بسم الله الرحمن الرحيم
OTA-ONAGA EHTIROM – VOJIB
Muhtaram jamoat! Islom dini insonning to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketmasligi uchun har bir ishda o‘z ko‘rsatmalarini berib boradi. Shu jumladan, ota-ona haqlarini farzandlar zimmasiga yuklab, ularga doimo hurmatda bo‘lishga buyuradi. Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning roziliklarini topishga amr qilinadi. Ota-onaga zinhor ozor bermaslik va ularning so‘zlariyu fe’llarini hech malol olmaslikka buyuradi. Bu haqda Alloh taolo Isro surasida shunday marhamat qiladi:
وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا (سورة الإسراء 23).
ya’ni: “Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt” (Isro surasi, 23‑oyat).
Mazkur oyatda Alloh taolo o‘ziga ibodat qilishga chaqirgan amridan keyinoq ota-onaga yaxshilik qilishni ta’kidlamoqda. Bu hol o‘z navbatida Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini bildiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ko‘plab hadisi shariflarida ota-onaga yaxshilik qilish, ularning xizmatlarini qilib, duolarini olishga targ‘ib qilganlar. Jumladan:
عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَيُّ الأَعْمَالِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: "الصَّلاَةُ لِوَقْتِهَا"، قَالَ: قُلْتُ: ثُمَّ أَيُّ؟ قَالَ: "بِرُّ الْوَالِدَيْنِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ وَالْإِمَامُ مُسْلِمٌ).
ya’ni: “Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Amallarning qaysi biri afzal?”, – deb so‘radim. “Vaqtida o‘qilgan namoz”, – dedilar. “Keyin nima?”, – dedim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandning umri ziyoda va rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishi haqida Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُمَدَّ لَهُ فِى عُمْرِهِ وَيُزَادَ لَهُ فِى رِزْقِهِ فَلْيَبَرَّ وَالِدَيْهِ وَلْيَصِلْ رَحِمَهُ"
(رَوَاهُ الْإِمَامُ أحمدُ بْنُ حَنْبَلٍ فِي مُسْنَدِهِ).
ya’ni: “Kimni umri uzun va rizqi keng bo‘lishi hursand qilsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin”, – dedilar” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).
Ota-onasiga yaxshilik qilgan farzandlarga jannat eshiklari ochilishi haqida quyidagi hadis kelgan:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ أَبَوَانِ، فَيُصْبِحُ وَهُوَ مُحْسِنٌ إِلَيْهِمَا إِلَّا فُتِحَ لَهُ بَابَانِ مِنَ الْجَنَّةِ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ).
ya’ni: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmonning ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib tong ottirgan bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyat qilganlar).
Alloh taolo o‘zining roziligi va g‘azabini ota-onaning roziligi va g‘azabiga bog‘lab qo‘ydi:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: رَضَى الرَّبِّ فِي رِضَى الْوَالِدِ وَسَخَطُ الرَّبِّ فِي سَخَطِ الْوَالِدِ (رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rabbning roziligi ota (ona)ning roziligida, Rabbning g‘azabi ota (ona)ning g‘azabidadir” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ota-onadan yetim qolgan bo‘lsalar ham, emizgan onalariga nisbatan yuksak hurmat namunalarini ko‘rsatganlar. Ibn Sa’dning “Tabaqot” kitobida yozilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Xadicha onamizga uylanib, Makkada yashab turganlarida yonlariga Halimai Sa’diya kelib: “Qahatchilik tufayli hayot kechirish juda ham qiyinlashib ketdi, qurg‘oqchilikdan hayvonlar qirilib ketmoqda” – deb aytadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz bilan maslahatlashib unga qirqta qo‘y va bitta tuya beradilar.
Hatto bir kuni Halimai Sa’diya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yonlariga kelganida o‘rinlaridan turib:“Onajon!, onajon!”, – deb hurmat va muhabbat ko‘rsatganlari, ridolarini yerga solib unga o‘tqazganlari ham naql qilingan. Halimai Sa’diya roziyallohu anho Madinadagi Baqi’ qabristoniga dafn qilingan.
Muhtaram ota-onalar farzandlari kamoli, ularning chin inson bo‘lib ulg‘ayishlari, ta’lim-tarbiya olishlari, kasbu hunar o‘rganishlari yo‘lida jonlarini, mollarini, kuch-g‘ayratlarini safarbar etishadi. Farzandga kelgan balo-qazolarga ko‘ksilarini qalqon qilishadi. Ammo ayrim yoshlarimiz ota-onalariga qo‘pol muomalada bo‘lib, dillarini ranjitib, o‘zining yomon xulqi bilan el orasida ota-onasini sharmanda qiladigan, keksaygan chog‘larida e’zozlab parvarishlash o‘rniga, qarovsiz tashlab qo‘yadigan yoki qariyalar uyiga jo‘natadigan nobakor farzandlar ham uchrab turishi sir emas. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "بِرُّوا آباَئَكُمْ تَبَرُّكُمْ اَبْنَائُكُمْ وَعِفُّوا تَعِفُّ نِسَاءُكَمْ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْحَاكِمُ)
ya’ni: “Ota (ona)laringizni hurmatlab, ularga yaxshilik qilinglar, shunda farzandlaringiz ham sizlarga yaxshilik qilishadi. Iffatli bo‘linglar, shunda ayollaringiz ham iffatli bo‘lishadi” (Imom Hokim rivoyati).
Dono xalqimizda “Nimani eksang, shuni o‘rasan”, “Ota rozi – Xudo rozi” kabi ajoyib hikmatlar bor. Har bir erkak va ayol bu hikmatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zini o‘nglashi, xato qilgan bo‘lsa, darrov ota-onalaridan uzr so‘rab, ularning ko‘nglini topish, dillaridan ozorni ketkazish payida bo‘lishi darkor!
قَالَ أَبُو مُوسَى الْأَشْعَرِيُّ رضي الله عنه شَهِدَ اِبْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا رَجُلاً يَماَنِيًّا يَطُوفُ بِالْبَيْتِ حَمَلَ أُمَّهُ وَرَاءَ ظَهْرِهِ يَقُولُ: إِنّي لَهَا بَعِيْرُهَا الْمُذَلَّلُ ... إِنْ أَذْعَرَتْ رِكَابُهَا لَمْ أُذْعِرْ ثُمَّ قَالَ: يَا ابْنَ عُمَرَ أَتَرَانِيْ جَزَيْتُهَا قَالَ: "لَا، وَلَا بِزَفْرَةٍ وَاحِدَةٍ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ).
ya’ni: Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu aytadilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo bir Yamanlik kishi o‘z onasini yelkasiga ko‘targan holda Ka’batullohni tavof ettirib yurganini ko‘rdilar. U odam tinmay quyidagi baytni aytar edi:
Onai zorim uchun bo‘ynini eggan tuyaman,
Tuya mingan onam horisada, men horimasman.
Bu baytni o‘qir ekan haligi kishi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoga qarab: “Ey Abdulloh, mana shu xizmatim bilan onamning haqqini ado qila oldimmi?”, – deb so‘radi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: “Yo‘q! Bu xizmating onangning sen tufayli bitta oh tortganiga ham teng kelmaydi”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Tobeinlardan biri Muhammad ibn Munkadir rahmatullohi alayhi har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey, onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosib o‘ting va mening yuzlarimni do‘zaxdan qutqaring”, – der ekan.
Ota-ona vafotlaridan keyin ham farzandlar o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado etishlari lozim.
عَنْ أَبِيْ أُسَيْدِ السَاعِدِي رضي الله عنه قَالَ: بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم إِذْ جَاءَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ: هَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌ أَبَرُّهُمَا بِهِ بَعْدَ مَوْتِهِمَا؟ قَالَ: "نَعَمْ، الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحْمِ الَّتِي لاَ تُوْصَلُ إِلَّا بِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيْقِهِمَا" (رَوَاهُ الْإمَامُ أَبُو دَاوُدَ).
ya’ni: Abu Usayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlarida edik. Bunu Salama qabilasidan bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men uchun ota-onam dunyodan o‘tganidan keyin ham qiladigan yaxshilik qoldimi?”, – deb so‘radi. “Ha, ularning haqlariga duo qilish, istig‘for aytish, ahdlarini bajarish, ota-ona orqali qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilish va do‘stlarini hurmat qilish”, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ota-onaning do‘stlik aloqalarini saqlash to‘g‘risida shunday deganlarini rivoyat qiladi:
اِحْفَظْ وُدَّ أَبِيكَ، لَا تَقْطَعْهُ، فَيُطْفِىءَ اللهُ نُورَكَ (أَخْرَجَهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ).
ya’ni: “Otangning do‘stlari bilan aloqani saqla, uni uzib qo‘yma, aks holda Alloh nuringni o‘chirib qo‘yadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Ota-onaga yaxshilik qilish gunohi kabiralar uchun kafforatdir”, – deganlar.
Ota-onasi vafot etganlaridan keyin ham yaxshilik qilishni istagan farzandlar ota-onalari nomidan xayru sadaqa va ehsonlar qilsinlar. Qilgan sadaqalari savobini ota-onalariga bag‘ishlasalar, manfaati ularga yetadi. Ota-onadan so‘ng ularning qarindoshlariga, do‘st va dugonalariga yaxshilik qilgan farzand xuddi ota-onasiga yaxshilik qilgan bilan barobar bo‘lib, umriga ham baraka beriladi.
Farzand ota-onaning roziligini olish uchun quyidagi amallarni bajarishi tavsiya etiladi.
Hurmatli jamoat! Mav’iza davomida imon asoslariga taalluqli bo‘lgan masalalarni zikr qilib o‘tamiz.
Imon va uning ruknlarini bilish har bir mo‘min-musulmonga farzi ayn hisoblanadi. Shu sababli imon va uning ruknlari haqida qisqacha to‘xtalamiz. Imon mo‘tabar aqoid kitoblarimizda quyidagicha ta’riflanadi va uning rukni ikkita: “Imon qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo‘lishdir” (Biz amal qiladigan Moturidiya aqidaviy mazhabida shariat ahkomlariga amal qilish imon ta’rifiga kiritilmagan bo‘lsa ham, imon taqozo qilgan narsalarga amal qilish vojib bo‘ladi).
Imon keltirish kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Ularning eng asosiylari quyidagilar:
آمَنْتُ بِاللهِ وَمَلاَئِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ وَالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ مِنَ اللهِ تَعَالَى وَالْبَعْثِ بَعْدَ الْمَوْتِ
ya’ni: Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekaniga, o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga imon keltirdim.
Inshaalloh, kelgusi jumalarda bulardan boshqa, jannat, do‘zax, hisob-kitob, amallar tortiladigan tarozu, sirot ko‘prigi va boshqa aqoid kitoblarda keltirilgan narsalarga imon keltirish haqida suhbatlashamiz.
Alloh taolo barchamizni imon va islomda sobitqadam qilsin, bizni tarbiya qilgan marhum ota-onalarimizni rahmatiga olsin, hayot bo‘lsalar umrlariga baraka bersin! Omin!
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM