Qur’oni karim – ilohiy kitob, bashariyat uchun hidoyat mayog‘i. Asrlar osha jozibadorligi, mo‘jizakorligi bilan olam ahlini lol qilib kelmoqda. Unga bo‘lgan muhabbat kun sayin oshib bormoqda. Ajdodlardan avlodlarga o‘tib, sayqal topib, yod olinib, amal qilinib kelinmoqda. Tilovat paytida et jimirlaydi, ko‘z yoshlanadi, qalb titraydi. Bu bejiz emas, albatta. Ana shunday muborak kalomga bo‘lgan e’tibor, hurmat-ehtirom har bir kishining qalbida sayqal topadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kitobni o‘rganishga, yod olishga va uni o‘rgatishga undaganlar.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganganlaringiz va o‘rgatganlaringizdir», dedilar» (Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).
Muqaddas kalomni yod olgandan keyin uni asrab-avaylash, takrorlab turish ham kerak. Aks holda, Qur’oni Karimni yod olgandan keyin beparvo bo‘lsa, u xotiradan ko‘tarilib ketishi hech gap emas.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qur’ondan xabar olib turinglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, u qochoqlikda tushovda turgan tuyadan ham ashaddiyroqdir», dedilar» (Muttafaqun alayh).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Qur’on sohibining misoli xuddi tushovlangan tuya sohibiga o‘xshashdir. Agar undan xabar olib tursa, uni tutib qoladi. Tek qo‘ysa, ketib qoladi», dedilar» (Muttafaqun alayh).
Imom Buxoriy va imom Termiziy bobomizdan rivoyat qilingan hadisi shariflarning birida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan biringizning falon, falon oyatni unutdim, demog‘i qandoq ham yomon. Lekin u unutdirilgandir. Qur’onni yodingizda turishi uchun harakat qiling. Albatta, u odamlarning ko‘ksidan chiqishda qochoq tuyadan ham ashaddiydir», deganlar».
Tuyasini tushovlab qo‘ygan odam undan tez-tez xabar olib turmasa, tuya ketib qolishi turgan gap. Xuddi shunga o‘xshab Qur’oni Karimni yod olgan odam ham uni tez-tez takror qilib turishi lozim. Sal beparvo bo‘lsa, esidan chiqib qolishi turgan gap. Qur’oni Karimni yod olgan odam uni esdan chiqarib qo‘ymaslik uchun doimo takrorlab yurmog‘i kerak.
Yod olgan sura yoki oyatlarini unutib qo‘yishning oqibati esa naqadar yomon. Vohalanki, bu narsa gunohning o‘zginasi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Menga ummatimning gunohlari ko‘rsatildi. Qur’ondan bir sura yoki oyat unga berilganda unutib qo‘ygan odamdan ko‘ra katta gunohni ko‘rmadim», dedilar» (Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan).
Allohning kalomiga e’tiborsiz bo‘lish kerak emas. Shu kalom biz uchun hidoyat. Shunga iymon keltirganlar mo‘min. Shuning uchun hadisi shariflarda yod olgan oyatlarini yoddan chiqarish qattiq qoralangan.
Qur’onni unutmasligimiz uchun uni doimo takrorlab turishimiz zarur bo‘ladi. Alloh taolo uning har bir kalimasiga, har bir harfiga ko‘plab savoblarni ato etadi. Buni doimo his qilib yashamoq kerak.
Romitan tuman bosh imom xatibi.
Otabek Raximov.
O‘MI matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).