya’ni: “Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustuvor So‘z (imon kalimasi) bilan sobitqadam qilur...” (Ibrohim surasi, 27-oyat). “Mo‘minlarni imon kalimasi bilan sobitqadam qilishi” hadisi shariflarda ta’kidlanishicha, qabrda farishtalarning Payg‘ambarimiz alayhis-salom haqidagi savollariga: “U Allohning bandasi va rasuli”, – deb guvohlik berishidir.

  Ulamolar qabr azobiga quyidagi oyati karimalar dalolat qiladi deydilar:

النَّارُ يُعْرَضُونَ عَلَيْهَا غُدُوًّا وَعَشِيًّا وَيَوْمَ تَقُومُ السَّاعَةُ أَدْخِلُوا آَلَ فِرْعَوْنَ أَشَدَّ الْعَذَابِ

(سورة الغافر الاية-46)

ya’ni:(U azob qabrdagi bir) olovdirki, ular ertayu kech unga tutib turilurlar. Qiyomat qoyim bo‘ladigan kunda esa, (do‘zax farishtalariga): “Fir’avn zodagonlarini eng qattiq azobga kiritingiz!” (deyilur)” (G‘ofir surasi, 46-oyat).

مِمَّا خَطِيئَاتِهِمْ أُغْرِقُوا فَأُدْخِلُوا نَارًا

(سورة النوح الاية-25)

ya’ni: “Ular o‘z xato (gunoh)lari sababli g‘arq qilinib, (suv balosidan so‘ng) olovga kiritildilar” (Nuh surasi, 25-oyat).

  • Insoniyat qayta tirilgandan keyin Alloh taolo tomonidan, ilmi va amali (buyruq va qaytariqlariga qanday amal qilgani), molni qayerdan topgani va qayerga sarflagani, umrini qanday o‘tkazgani va ne’matlarga shukronasi haqida savol javob qilinishiga imon keltiramiz. Ba’zi rivoyatlarda bandadan so‘raladigan eng avvalgi so‘roq namozdan bo‘lishi, shundan yaxshi o‘tsa, qolgani oson bo‘lishi zikr qilingan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:

فَوَرَبِّكَ لَنَسْأَلَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ

(سورة الحجر الاية- 92)

ya’ni: “Rabbingizga qasamki, albatta, ularning barchasini so‘roq qilgayman” (Hijr surasi,  92-oyati).

  • Qiyomat kunida amallar: savoblar va gunohlar tarozuda tortiladi. Odamlarga dunyoda qilgan ishlari farishtalar tomonidan bitib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Mo‘min-musulmonlarga o‘ng va old tomondan, ahli kufrga chap va orqa tomondan beriladi. Quyidagi oyatlarda yuqoridagi ma’nolar zikr qilingan:

فَأَمَّا مَنْ ثَقُلَتْ مَوَازِينُهُ هُوَ فِي عِيشَةٍ رَاضِيَةٍ وَأَمَّا مَنْ خَفَّتْ مَوَازِينُهُ فَأُمُّهُ هَاوِيَةٌ

(سورة القارعة الايات-6-9)

ya’ni: “Bas, endi (o‘sha kuni) kimning tarozida tortilgan narsalari (savobli amallari) og‘ir kelsa, ana o‘sha qoniqarli maishatda (jannatda) bo‘lur. Ammo, kimning tarozida tortilgan narsalari (savobli amallari) yengil kelsa, uning joyi (do‘zaxdagi) “jarlik”dir” (Qoria surasi, 6-9-oyatlar).

فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ فَيَقُولُ هَاؤُمُ اقْرَءُوا كِتَابِيَهْ

(سورة الحاقه الاية-19)

ya’ni:Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: Mana, mening kitobimni o‘qingiz!(Al-Hoqqa surasi, 19-oyat).

وَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِشِمَالِهِ فَيَقُولُ يَا لَيْتَنِي لَمْ أُوتَ كِتَابِيَهْ وَلَمْ أَدْرِ مَا حِسَابِيَهْ

(سورة الحاقه الاية-26-25)

ya’ni: “Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam!” (Al-Hoqqa surasi, 25-26-oyatlar).

Alloh taolo barchamizga haqiqiy tavba qilishni nasib aylab, bizga O‘z rahmati bilan muomala qilsin! Nomai a’mollarimizni o‘ng tomonimizdan berib, ikki dunyoda yuzimizni yorug‘ qilsin.! Omin! 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   38527   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA