Yaxshi niyat va ezgu amallar sohibini jannat sari yetaklovchi ishlar ekani ma’lum. Inson niyatini to‘g‘ri qilsa, nafsini turli yomonliklardan poklasa, albatta, u dunyo va oxiratda baxtlilar qatorida bo‘ladi. Alloh taolo: “(Qasamyod etaman), haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur”, deydi (Shams, 9). Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ushbu mazmunli oyatni tilovat qilganlaridan so‘ng, Alloh taologa bunday duo qilar ekanlar: «Yo Alloh, nafsimga taqvo ato et, O‘zing uning Xojasisan va eng yaxshi Poklaguvchisan».
Nafsni poklash Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rqib gunohlardan tiyilish, imonni quvvatlantiradigan amallarda davomli bo‘lish va Undan mag‘firat so‘rab, ixlos bilan tavba qilish bilan bo‘ladi. Gunohlardan tiyilmagan bandaning qalbi xotirjam bo‘lolmaydi va ibodati ham halovatsiz kechadi. Hazrat Ali (roziyallohu anhu) bunday nasihat qiladi: «Dunyoga hirs qo‘yishdan qalbda zulmat paydo bo‘ldi. Alloh taolo g‘azabidan qo‘rquv, qanoat, Qur’oni karimga amal qilish va oxiratga tayyorgarlik ko‘rish kabi amallar u (zulmat)ni tarqatib yuboradi».
Shubhasiz, Alloh taologa muhabbat, qo‘rquv insonni kamtarin, sabrli, amallarda, Yaratganni ko‘rmasa ham, U ko‘rib turganini his etadigan qilib qo‘yadi. Hadisda: «Alloh taoloni ko‘rib turganingdek ibodat qil. Garchi sen Uni ko‘rmasang ham U seni ko‘radi» (Imom Muslim rivoyati), deyilgan. Donishmandlar, Haq taolodan qo‘rqqan inson nafsini har soniyada nazorat qilib, xuddi tijoratdagi sherigi bilan hisob-kitob qilganidek, u bilan hisoblashadi, deyishgan.
Gunohlardan saqlanib, yaxshilik qiluvchilarga jannat va’da qilingan. Unga erishish yo‘li esa oson kechmaydi. Qur’oni karimda: «Alloh taqvoli bo‘lganlar va ezgu ish qiluvchilar bilan (hamisha) birgadir» (Nahl, 128),deyilgan.
Shu bois mo‘min kishi dunyoga mukkasidan ketmagan, qo‘li va tili bilan boshqalarga zararsiz, yomon so‘z va ishlarni qilmaydigan, ibodatlarda g‘ayratli bo‘lmog‘i lozim. Qiyinchilik va kenglik kunlarida ham saxiy, qalbi keng bo‘lish qo‘rquvning belgisi, deb bayon qilingan. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) kishilarning hurmatlisi kim, deb so‘rashganida, u zot: «Ulardan eng taqvolisi», deb aytganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Qur’oni karimda taqvodorlar uchun tayyorlangan kengligi osmonu yerga teng jannatga shoshilishga buyurilgan. Mufassirlar, jannatga shoshilish bu ibodatlarni vaqtida ado etish, jamoatni tark etmaslik, tavba va ixlosda davomli bo‘lish kabi amallardir (Nasafiy tafsiri, 1 jild, 182 bet), deydi. Demak, jannatga erishishning eng oson yo‘li ezgu niyat va yaxshi amallar bo‘ladi. Shunda nafs ham poklanadi va inson najot topadi.
Katta-kichik, ahamiyatli-ahamiyatsiz demasdan har bir ishda, kundalik turmushimizda niyatimizni o‘nglab ish tutishimiz kerak bo‘ladi. Masalan, ko‘chaga chiqish oldidan o‘zingizga xushbo‘y atir sepmoqchi bo‘ldingiz. Agar bundan odamlar sizdan ozorlanmasliklarini, balki xushbo‘ylikdan qalblari sururga to‘lishini niyat qilgan bo‘lsangiz, ana shu niyatingiz savobga sazovordir. Bordi-yu, uni boshqa g‘arazli niyatda yoki kibrlanish uchun sepgan bo‘lsangiz, mukofotga erishish tugul, gunohkor bo‘lasiz. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Kim Alloh roziligi yo‘lida xushbo‘y narsa surtsa, uning hidi qiyomat kuni mushk-anbar hididay bo‘lur, kim Allohdan o‘zganing roziligi niyatida xushbo‘ylansa, qiyomat kuni uning hidi o‘laksanikidan ham jirkanch bo‘lur”.
Niyatning makoni qalbdir. Shuning uchun amallarimiz qabul bo‘lishi uchun qalbdan niyat qilish, har bir ishni chin ixlos bilan kirishish zarur bo‘ladi. Ayni paytda niyatni til bilan izhor etish yanada yaxshidir. Niyat qilingan zahoti uni amalga oshirish lozim. Agar boshlashning vaqtini aniqlash qiyin bo‘lsa, imkon topilganda niyat qilinadi. Har bir narsaga alohida niyat qilgan ma’qul.
Shuning uchun mo‘minning niyatsiz amali savob kasb etmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlarki: “Niyatsiz bajarilgan amal uchun ajr yo‘qdir”.
Beniyat amal mashaqqatdir. Ixlossiz niyat riyodir, ro‘yobga chiqmagan ixlos bekordir. Sidq va ixlos bandaning najot topishi uchun vasiladir. Bu ikki narsa haqiqatini bilganidan keyin u amal bilan niyatni to‘g‘rilaydi.
Bir hadisi sharifda bunday deyilgan: “Mo‘minning niyati uning amalidan yaxshidir” Imom Bayhaqiy rivoyati.
O‘tmishdagi solihlardan biri: “Men har bir narsada niyatim bo‘lishini juda ham yaxshi ko‘raman. Hatto taom yeyish, suv ichish, uyquga ketishda niyatim bo‘lishini istayman”, degan. Kim taom tanovul etishdan ibodatga quvvat bo‘lishini, uylanishdan dinini mustahkamlashni va o‘zini gunohdan tiyishni hamda o‘zidan keyin salohiyatlik farzand ato etilishini niyat qilsa, bu niyatlariga yarasha savob oladi. Harakatlaringiz, so‘zlaringizdan biror narsani kichik, arzimagan narsa deb hisoblamang. Hisob berishdan oldin hisob-kitobingizni ehtiyot qiling. Qiladigan amalingizdan oldin niyatingizni to‘g‘rilang. Xalqimizda “Niyatingni yaxshi qil”, degan hikmatli so‘z bor. O‘zingizdan keyin tark etadigan narsalar borasidagi niyatingizga ham e’tibor bering.
Shuning uchun ham yurtimizdagi har bir ota-ona yetuk va komil farzandlar tarbiyalashni hayotdagi eng ulug‘ niyat va muqaddas maqsad deb biladi. Boshlangan “Sog‘lom avlod” yilida yaratganning o‘zi ana shu ezgu niyat va orzularimizga yetishishda hammamizga yoru-madadkor bo‘lsin. Yaxshi niyatli, yaxshi amalli va ixlosli bandalari jumlasidan aylasin!
A.Boboyev
Shovot tumani “Vayangan bobo” masjidi imom-xatibi
O‘MI matbuot xizmati
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD